Astrofizik olim Bobomurod AHMEDOV: «Oyning ustiga limonni qo‘yib, Yerdan turib kuzatish mumkin»

Yulduz to‘la sirli osmonga qaraganingda o‘lchab berilgan inson umri oldida cheksizlik nima ekanini anglagandek bo‘lasan. Koinotning haybati qarshisida odamzodning tasavvuri, da’voyu farazlari naqadar jo‘n va nisbiyligiga imon keltirasan. Ammo, baribir, uning juda kichik bir nuqtasida – Yer atalmish sayyorada mavjudliging, u yerda tug‘ilish, yashash va o‘lim borligi, sen ham shu zaminda zarraning zarrasi ekanliging yangidan-yangi savollar keltirib chiqaraveradi, o‘ylashga, izlashga chorlayveradi...

Astronomiya fani esa xuddi shu inson va osmon tutashuvlari haqidagi savollarga javob topish uchun oylab, yillab kuzatuvlar olib boradi. Suhbatdoshimiz –samarqandlik professor, hozirda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Astronomiya instituti nazariy astrofizika bo‘limi boshlig‘i, fizika-matematika fanlari doktori, Butunjahon fanlar akademiyasi (The World Academy of Sciences, TWAS) a’zosi Bobomurod AHMEDOV bilan ana shu kuzatuvlar haqida suhbatlashdik.

Astrofizikada, umuman, aniq fanlarda sizni hayratlantiradigan narsa nima?

– Odamzodni doimiy qiziqtirib keladigan savollar bor. Qayerdan keldik? Osmondagi yulduzlar qanday paydo bo‘lgan? Nega ularni biz faqat qorong‘i tunda ko‘ramiz? Oyda nima bor? Quyoshda-chi? Uning yorqinligi manbasi nimada? Xuddi shu singari o‘nlab va yuzlab savollarga javob beradigan fanlar bu – astronomiya, kosmologiya, astrofizika. Astrofizikaning o‘zi astronomiyaning tarkibiy kismidir. Astronomiyaning eng dolzarb vazifalaridan biri – koinotning paydo bo‘lishiga bog‘liq jumboqlar yechimini topish. Ayni shu masalalarni yechishda astrofizika asosiy o‘rin tutadi.

Bugungi kun fanining aniqlashicha, koinot bundan 13,7 milliard yil oldin bittagina singular nuqtadan iborat edi va ayni shu nuqta ulkan portlash natijasida kengaya boshlagan. Uning doimiy ravishda kengayoyatgani haqidagi ma’lumot birinchi marta 1929 yilda topildi. O‘sha ma’lumot o‘z isbotini topgandan keyingina fan koinotning paydo bo‘lishi haqidagi ilmiy isbotlangan kosmologik nazariyaga ega bo‘ldi. Lekin yangi nazariya o‘sha mahalgacha mavjud bo‘lgan savollarga javob berishdan tashqari fan qarshisiga yangidan yangi savollarni ko‘ndalang qo‘ydi. Jumladan, “Agar koinot bitta nuqtadan paydo bo‘lgan bo‘lsa, demak, uning zichligi ham cheksiz bo‘lgan; cheksiz zichlikka ega bo‘lgan nuqtaning harorati qanday edi; u dastlab qaynoqmidi yo sovuq?”, degan muammolar o‘rtaga tushdi.

1965 yilgacha astrofiziklar ikki guruhga ajralib, yarmi sovuq desa, yarmi qaynoq degan kosmologik model tarafdori bo‘lgan. Bu modelning asoschisi amerikalik olim (asli sobiq SSSRlik) Georgiy Gamov edi.

Gamov boshlang‘ich koinotning harorati avvaliga Plank vaqtiga ( sekund) qadar cheksiz, keyin o‘ta yuqori  bo‘lgan,   sekin-sekin soviy boshlab,  3 gradus Kelvin (Selsiydan 273 gradus past) atrofida edi, degan kosmologik nazariyani ilgari suradi. Buni Amerikaning Bell Laboratoriyes telefon kompaniyasida ishlagan muhandislar Penzias va Vilson 1965 yilda tasodifan topishgan va o‘shandan boshlab kosmologiyada bitta eksperimental fakt (Olamning kengayishi) ikkinchi fakt - kosmik mikroto‘lqin nurlanish temperaturasi bilan boyigan. O‘sha davr astrofizika va kosmologiyada oltin asrning boshlanishi deyiladi.

