Arzon va sifatli go‘shtlar mahallangizga yetkaziladi

Viloyatda aholini arzon va sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash borasida muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Samarqand shahrida bu borada yangi bir qulaylik yaratildi.
Xususan, aholiga sifatli va arzon go‘sht mahsulotlari yetkazib berish maqsadida maxsus jihozlangan 10 ta ko‘chma do‘kon faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Samarqand shahar bo‘limi tashabbusi bilan tashkil etilgan mazkur do‘konlarda sifatli va arzon go‘sht mahsulotlari sotilmoqda.
Ahamiyatlisi, maxsus jihozlangan ko‘chma do‘konlar tasdiqlangan dislokatsiya asosida shaharning har bir mahallasiga kirib boradi. Yana bir muhim tomoni shundaki, ko‘chma do‘konlarda sotilayotgan go‘sht mahsulotlari zamonaviy ixtisoslashtirilgan kushxonalarda tayyorlanib, sanitariya-gigiyena talablariga rioya qilgan holda ko‘chma do‘konlarga yuklanmoqda.
Ma’lumot o‘rnida aytish mumkinki, bir kunda o‘rtacha 2,5-3 tonna sifatli go‘sht mahsulotlari aholiga arzon narxlarda yetkazib beriladi.
Bobur XOLMUHAMEDOV,
Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti viloyat boshqarmasi axborot xizmati boshlig‘i.