Aviakassa xodimi o‘z foydasiga “yanglishdi”

Shu yilning 16 aprel kuni Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati Kattaqo‘rg‘on tuman bo‘limiga Fayzikent mahalla fuqarolar yig‘ini, Ravot qishlog‘ida yashovchi Xolida Saidovadan shikoyat arizasi kelib tushadi.

Unda iste’molchi X.Saidova turmush o‘rtog‘i Sanjar Rashidov bilan birga Rossiya Federatsiyasining Moskva shahriga borish maqsadida aviachipta olmoqchi bo‘lib, Payshanba shaharchasi “Do‘stlik” mahallasi Amir Temur ko‘chasidagi “Sagdiana ishonch avia” mas’uliyati cheklangan jamiyati filiali murojaat qilganligi, aviakassa sotuvchisi Gavhar Abdullayeva ulardan O‘zbekistondan Moskva shahriga uchuvchi reys uchun deb har biriga 1 650 000 so‘mdan, jami 3 300 000 so‘mga aviachipta sotganligi bayon etilgan.

Ular aviachiptaga e’tibor bilan qarab, sotuvchi Chimkentdan Moskvaga uchadigan biletni sotganligini anglashadi. Tabiiyki, X.Saidova va S.Rashidov “uddaburon sotuvchi”ga chiptani almashtirishni yoki xatolikni to‘g‘rilashni aytishganda G.Abdullayeva buning iloji yo‘qligini, keyinroq biror chora topishini aytadi.

Fuqarolar bir necha kun sarson bo‘lsa-da ishlari ijobiy hal bo‘lmaydi. Nihoyat iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati Kattaqo‘rg‘on tuman bo‘limiga murojaat qilishadi. Holat joyiga borib o‘rganilganda esa G.Abdullayeva ko‘ra-bila turib, bu ishga qo‘l urgani, agar xohlasa fuqarolarga ortiqcha to‘langan 200 ming so‘mni qaytarib berishini bildiradi. Undan iste’molchiga aviachipta uchun qabul qilingan naqd pullarning bir martalik cheki so‘ralganda iste’molchiga bermaganligi, endi ham imkoni yo‘qligini aytadi.

Mazkur holat yuzasidan tegishli hujjatlar jamiyat xodimlari tomonidan rasmiylashtirilib, tuman adliya bo‘limiga bildirishnoma kiritilgan. Endi tartibbuzar sotuvchi qonunda belgilangan tartibda javob beradi.