Artur aka, patirnon va qo‘y go‘shti

Televideniye jurnalistlari yoqtirmaydigan bir mavzu bor – opros (so‘rov - yo‘lda duch kelgan odamga mikrofon tutib, belgilangan mavzu bo‘yicha fikrini so‘raysiz) “Yangiliklar” dasturida doim muhim mavzu (Prezident farmoni, kunning eng muhim voqealari, halqaro tadbirlar, sessiyalar va hokazolar) bo‘yicha intervyular berib boriladi. Hatto teleoperatorlar ham "opros" deyishsa, norozi bo‘lishardi...
STV telekanalida ishlaganimizda operatorlar orasida eng yoshi ulug‘, eng tajribalisi Artur aka edi. Boqqami, toqqami, boraverardi - yana yo‘l bo‘yi muxbirni "o‘qitib" ham ketardi. Artur aka bilan zo‘r jamoa bo‘lib uzoq yillar ishladik, ajoyib inson edi. Hech kimga o‘xshamaydigan – quvnoq, chapani, aybingizni yuzingizga shartta aytadigan fe’li bor edi. Faqat "Tilini topsangiz bo‘ldi!".
O‘z ishining ustasi bo‘lgan Artur Gulnazarovning bir qoidasini hamma muxbirlar yaxshi bilardi - "Voyna voyna, obed - obed!".
Uyi ishxonaga yaqin, Sartepada yashardi - soat 13.00 ga yaqinlashaversa, uyiga yo‘l olardi.
Ayolini juda pazanda, deyishgan. Artur aka oshxonaga kirmasdi, ishda bo‘lsa uyida tushlik qilib kelardi.
Bilasiz, ijodiy guruh s’yomkalar davomida ba’zida tushlikni vaqtida qilolmasdik, televideniyeda vaqt masalasi juda muhim, ya’ni tezkorlik. Ko‘rsatuv yo lavha efirga qo‘yilgan bo‘lsa, ayniqsa, har bir daqiqa g‘animat! Avval s’yomka, keyin matn yoz, raskadrovka, prosmotr, montaj va eng oxirida syujet yoki ko‘rsatuvni kengashdan o‘tkazib olish. Bunaqa paytda soldat bo‘lib ketardik-yey!
...Ancha yillar oldin Urgutdagi bir qishloqda bir fojiali voqea bo‘lgandi - tog‘da bir nechta uylar tog‘ ko‘chkisi ostida qolgan... Artur aka bilan o‘sha qishloqqa ketdik.
Maxsus xizmatlar bilan hamkorlikda s’yomka qilyapmiz. Yosh edim, qattiq ta’sirlandim, biroz qo‘rqdim ham. Artur aka jonbozlik bilan ishladi, topshiriqqa ko‘ra, ko‘rsatuv, yangiliklar uchun syujet va hujjatli film tayyorlashimiz kerak ekan. Topshiriq juda nozik edi - intervyular, kadrlar boshqacharoq, odamlarni vahimaga tushirmaslik, noqonuniy, noqulay va xavfli bo‘lgan hududlarda uy qurmaslik haqida edi...
Vazifayam, vaziyat ham og‘ir... odamlarning dardini eshitish, ularga yordam berish kerak.
O‘shanda Artur akadagi qat’iyat, fidoyilik va sovuqqonlikka qoyil qolganman!
"Ti yeщyo molodaya, nichego priviknish, Gul..!".
O‘sha kuni tog‘da yana bir qiziq voqea bo‘ldi - kayfiyatga, muhitga, sharoitga umuman mos tushmaydigan kulgili voqea...
Artur aka hamma narsadan yumor chiqarib yurardi. Tushlikka qishloq ahli katta tovoqda qatiq va patir berishdi - Arturning aytishicha, bunaqa mazali qatiq va patir nonni umrida "ne razu ne poproboval!".
Meni esa tomog‘imdan ovqat o‘tmaydi. Artur akaning shoshib–pishib, “umr bo‘yi och qolgan odam”dek ovqatlanishidan g‘ashim kelib, achchig‘im chiqib o‘tiraverdim. “Shunaqa vaziyatda odam ovqat yeyishi mumkinmi?”.
Qatiq ham, patir ham rostdan ajoyib ekan, tatib ko‘rdim, men ham haligacha bunaqa mazali taom yeganimni eslay olmayman. Gurunglashib o‘tirgandik - bir payt operatorim "iiii, yeщyo dobavka yest, chto-li... zachem ne skazala mne", deb qolsa, deng!
Bir payt qarasam, katta laganda xil-xil pishgan qo‘y go‘shtini olib kelishyapti.
Artur aka esa allaqachon qornini to‘qlab olgan (patir va qatiqning hammasini paqqos tushirgan) ekan, bir go‘shtga, bir menga qaraydi - yegisi kelyapti, lekin imkoni yo‘q, ketmaydi, yeyolmaydi.
Rosa kulganmiz!
Yana u kishi hazillashib, “Gulchehra qatiq va patirni atay yemadi, bir o‘zi bitta qo‘yni yedi! Menga yedirmadi, go‘sht yeya olmadim, afsus”, deb bu hangomani hammaga uzoq vaqt aytib yurardi...
...Artur aka vafot etishidan biroz oldin Baxtigul bilan birga u kishini uyiga borgandik - bizni yaxshi ko‘rarkan, yig‘lab ko‘rishdik. Xotini “sizlarni juda ko‘p eslaydi”, dedi. Rasmlarimiz ham bor ekan, ancha o‘tirib qoldik. Ayoliyam Artur akaga o‘xshab juda yaxshi inson ekan “Kelib turinglar, qizlar”, dedi. Pazandaligi ham rost – Artur aka bekorga ko‘chadan ovqatlanishni istamas ekan.
Biz o‘zimiz, tashvishlarimiz bilan bo‘lib qoldik.
Yana borolmadik... Xabar ololmadik... Bu orada u kishi dunyodan o‘tdi. O‘zidan bir dunyo yaxshi shogirdlar, yaxshi xotiralar qoldirib ketdi.
Biz universitetni bitirib, ish boshlagan o‘sha avlod, yosh jurnalistlar - shogirdlaringiz (Turg‘un, Baxtigul, Fotima va men), hamisha Sizdan minnatdormiz, qarzdormiz!
Yotgan joyingiz nurga to‘lsin!
Kasb bayrami sabab ko‘p voqealar esga tushaveradi. Yaxshi insonlar va yaxshi ishlar esa unutilmaydi...
Gulchehra Berdiyorova.