Anig‘i shuki, koinotda boshlang‘ich nukleosintez moddalari vodorod va geliydan iborat edi, xolos. Keyin qaysidir bosqichda yulduzlar paydo bo‘ladi, so‘ng ular portlab, o‘ta yangi yulduz (shuni aytib o‘tish kerakki, 1609 yilga qadar beshta o‘ta yangi yulduz kuzatilgan va bittasi 1006 yilda Ibn Sino tomonidan kashf etilgan),   natijada boshqa og‘irroq elementlar yuzaga keladi. Nihoyat, koinot 9 milliard yoshga to‘lganida bizning quyosh tizimimiz paydo bo‘lgan. Hozir 100 milliard atrofida galaktika va har bir galaktikada taxminan 200 milliardga yaqin yulduz borligi aniqlangan. Ularning atrofida qancha sayyora harakatlanib yurganini aniqlash esa juda mushkul. Bugun hayotimizga yuqori texnologiyalarning kirib kelishi, har tomonlama mukammal asbob-uskunalarning yaratilishi natijasida koinot bilan bog‘liq yangi-yangi sirlar ochilmoqda. Hatto, shunday teleskoplar borki, Oyning ustiga limonni qo‘yib, Yerdan turib kuzatish imkonini beradi.

Oxirgi 20 yilda erishilgan natijalarga qarab, astronomiya va astrofizikada buyuk kashfiyotlar erasi bo‘ldi, deb bemalol ayta olamiz.

– O‘zimizda-chi, o‘zbek astronomiyasida qanday ishlar amalga oshirildi, nimalar qilinyapti?

– Institutimizda turli dasturlar bo‘yicha kuzatuvlar olib boriladi. Shulardan biri asteroidlarning harakatini kuzatish. Buning dolzarbligi nimada? Avvalo, asteroidlarning planetamizga qanchalik yaqinlashayotgani yo uzoqlashayotgani, uning Yer shariga qanday xavfi bor, shular kuzatiladi. Bu dastur yapon va ukrain olimlari bilan xalqaro sherikchilikda olib borilmoqda. Shu jarayonda Samarqand kichik sayyorasi  kashf etildi. Yana bitta yangilik - 2017 yilda Maydanak observatoriyasida yaqin galaktika NGC 3938 da o‘ta yangi yulduz SN2017ein ilk bor kuzatildi.

Aynan bizning yo‘nalishimiz nazariy astrofizika. Biz bu fanni nazariy jihatdan o‘rganamiz. Xususan, yulduzlar evolyusiyasini tadqiq etamiz. Bilasizmi, yulduzlar ham odamlarga o‘xshab tug‘iladi, yashaydi, o‘ladi. Odamzodning yashash davri massasiga deyarli bog‘liq emas. Deylik, 50 kilogrammlik odam ham, 80-100 kilogrammlik odam ham o‘rtacha yetmish yil yashaydi. Yulduzlarda esa mutlaqo boshqacha. Og‘ir yulduzlar yengil yulduzlarga qaraganda kamroq yashaydi. Bu nimaga bog‘liq? Masalan, 50 kilogramm odamning tana harorati 36,6 gradusga teng, 100 kkilogramm odamning tana harorati ham shunday. Tanadagi harorat odam organizmida ro‘y berayotgan ximik reaksiyalarning tezligini aniqlab beradi. Yulduzlarni oladigan bo‘lsak, og‘ir yulduzlarning harorati juda baland, natijada ularning tasviri ham spektrda ko‘k bo‘lib ko‘rinadi. Ko‘k yulduz, bu – yosh yulduz. Masalan, Quyoshning umri 10 milliard yil bo‘lsa, og‘ir yulduzlarniki undan 100 baravar kamroq. Chunki harorati baland bo‘lgani uchun ular yadro yoqilg‘isini tez sarflab tugatadi va o‘ta yangi yulduz orqali oxirgi xolatdagi koldig‘ining massasiga qarab - oq mitti, neytron yulduzga yoki qora tuynuklarga aylanishi mumkin.

Bizning o‘rganish va kuzatish ob’yektlarimiz neytron yulduzlar va qora tuynuklar. Neytron yulduzlardan kelayotgan nurlanish magnitosferada paydo bo‘ladi. Shuning uchun uning magnitosferasi xarakteri o‘rganiladi. Qora tuynukka to‘xtaladigan bo‘lsak, u haqida “sochi yo‘q” degan ibora mavjud. Bu nima degani? Masalan, neytron yulduzning zichligi, aylanishi, radiusi, harorati, umuman, boshqa millionta parametri bor. Qora tuynukni oladigan bo‘lsak, u juda sodda, oddiy matematik ob’yekt. Ikkitagina parametri bor – massasi va aylanishi. Qora tuynukning eng yomon, bemaza odati – nima tushsa, yutib yuboradi. Hatto nur, ya’ni fotonni ham. Natijada biz uni an’anaviy usulda ko‘ra olmaymiz.

