Arzon uylar DXM orqali berilishi boshlanmadi. Bu umuman boshqa masala

Hurmatli fuqarolar! O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 28 noyabrdagi PF–5886-son Farmoniga muvofiq, 2020 yil 1 martdan boshlab DXMlar yoki my.gov.uz portali orqali fuqarolarga subsidiyalar berish uchun ariza qabul qilish nazarda tutilgan.

Subsidiyalar ma’lum toifadagi fuqarolar uchun uylarni BOZOR NARXIDA xarid qilishga beriladi. Ya’ni, arzon uylarga hech qanday aloqasi yo‘q.

Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 9 fevraldagi 103-son qaroriga asosan 2017-2021 yillarda qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar bo‘yicha arzon uy-joylar qurish dasturi doirasida talabgorlarni tanlash bo‘yicha tuman (shahar) hokimligi huzuridagi komissiya subsidiya tayinlash bilan shug‘ullanmaydi.

Lekin Farmon chiqishi bilan arzon uy-joylar dasturi yopilmagan. Hokimliklar fuqarolarni qabul qilmasliklari bo‘yicha qonunchilikda o‘zgartirish kiritilmagan. Shu sababdan, adashtirish kerak emas.

Arzon uy-joy uchun navbatlaringiz DXMlar orqali o‘zgartirilmaydi.

Markazning bu masalaga aloqasi yo‘q. Mazkur masalada mahalliy hokimiyatlarga murojaat etish lozim.

Endi subsidiya haqida qisqacha:

Farmonga ko‘ra ushbu subsidiyalar kam ta’minlangan va uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj bo‘lgan shaxslarga ipoteka krediti bo‘yicha dastlabki badal va foizlarning bir qismini qoplash uchun O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan to‘lanadi.

Farmonda subsidiya to‘lash sxemasi ko‘rsatib o‘tilgan.

Biroq subsidiya tayinlash uchun fuqarolar aniq mezonlar doirasida tanlab olinadi va ulardan ariza bilan birga ma’lum hujjatlar jamlanmasini taqdim etish talab qilinadi.

Ushbu mezonlar, aniq muddatlar va tasdiqlovchi hujjatlar jamlanmasi Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan tasdiqlanishi kerak va shundan so‘nggina ushbu xizmat to‘liq ishga tushiriladi.

Hozirda Davlat xizmatlari agentligi tomonidan Markazlarda ariza qabul qilish imkoniyati yo‘lga qo‘yildi.

Qaror qabul qilingandan keyin subsidiya oluvchilarni tanlab olish mezonlari tasdiqlanadi. Faqat qaror chiqishini kutish kerak.

Subsidiyani to‘lash mezonlari tasdiqlanganidan so‘ng https://t.me/davxizmat rasmiy kanalimizda bu haqda zudlik bilan ma’lumot joylashtiriladi.