Oziq-ovqat eksportini ko‘paytirish bu borada qanday imkoniyatlarga egamiz?

Davlat rahbari ishtirokida o‘tkazilgan ayni mavzudagi yig‘ilishdan so‘ng viloyatdagi holat bilan qiziqdik.
Berilgan ma’lumotga ko‘ra, 2024 yil yakunida viloyatda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish xajmi 57,4 trillion so‘mni tashkil qilgan. Joriy yilda ko‘rsatkichni 63 trillion so‘m va 103,8 foiz o‘sishga erishish prognoz qilingan. Qayd etilishicha, o‘tgan olti oyda 21,1 trillion so‘mlik qishloq xo‘jalik mahsulotlari ishlab chiqilib, 104,6 foiz o‘sishga erishilgan.
Bevosita aniq fakt va raqamlarga o‘tadigan bo‘lsak, fermer xo‘jaliklari tomonidan 52,8 ming gektar asosiy maydonlarga bahorgi ekinlar ekilganini alohida ta’kidlash o‘rinli. Bunda 23,1 ming gektarini sabzavot, 21 ming gektarini kartoshka, 6,8 ming gektarini moyli, 2,6 ming gektarini dukkakli, 1,6 ming gektarini poliz ekinlari tashkil qiladi.
O‘tgan davr mobaynida 90,6 ming gektar g‘alladan bo‘shagan maydonlarga takroriy ekinlar joylashtirildi. Jumladan, 10 ming gektar kartoshka, 11,9 ming gektar sabzavot, 35,9 ming gektar dukkakli, 6 ming gektar moyli hamda 26,8 ming gektar ozuqa ekinlari ekildi.
Mazkur takroriy ekinlardan 500,5 ming tonna mahsulot yetishtirish kutilmoqda. Yetishtiriladigan mahsulotning 17,5 ming tonnasi qayta ishlashga, 59,5 ming tonnasi eksportga, 332,8 ming tonnasi ichki iste’mol hamda 90,7 ming tonnasi zaxira, urug‘lik uchun ajratilishi rejalashtirilgan.
Albatta, yetishtiriladigan mahsulotlar balansi hisob-kitob qilingan. Unga ko‘ra, kartoshka 782 ming tonna yoki talabga nisbatan 320 foiz, sabzavot 1,6 million tonna yoki talabga nisbatan 363 foiz, mevalar 417 ming tonna yoki talabga nisbatan 127 foiz, uzum 692 ming tonna yoki talabga nisbatan 923 foiz, o‘simlik yog‘i 46,9 ming tonna yoki talabga nisbatan 107 foiz, poliz mahsulotlari 176 ming tonna yoki talabga nisbatan 229 foiz, go‘sht 337 ming tonna yoki talabga nisbatan 182 foiz, sut 1,5 million tonna yoki talabga nisbatan 300 foiz, tuxum 1,4 million dona bo‘ladi.