Hozir bitta xalqaro loyihada qatnashyapmiz. Unda qora tuynuk kamerasi, ya’ni hodisalar gorizonti teleskopi yordamida galaktikamiz markazidagi 4,1 million quyosh massasiga teng bo‘lgan o‘ta og‘ir qora tuynuk kuzatilmoqda. Yorqin yulduzning tasviri galaktikamiz markazidan o‘tsa, qora tuynuk  fotonsfera bo‘ylab fotonlarni yeb qo‘yadi, natijada uzoqdagi yulduzning tasvirini ko‘rganingizda uning ichida bitta qora teshikcha (nuqson, xol) ko‘rinadi, agar mana shu qora teshikchani topsak, biz uni qora tuynukning soyasi, deb aytamiz. U juda kichkina bo‘ladi - 40 mikro yoysekundga teng. Buni aniqlash o‘ta mushkul, ammo hozir shunga ancha yaqinlashib qoldik, o‘sha qora tuynuk teshikchasining soyasiga qarab, uning massasini va u qanchalik tez yoki sekin aylanishini bilishimiz mumkin.

Bular nima uchun kerak? Yer quyosh atrofida aylanadi. Quyosh paydo bo‘lganidan buyon esa yuqori massali qora tuynuk atrofida 22 marta aylandi. Bizning galaktikamizni bir tizim shaklida ushlab turish uchun o‘sha markaziy qora tuynukning ahamiyati katta. Agar u galaktikani ushlab turmasa, tizim buziladi.

– Dunyo ilm fanida o‘zbek astronomiyasining o‘rni qanday pog‘onalarda? Yutuqlarimizdan tashqari qanday muammolar mavjud?

– SCOPUS (bibliografik va referativ ma’lumotlar bazasi va ilmiy jurnallarda nashr etilgan maqolalarga qilingan havolalarni kuzatish vositasi)ning hisobi bo‘yicha o‘zbek astronomiya fani 56-o‘rinda. To‘g‘ri, qo‘shni davlatlar bilan solishtirganda, bu natija yomon emas, ammo bundan xotirjam bo‘lmasligimiz, yuqori o‘rinlarga chiqishga intilishimiz shart. Buning uchun nima qilish lozim? Iqtidorli yoshlarimiz ko‘p, institutimiz ilmiy bazasi ham yomon emas. Faqat ilmga ajratilayotgan mablag‘ yetarli emas. Iste’dodli yoshlarimizni ham ma’naviy, ham moddiy jihatdan, har tomonlama qo‘llab-quvvatlashimiz zarur. Yuqori o‘rinlarga chiqishimiz universitetlarimizning nufuziga ham bog‘liq.

O‘zbekiston milliy universitetida ham talabalarga dars beraman. Bilasizmi, ilmli, intiluvchan yoshlarimiz talaygina, lekin ko‘pchiligining zaif tomoni bor –  ingliz tilini, kompyuterda dasturlashni bilmaydi. Natijada ilmiy maqolalarini xalqaro ilmiy nashrlarda chop ettira olmaydi, xalqaro ilmiy institutlar bilan hamkorlik qila olmaydi. Men shunday taklif bilan chiqdim: aniq fanlar bo‘yicha ilm qilaman degan talabadan magistraturaga hujjat olishda IELTS sertifikati ham so‘ralishi kerak. U ingliz tilini IELTS bo‘yicha 6-6,5 ballik darajada bilishi shart. O‘shanda u qilayotgan ishini dunyo ilm-fan olamiga tanishtira oladi, yaxshi natijalarga erishadi. (Misol tariqasida Lemetr tomonidan o‘tgan asr boshida koinot kengayishi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni fransuz tilida chop etgani va oradan 90 yil o‘tib, 2018 yildan boshlab olam kengayish qonuniga Xabbl-Lemetr maqomi berilishini keltirishim mumkin. Agarda Lemetr o‘sha paytda maqolasini nemis tilida yozganida, balki Eynshteyndan ham mashhur bo‘lardi, yana kim biladi deysiz...).

– Bugun butun jamiyatimizda jadal yangilanishlar jarayoni ketyapti. Bu jarayon, shubhasiz, ilm-fan sohasini ham qamrab olgan. Shunday paytda astronomiyaga bo‘lgan e’tibor qanday?

