Aroqning xurmacha qiliqlari

2019 yil noyabr oyining boshlarida Dilshodning (ismlar o‘zgartirilgan) qo‘shnisi G‘olib aka o‘g‘liga sunnat to‘y qildi. Dasturxonda yo‘q narsaning o‘zi yo‘q...

To‘yga Dilshod aka-ukalari bilan borib, qo‘shnilari Bahodir, Mavlon, Furqat, Jamshid va Dostonlar bilan bir stol atrofida o‘tirib, ovqatlandi, aroq ichdi. Aroq xotirani yaxshilarmikan, u Jamshid bilan oldin bo‘lgan o‘zaro kelishmovchiligi, ya’ni ukasi va unga haqoratomuz munosabatda bo‘lganligi sababli o‘zaro tortishib qolganligini esladi. O‘z navbatida, to‘yda ham Jamshid aroq ta’sirida uni nojo‘ya so‘zlar bilan haqorat qildi.

G‘azabdan gezargan Dilshod to‘yda ko‘p o‘tirmasdan, janjalning oldini olish uchun ukasi Akmal, amakilari G‘iyos va Zoirlar bilan uyga qaytdi.

Akasi Xurram esa to‘yxonadan kelavermagach, ukasi Akmal bilan to‘yxonaga borish uchun ko‘chaga chiqdi. Shu payt Jamshid bilan ukasi Bahodir mast holatda to‘yxonadan qaytayotganligini ko‘rib, tortishib qolmaslik uchun uyga qaytayotganida Jamshid uni nojo‘ya so‘zlar bilan haqorat qilib baqirdi. Tabiiyki, ikkalasi o‘zaro aytishib qoldi. Jamshid uning ko‘kragiga mushtlab qolgach, Dilshod bunga javoban uning duch kelgan joyiga urib, tepdi.

Voqea joyiga har ikkalasining qarindoshlari yig‘ilib, janjalning oldini olish o‘rniga barchasi bir-birlarini qo‘llariga ilingan narsa bilan ura boshladi.

Shu orada Dilshodni kimdir urdi, zarba ta’sirida u ariqqa yiqilib tushdi. Jahl bilan shu yerda yotgan kaltak bo‘lagini olib ariqdan chiqqan Dilshod ro‘parasida turgan Jamshidning akasi Dilmurodning o‘ng oyog‘iga bor kuchi bilan urdi. Dilmurod og‘riqdan baqirib, yerga yiqilib tushadi.

Yaxshiyam, qo‘ni-qo‘shnilar ularni ajratishdi, ular kim kimni urganligini anglay ham olmasdan qolgandi.

Uyiga olib kirishganida Dilshodning qo‘li kesilganligini ko‘rib, turmush o‘rtog‘i latta bilan bog‘lab qo‘ydi. Janjal oqibatida Dilmurod oyog‘i sinib, og‘ir, hayot uchun xavfli bo‘lgan tan jarohati olgan edi.

Sudda ish holatlari to‘liq tekshirilib, to‘plangan dalillarga huquqiy baho berildi. Shu bilan aroq o‘z maqsadiga yetdi. Biroq janjalda Dilshod aybdor bo‘lib qoldi va unga jazo tayinlandi.

Abdusattor ABDURAZZOQOV,

jinoyat ishlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on shahar sudining raisi.