Avtomashinadan foydalanish borasida fuqarolardan tushgan savollarga javoblar

1. Litsenziya bilan taksi xizmati ko‘rsatuvchi haydovchilar qanday hollarda yo‘lovchi olib yurishlari mumkin?

O‘zbekiston Respubilikasiga koronavirus kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasining 2020 yil 8 apreldagi 17-son yig‘ilish bayonining 1-ilovasi 4-bandiga asosan:

- yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanish litsenziyasiga ega bo‘lgan yo‘nalishsiz taksilarga o‘zlarining ro‘yxatdan o‘tgan ma’muriy hududi doirasida yo‘lovchilarsiz faqat yetkazib berish xizmatini ko‘rsatishi mumkin. Shuningdek, inson hayotiga xavf tug‘diradigan holatlarda va kechiktirib bo‘lmaydigan tibbiyot muolajalarini olayotgan bemor yo‘lovchilarni tashish mumkin. 

2. Shaxsiy avtomobiliga ega bo‘lmaganlar birga ishlaydigan hamkasblarining avtomobilida birga ishga borib kelishi mumkinmi?

Respublika maxsus komissiyasining 2020 yil 13 apreldagi 18-son yig‘ilish bayonining 11-bandi “g” kichik bandiga asosan:

- xodimlarning shaxsiy avtotransport vositalaridan faqat ishga borish va qaytish vaqtida foydalanishi belgilangan;

- bir muassasada faoliyat olib boruvchi xodimlar ishga borishda va qaytishda xizmat va shaxsiy avtotransport vositalarida bir yo‘nalishda birgalikda birga qatnovga ruxsat berilgan.

3. Qurilish tashkilotidagi ishchilarni ishga olib borishda qanday ruxsatnoma kerak bo‘ladi?

Respublika maxsus komissiyasining 2020 yil 18 apreldagi 19-son yig‘ilish bayonining 5-bandiga asosan:

- qurilish tashkilotlari ishchilarini avtotransport vositasida ob’yektga olib kelish uchun (shu jumladan, boshqa viloyat hududidan) avtotransport vositasi rusumi, kelish vaqti, yo‘nalishlari va ishchilarning ismi va familiyalari ko‘rsatilgan bir martalik ruxsatnoma Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari tomonidan taqdim etiladi.

4. Soat 07:00 dan 10:00 ga hamda 17:00 dan 20:00 ga qadar harakatlanishga ruxsat berilgani munosabati bilan shaxsiy avtotransport vositasiga ega bo‘lganlar o‘z mashinalarida ish joyiga borib kelishlari mumkinmi?

Respublika maxsus komissiyasining 2020 yil 30 apreldagi 20-son yig‘ilish bayonining 24-bandi talablariga ko‘ra, 2020 yil 30 aprel kuni soat 06:00 dan boshlab fuqarolarga ish joyiga borib kelishi, tibbiy buyumlar, dori vositalari, oziq-ovqat va birinchi galdagi mahsulotlarni xarid qilish uchun soat 07:00 dan 10:00 ga hamda 17:00 dan 20:00 ga qadar viloyatlar markazlari, Nukus shahri va Toshkent shahrida barcha turdagi yengil avtotransport vositasida, shu jumladan, velosiped va mototransportlarda maxsus ruxsatnomasiz harakatlanishiga ruxsat berilgan.

O‘zbekiston Respublikasi IIV YHXBB axborot xizmati.