Attang, hazilning tagi zil bo‘ldi-ku...
Yaqin o‘rtoqlar bir birlariga hazil qilsa, uzoqdan ko‘rgan kishi ularning bir-biriga bo‘lgan munosabatini ko‘rib xursand bo‘ladi, ko‘ngli yorishadi. Biroq har doim ham qilingan hazillar yaxshilik bilan tugamaydi, balki og‘ir oqibatlarga sabab bo‘lishi mumkin.
J.Mavlonov (ism-familiyalar shartli) ham o‘rtog‘i J.Choriyev bilan hazillashib kurash tushmoqchi bo‘lgandi…
Voqea haqida qisqacha.
J.Mavlonov 2020 yil 3 iyun kuni soat 06:30 larda Nurota tumani, Saidjon Eshon qishlog‘ida yashovchi qishloqdoshi J.Choriyevning yashash uyiga qurilish ishlarida ishlash maqsadida keladi. Kiyimlarini almashtirayotgan vaqtida tanishi J.Choriyev bilan o‘zaro hazillashib, kurash tushib ketadi va unga tan jarohati yetkazadi. Ya’ni, kurash davomida qaltis harakat qilib, uning o‘ng qo‘lini qattiq tortadi va tibbiyot tili bilan aytganda, “o‘ng o‘mrov akromial birikmasi to‘liq uzilishi” holatini sodir etadi. Ana sizga, hazilning oqibati.
Xullas, bu hazil ikki do‘stni sud idorasiga kelishiga majbur qildi. Sud majlisida J.Mavlonov do‘stidan yana bir bor kechirim so‘radi, sodir qilgan jinoyatining huquqiy oqibatlarini to‘liq anglab yetganligini aytdi. Sud bu holatlarni inobatga olib, unga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan axloq tuzatish ishlari jazosi tayinladi.
X.Asomov,
jinoyat ishlari bo‘yicha Navoiy viloyati sudi katta mutaxassisi.