Bolalar ombudsmani qizaloqni onasi (Rossiya Federatsiyasi)ga qaytardi

Bolalar ombudsmani nomiga Rossiya Federatsiyasi Bola huquqlari bo‘yicha vakili murojaat qilib, RF fuqarosi bo‘lgan ayol K.S ning qizi A.S (2021 yilda RFda tug‘ilgan) O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan otasi A.S  (1991 yilda tug‘ilgan erkak) tomonidan 2024 yilning oktyabr oyigacha bo‘lgan ruxsat asosida olib ketilgan bo‘lsa-da,  onaning qarshiligiga qaramay farzandi ota tomonidan bugungi kunga qadar O‘zbekistonda ushlab qolinayotganligi, A.S. aloqaga chiqmay, bolaning ahvoli haqida xabar bermayotganligi, otaning yashash manzili noma’lum ekanligini bildirib, bolaning turgan manzilini aniqlab, ona va bola aloqasini tiklashda amaliy yordam so‘ragan.

Bolalar ombudsmani so‘rovi asosida Ichki ishlar organlari tomonidan olib borilgan o‘rganish natijasida, ota A.S. 2024 yilning o‘zida ishlash maqsadida Sankt-Peterburg shahriga ketganligi, voyaga yetmagan qizi S.A  esa buvisi A.G (1964 yilda tug‘ilgan ayol) qaramog‘iga topshirilganligi aniqlanib, shu kunga qadar Samarqand shahrida istiqomat qilib kelayotganligi ma’lum bo‘ldi.

Mutasaddilarning ko‘rgan choralari natijasida bolaning buvisi A.G. o‘z xohishiga ko‘ra nevarasi S.A ni onasiga topshirdi va qizaloq onasi K.S hamrohligida Rossiya Federatsiyasiga qaytdi.

Shu o‘rinda aytish joizki, Bolalar ombudsmani bola manfaatlari yo‘lida Rossiya Federatsiyasidagi hamkasbi bilan tezkor va konstruktiv hamkorlikni davom ettiradi, deyiladi xabarda.