– O‘rta asrlar davrining buyuk mutafakkirlari Muhammad al-Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Abu Rayhon Beruniy, ayniqsa, Mirzo Ulug‘bekning matematika va astronomiya rivojiga qo‘shgan ulkan hissasi jahon hamjamiyati tomonidan e’tirof etilgan. Astronomiya, osmon jismlarini o‘rganish azaldan bizning qonimizda bor. Yana bir muhim jihati, mamlakatimiz eng qulay astroiqlimda joylashgan. Masalan, Yevropa osmonida siz birorta yulduzni ko‘ra olmaysiz. Bizda esa shom kirishi bilan osmonimiz to‘la yulduz charaqlab turadi. Shunday imkoniyat, teran ildizlarimiz bo‘la turib, bizda astronomiyaning rivojlanmasligi mumkin emas.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 14 sentyabrda “Mirzo Ulug‘bek nomidagi ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktab-internatini va “Astronomiya va aeronavtika” bog‘ini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Qarorga muvofiq, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi va Astronomiya instituti qoshida 200 o‘quvchi o‘rni va 150 o‘rinli turar joyiga ega bo‘lgan, matematika, astronomiya, fizika va informatika fanlarini chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan Mirzo Ulug‘bek nomidagi ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktab-internati, “Astronomiya va Aeronavtika” bog‘i hamda Planetariy qurilyapti.

Ko‘pgina rivojlangan davlatlarda ko‘ngilochar va ilmiy-ommabop bog‘larni ko‘rib havas qilardim. Bunday bog‘lar farzandlarimizda o‘sha sohaga bo‘lgan qiziqishni oshiradi. Masalan, Astronomiya va aeronavtika bog‘iga kelgan bola yulduzlarning joylashuvi, galaktika, planetalarning ko‘rinishi, somon yo‘li – hammasini o‘z ko‘zi bilan ko‘rib, ma’lumotga ega bo‘ladi. Yoki Planetariyga borgan odam maxsus tugmachalarni bosib, xohlagan yilida yulduzlarning joylashuvi qanday bo‘lganini tomosha qilishi mumkin. Xullas, bu farzandlarimizning dunyoqarashi, tafakkurini o‘stirishga xizmat qiladigan madaniy-ma’rifiy maskan bo‘ladi.

Bundan tashqari, yaqin yillarda amalga oshirilishi rejalashtirilgan yirik loyihalarga imzo chekildi. Rossiya Federatsiyasi bilan hamkorlikda 100 million dollarlik loyiha – Jizzax viloyatining Sufa tekisligida RT-70 radioteleskopi o‘rnatiladigan bo‘ldi. Maydanak observatoriyasida yangi texnologiya asosida 4 metrlik optik teleskop quriladi.

– “Astronomiya foydasiz fan. Olis yulduzlarni o‘rganishdan, mablag‘ sarflashdan nima foyda”, deguvchilar ham topiladi. Bunga sizning fikringiz?

– Har qanday fan haqida, jumladan, astronomiya haqida ham shunday fikrlar bo‘lishi mumkin. Ammo bu fikr noto‘g‘ri. Astronomiyaga kelsak, ikkita misolning o‘zi yetarli. Masalan, qo‘lingizdagi telefon kamerasi bilan video olasiz, baxtli damlaringizni suratga muhrlaysiz. Eng oddiy uyali telefonlarda ham raqamli kamera, ya’ni plyonkaning o‘rniga tasvirni saqlab oladigan kremniyli kristall PZS matritsa bor. Buni kundalik hayotimizga birinchi bo‘lib astronomlar olib kirishgan. Uni ilk bor teleskoplar uchun yasashgan. Ikkinchi misol esa GPS tizimi. Barcha rivojlangan davlatlarda dunyoni navigatorlar bilan sayohat qilib chiqiladi. Ularning yordami bilan, qayerda bo‘lmaylik, o‘z koordinatlarimizni aniqlaymiz. Bu ham astronomlarning kashfiyoti.

– Fikringizcha, bugungi zamonaviy astrofizika yaqin kelajakda koinotning qanday sirlarini ochish oldida turibdi?

– Asosiy sirlardan biri bu – qorong‘i modda. U ko‘rinmaydi, ammo tortishish kuchi ta’sirida o‘zini namoyon qiladi. Ko‘rinuvchi modda yulduzlar, yulduz turkumlari, sayyoralar. Ular koinotning faqat 4 foizini tashkil etadi. Qolgan 23 foizi qorong‘i modda va 73 foizi sirli qorong‘i energiya. Baribir bizning koinotimizni, galaktikamizni va quyosh tizimimizni o‘rganish doimo yangi, kutilmagan hodisalar va kutilmagan kashfiyotlarni keltirib chiqaraveradi. Va koinotda, quyosh tizimida hali ham noma’lum sirlar juda ko‘p.

– Ushbu olamshumul astronomik sinoatlar sirlarini ochishdek mas’uliyatli izlanishlaringizga omad tilaymiz.

- Rahmat.

Shahnoza ROFIYeVA suhbatlashdi.