Konduktor elektron hamyonni olib qo‘yishga haqlimi?

13 yoshli jiyanim har kuni qo‘shimcha mashg‘ulotga borishi sababli unga foydalanishi uchun avtobuslarda yo‘l haqi to‘lovi qilishi uchun elektron hamyonimni berib qo‘yganman.
Bugun jiyanim Samarqand shahrida qatnovchi 99-raqamli avtobusga chiqqan. Qarangki, konduktor "Kim kartadan to‘lov qilmoqchi bo‘lsa, menga kartani beringlar", deya hammadan kartalarini yig‘ib olib, o‘zi to‘lovni amalga oshirgan. Jiyanim ham elektron hamyonni bergan, biroq konduktor "Bu sening nomingga olingan karta emas, undan to‘lov qilishga haqqing yo‘q, haqiqiy egasi kelsa, beraman", deya hamyonni olib qo‘ygan.
Konduktor shunday vakolatga egami? Jamoat transporti xizmatida ishlayotganlar voyaga yetmagan yo‘lovchilarning shaxsiy bank kartasi yoki elektron hamyoni bo‘lmasligi va ular ota-onasi yoki qarindoshlarining tegishli to‘lov vositalarini ishlatishini nahotki bilmasa? Yoki bu ham yo‘lovchilarning to‘lovni naqd shaklda amalga oshirishi uchun o‘ylab topilgan hiylami?
Kim bu savollarga javob beradi?
Munisa Shamsiyeva.