Askarlar qasamyodi Registonda baralla jarangladi
“...So‘nggi nafasim qolguncha ona Vatanimning sadoqatli farzandi bo‘lib qolishga, harbiy xizmatning butun mashaqqati va qiyinchiliklarini sabot bilan yengishga, davlat va harbiy sirlarni mustahkam saqlashga ajdodlarim ruhi oldida qasamyod qilaman.
Jonajon O‘zbekistonimning nurli istiqboli uchun uning davlat manfaatlari va mustaqilligining himoyachisi bo‘lishga qasamyod qilaman...”
Muazzam Registon maydonida baralla jarang sochgan ushbu so‘zlar nafaqat marosimga yig‘ilganlarning, balki boy tariximiz, madaniyatimizni ko‘rib, undan bahramand bo‘lib kelgan mahalliy va xorijlik sayyohlarni ham o‘ziga jalb etmay qo‘ymadi. Samarqand garnizonidagi harbiy qismlarda muddatli harbiy xizmatni o‘tashga kirishgan bir guruh oddiy askarlar ona Vatanga sodiq xizmat qilishga ana shunday tantanali ravishda harbiy qasamyod qabul qilishdi.
Shu munosabat bilan o‘tkazilgan marosimda so‘zga chiqqan Samarqand viloyati hokimi E. Turdimov, Markaziy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni, polkovnik A. Saidov va boshqalar milliy armiyamiz har tomonlama bugungi talablariga mos shakllanganligi, harbiy xizmatchilar uchun yaratilgan sharoitlar, harbiylarimizning jangovar tayyorgarligi va salohiyati sarhadlarimiz daxlsizligini ta’minlashga qodir ekanligini alohida ta’kidlab o‘tishdi.
Harbiy qasamyod qabul qilib, Vatan himoyachisi degan ulug‘ nomga sazovor bo‘lgan aksarlar o‘zlariga bildirilayotgan yuksak ishonch va e’tibordan mamnun ekanliklarini bildirishdi.
— Harbiy xizmat har bir yigit kishini burchi, — deydi oddiy askar Nizom Mamajonov. — Mana shunday burchni o‘tash uchun ajdodlarimizning bebaho merosi muazzam Registon maydonida harbiy qasamyod qabul qilganligimiz bizga yanada mas’uliyat, shijoat va g‘urur bag‘ishlaydi. Men va safdoshlarim o‘z ontimizga sodiq qolib, yurtimiz sarhadlarini har qanday yovdan munosib himoya qilib, ona Vatanimiz oldidagi yigitlik burchimizni mardonavor ado etamiz.
Yurtimizning bebaho durdonalaridan biri bo‘lmish Registon maydonida harbiy qasamyod qabul qilgan askarlarga Prezident sovg‘asi — “Temur tuzuklari”, “O‘zbekiston tarixi” kitoblari topshirildi.
Alisher Isroilov.