Asosiy fan olimpiadasi viloyat bosqichi g‘oliblarining ota-onalari va ustozlari taqdirlandi
Viloyat “Barkamol avlod” bolalar maktabida asosiy fan olimpiadasining viloyat bosqichida g‘olib bo‘lgan 42 nafar 11-sinf o‘quvchilarini qo‘shimcha ravishda taqdirlash maqsadida tadbir tashkil etildi.
Unda viloyat hokimining ta’lim masalalari bo‘yicha maslahatchisi Saidahmad Usmonov keyingi yillarda ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar va sohaga berilayotgan e’tibor haqida gapirib, bugun yoshlar bunga javoban, yaratilgan imkoniyatlardan unumli foydalanib a’lo o‘qishlari, respublika va jahon olimpiadalarida yuksak marralarni zabt etishlari lozimligini ta’kidladi.
Tadbirda viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i G‘ayrat Boboxolov olimpiadaning respublika bosqichiga yo‘llanma olgan 11-sinf o‘quvchilariga tayyorgarlik jarayonlarida e’tibor qaratish lozim bo‘lgan jihatlarga to‘xtaldi. Shuningdek, ayni paytda har bir o‘quvchiga qo‘shimcha mashg‘ulot uchun ustozlar biriktirilganligini qayd etdi.
Tadbirda g‘olib o‘quvchilar kitoblar, ularning ota-onalari va ustozlari viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasining tashakkurnomalari bilan taqdirlandi.
Samarqand viloyati maktabgacha va
maktab ta’limi boshqarmasi axborot xizmati.