Asosiy qomusimizni qanday o‘rganamiz?
O‘zbekiston Konstitutsiyasi inson huquqlari sohasidagi barcha muhim qoidalarni: insonning yashash, erkinlik va shaxsiy daxlsizlik huquqi, mulkdor bo‘lish huquqi va boshqa shu kabi huquqlarni o‘z ichiga olgan.
Bizning Konstitutsiyamiz nafaqat yuridik hujjat, balki milliy mafkuramizning ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy asosini tashkil etuvchi umuminsoniy g‘oyalarga xizmat qiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Samarqand akademik litseyida ham vatanimizning bosh Qomusi hisoblangan – Konstitutsiyani o‘rganishda, uni hayotga tadbiq qilgan holda litsey o‘quvchilariga yetkazib berishda tashkil etiladigan o‘quv-seminar darslari, “Qomusimiz bilimdonlari” nomli zakovatchilar bellashuvi, turli xil bayram tadbirlari va insholar tanlovlari muhim ahamiyat kasb etadi.
Yaqinda litseyimizda “Qomusimiz bilimdonlari” nomli zakovatchilar bellashuvi o‘tkazilishi ham bunga yaqqol misol bo‘la oldi. Bilimdonlar e’tiboriga Konstitutsiyaning davlat siyosatidagi roli va uning mohiyati berilgan adabiyotlarga, u haqidagi maqola va risolalarga ilmiy nashrlarga, davlat siyosatining yirik vakillari asarlariga, mustaqillik yillarida Prezidentimiz tomonidan chiqarilgan qaror, qonun va farmoyishlarga, huquqshunoslik manbalari va darsliklarga, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, Jahon mamlakatlari Konstitutsiyalarining ahamiyati, o‘rni va mavqeiga qaratilgan savollar havola etildi. Tadbirning ahamiyatli tomoni shundan iborat bo‘ldiki, litsey o‘quvchilari bu bellashuvda o‘zlarining haq-huquqlarini anglashi, siyosiy jarayonlarda faol ishtirok etishi, mas’uliyat va burchlarini bilishi borasidagi sa’y-harakatlarini alohida qayd etishdi.
Yoshlar ongi va qalbida sadoqat, vatanparvarlik tuyg‘ularini rivojlantirish mas’uliyatini yanada oshirish, ularni me’yoriy hujjatlar bilan yaqindan tanishtirishda mana shunday tadbirlarni o‘tkazish o‘z samarasini bermoqda. Tashkil etilgan shu kabi tadbirlarda Konstitutsiyamizning hayotimizdagi o‘rni va ahamiyati haqida targ‘ibot ishlarini amalga oshirish, yurtdoshlarimiz, ayniqsa, litsey o‘quvchilari qalbida qonunga hurmat, Vatanga mehr va sadoqat tuyg‘usini kuchaytirish, ularning huquqiy ongi va madaniyatini oshirish muhim ahamiyatga egaligi ta’kidlandi.
O‘tkazilayotgan har bir darslarda davlatimiz Asosiy qonunining yaratilishi, Konstitutsiyaviy komissiyaning tashkil etilishi, uning faoliyati, o‘sha davr ijtimoiy-siyosiy hayotida konstitutsiyaviy islohotlarning zarurligi va tarixiy rivojlanish bosqichlari haqida so‘z yuritiladi. O‘zbekiston Konstitutsiyasining g‘oya, asosiy prinsip va qoidalari umume’tirof etilgan normalar hamda xalqimizning 3 ming yillar davomida shakllanib kelgan qadriyatlariga mosligi, Asosiy qonunimizning mazmun-mohiyatini yoshlarga yetkazishda ana shunday mashg‘ulotlarning ham o‘rni beqiyosdir.
Umida Norqulova,
O‘zbekiston Respublikasi IIV Samarqand akademik litseyi o‘qituvchisi.