Samarqandda hunarmandlar hamda rassomlar shaharchasi tashkil etiladi

Viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyev O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi Akmal Nur bilan muloqot qildi.

Unda davlatimiz rahbarining "Tasviriy va amaliy san’at sohasini yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarori ijrosini ta’minlash masalasi haqida gap bordi.

 - Samarqandlik rassomlar va amaliy san’at ustalari tomonidan yaratilayotgan ijodiy ishlar o‘ziga xosligi bilan ajralib turadi. Ular o‘z ustida doimiy ishlab, yuksak san’at asarlarini yaratayotgani quvonarli hol, - dedi Akmal Nur.

Viloyat rahbari Samarqand azaldan ilm-ma’rifat maskani bo‘lgani, bu yerda boshqa sohalar qatori madaniyat va san’at ham rivojlanganini ta’kidlab, ana shu an’analar davomiyligini ta’minlash borasida zarur chora-tadbirlar ko‘rilayotganini qayd etdi.

Ayni paytda Samarqand shahridan uncha uzoq bo‘lmagan hududda hunarmandlar va rassomlar shaharchasini tashkil etish loyihasi ustida ish olib borilmoqda. Uchrashuvda bu loyiha orqali yurtdoshlarimizni san’atga bo‘lgan qiziqishlarini yanada oshirish, ijodkorlarga munosib sharoitlar yaratib berilishi maqsad qilinganligi ta’kidlandi.

Adiz Boboyev va Akmal Nur Samarqandda sohani yanada rivojlantirish chora-tadbirlarini o‘z ichiga olgan "Yo‘l xaritasi"ni imzoladi. Unga ko‘ra, Samarqand ixtisoslashtirilgan san’at maktab-internatini shahar markaziga ko‘chirish, badiiy ta’lim, xususan, tasviriy va amaliy san’at hamda dizayn sohasida iqtidorli yoshlarni aniqlash, ularni tanlab olish, o‘qitish va tarbiyalash bo‘yicha yaxlit tizimni shakllantirish, davlat buyurtmasi asosida “Yangi O‘zbekiston manzaralari”, “Tarixiy allomalar” va “Zamonamiz qahramonlari” turkumidagi ijodiy asarlar yaratishni yo‘lga qo‘yish va boshqa bir qator vazifalar amalga oshiriladi.