Yong‘inlar soni ortib bormoqda – sabablar haqida nimalar ma’lum?

Xavfsizlik qoidalariga amal qilinmagani uchun yarim yilda 1 milliard so‘mdan ko‘proq ma’muriy jarimalar qo‘llanilgan.
Bundan tashqari, so‘nggi 6 oyda viloyat bo‘yicha 778 ta korxona, bino va inshootlarning ish faoliyati vaqtinchalik to‘xtatilgani yong‘in xavfsizligi qoidalariga amal qilmaslik qanday oqibatlarga olib kelishini ko‘rsatib turibdi.
Ko‘rilayotgan shu kabi choralarga qaramasdan olti oy davomida o‘tgan yilning mos davriga nisbatan yong‘inlar soni 7,9 foiz ortgan. Sodir bo‘lgan yong‘inlarning ob’yektlari bo‘yicha tahliliga ko‘ra, eng ko‘p yong‘in aholi yashash uylarida – 333 ta qayd qilingan. Shuningdek, ma’muriy jamoat joylarida 4 ta, ishlab chiqarish sexlarida 5 ta, transport vositalarida 26 ta tilsiz yov bilan bog‘liq ko‘ngilsizliklar ro‘y bergan.
Viloyat matbuot uyida o‘tkazilgan navbatdagi anjumanda favqulodda vaziyatlar boshqarmasi xodimlari tomonidan iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy soha ob’yektlarida hamda aholi yashash joylarida yong‘inlarni, ularda fuqarolarni tan jarohati olish va halok bo‘lish holatlarining oldini olish borasida muayyan ishlar amalga oshirilayotgani qayd etildi.
Jumladan, ro‘yxatga olingan 4268 ta davlat tassarufidagi ob’yektlarning 3581 tasida rejali hamda 846 ta tadbirkorlik sub’yektlarga tegishli ob’yektlarda tekshiruvlarni elektron ro‘yxatga olish yagona tizimida ro‘yxatdan o‘tkazish orqali vakolatli organni xabardor etish tartibida tekshiruv o‘tkazildi.
Shu bilan birga, tungi vaqtda odamlar qoladigan ob’yektlarda 2497 marta tungi tekshiruvlar hamda 2791 marta kunduzgi tezkor tekshirishlar amalga oshirilgan. Bir vaqtning o‘zida 50 nafardan ko‘p odam bo‘ladigan tadbirkorlik sub’yektlariga qarashli 338 ta ob’yektda profilaktik tadbirlar hamda 709 ta ob’yektda yong‘in-profilaktika ko‘riklari o‘tkazildi.
Bundan tashqari, viloyatda mavjud bo‘lgan 771 ming 411 ta yakka tartibdagi uy-joylardan 177 ming 85 tasini va 2485 ta ko‘p qavatli uylardan 1398 tasini hamda ulardagi 87 ming 833 ta xonadondan 36 ming 955 tasini yong‘inga qarshi holati tekshirilgan.
- Tekshiruvlar davomida korxona va muassasalar rahbarlariga 110 ming 962 ta banddan iborat davlat yong‘in nazorati organlarining yozma ko‘rsatmalari taqdim etildi, - deydi viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Dilmurod Sanaqulov. - Olib borilgan profilaktik tadbirlar davomida yong‘in xavfsizligi qoidalari talablarini targ‘ib qilish va bu borada fuqarolarning savodxonligini oshirish maqsadida 1 milliondan ko‘proq fuqaroni qamrab olgan suhbatlar o‘tkazilgan, yo‘riqnomalar tarqatilgan.
Yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzayotgan 2732 nafar rahbar, javobgar shaxs va fuqarolarga 1 milliard 120 million 501 ming so‘m miqdorida jarimalar qo‘llanilgan. Shundan, 457 million 796 ming so‘m miqdorda jarimalar undirilib, qolgan qismi Ma’muriy sudlarga va Majburiy ijro byurosiga yuborilgan.
Mutasaddilarning ta’kidlashicha, xavfsizlik qoidalariga amal qilmaslik faqat ma’muriy chora bilan cheklanmaydi. Jumladan, zudlik bilan bartaraf etish lozim bo‘lgan holatlar aniqlanganda 10 kun muddatgacha ob’yekt faoliyatini to‘xtatib qo‘yilishi mumkin.
Qayd etilishicha, o‘tgan olti oyda zudlik bilan bartaraf etilmasligi yong‘in sodir bo‘lishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan 778 ta korxona, bino va inshootlarning ish faoliyati vaqtinchalik to‘xtatilgan. Bundan tashqari, 7890 ta elektr uskuna, moslama va agregatlardan foydalanish taqiqlangan.
Viloyatda yong‘in xavfsizligini ta’minlash borasidagi mavjud muammo, kamchiliklar yuzasidan viloyat, shahar (tuman) hokimliklariga 283 ta va yuqori tashkilotlarga 847 ta axborotnoma, ma’lumotnoma va taqdimnomalar kiritilgan.
Jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan kiritilgan 2649 ta murojaat ko‘rib chiqilib, belgilangan tartibda hujjatlar rasmiylashtirilgan va mualliflarga javob xatlari yuborilgan.