Avtomobillarning butlovchi buyumlarini mahalliy tadbirkorlar ishlab chiqarmoqchi

Samarqandda viloyatdagi avtomobilsozlik korxonalarining mahalliy ishlab chiqaruvchilar bilan kooperatsiya aloqalarini kengaytirishga qaratilgan ko‘rgazma o‘tkazildi.

Samarqand viloyati hokimligi va “O‘zavtosanoat” aksiyadorlik jamiyati hamkorligida tashkil etilgan tadbirda “JV MAN Auto-Uzbekistan”, “SamAuto”, “Uz Auto TRAILER” korxonalari va ular bilan hamkorlikda ishlayotgan hamda kelgusida birgalikda ishlash niyatida bo‘lgan tadbirkorlar, sanoat korxonalari vakillari ishtirok etdi.

– Joriy yilning 17 sentyabr kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishda davlatimiz rahbari tarmoq va hududlarda mahsulot ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va sanoat kooperatsiya aloqalari sust rivojlanayotganligini qayd etib, bu borada amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalarni belgilab bergan edi, – deydi Samarqand viloyati hokimining mahsulotlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va sanoatda kooperatsiya aloqalarini kengaytirish masalalari bo‘yicha yordamchisi N.Ibragimov. – Shundan kelib chiqib, ayni paytda viloyatimizdagi sanoat korxonalari o‘rtasida kooperatsiya aloqalarini kengaytirish, mahalliylashtirish dasturi asosida import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, Samarqandda faoliyat olib borayotgan avtomobilsozlik korxonalarida ishlab chiqarilayotgan transport vositalari uchun mingdan ortiq butlovchi buyum zarur bo‘lib, ularning asosiy qismi xorijdan import qilinadi. Birgina, joriy yilning o‘n oyida uchta korxonamiz 228 million dollarlik butlovchi buyumlarni chet mamlakatlardan xarid qildi. Bu viloyat umumiy eksportining 20 foiziga teng deganidir. Agar shu mahsulotlar o‘zimizda ishlab chiqarilsa, iqtisodiyotimizni mustahkamlash va yangi ish o‘rinlari yaratishga katta hissa bo‘ladi. Mazkur ko‘rgazma ayni shu maqsadda tashkil etildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda “JV MAN-Auto Uzbekistan” qo‘shma korxonasida import qilinayotgan butlovchi buyumlardan 135 turdan ortig‘i yurtimizda faoliyat yuritayotgan 20 dan ko‘proq korxona tomonidan ishlab chiqarilmoqda. Ko‘rgazmada yana 300 dan ortiq butlovchi buyumlarni sanoat kooperatsiyasi doirasida mahalliylashtirish uchun tadbirkorlarga taklif etildi.

– Bugungi kunda ishlab chiqarayotgan yuk mashinalari va avtobuslarimiz butlovchi qismlarining mahalliylashtirish darajasi 30 foizni tashkil etmoqda, – deydi “JV MAN-Auto Uzbekistan” qo‘shma korxonasi bo‘lim boshlig‘i A.Tillaboyev. – Yaqin yillarda bu ko‘rsatkichni 40 foizga yetkazishni rejalashtirganmiz. Ko‘rgazmada respublikamizning turli hududlaridan kelgan tadbirkorlarga korxonamiz uchun zarur bo‘lgan butlovchi qismlar haqida ma’lumot berdik va ularning 50 ga yaqini bilan shartnomalar imzolashga erishdik.

Ayni paytda qo‘shma korxona shaklidagi “SamAuto” mas’uliyati cheklangan jamiyatida import qilinayotgan butlovchi buyumlardan 1000 ga yaqini yurtimizdagi 91 korxona tomonidan ishlab chiqarilmoqda va ulardan foydalanilmoqda.

– Hozirda viloyatimizdagi 13 ta korxona bilan mahalliylashtirish dasturi doirasida hamkorlik qilib kelyapmiz, – deydi “SamAuto” mas’uliyati cheklangan jamiyati mahalliylashtirish bo‘limi boshlig‘i M.Egamberdiyev. – Yildan-yilga ushbu yo‘nalishdagi ishlar ko‘lamini oshirish harakatidamiz. Mazkur ko‘rgazmada ham 700 dan ortiq import detallarni keltirib, biz bilan hamkorlikda ishlamoqchi bo‘lgan tadbirkorlar va korxonalar vakillariga namoyish etyapmiz. Ko‘plab ishlab chiqaruvchilardan manfaatli takliflar oldik va birgalikda ishlash bo‘yicha kelishuvlarga erishdik.

“UzAutoTrailer” korxonasida foydalanilayotgan butlovchi buyumlarning 35 tasi 20 ga yaqin mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan tayyorlanadi. Tadbirda 65 ta butlovchi buyumlarni sanoat kooperatsiyasi doirasida mahalliylashtirish taklifi bildirildi.

Ko‘rgazmada lokalizatsiya dasturi asosida viloyatdagi avtomobilsozlik zavodlari bilan faol hamkorlik qilayotgan Samarqand tumanidagi “Stekloplastik”, Ishtixon tumanidagi “Mitan yog‘du elektrik” mas’uliyati cheklangan jamiyatlari, Samarqand shahridagi “Yangiariq” xususiy korxonasining ish tajribasi e’tirof etildi.

Tadbir davomida yurtimizning turli hududlaridan kelgan ishlab chiqaruvchilar va Samarqanddagi avtomobilsozlik korxonalari o‘rtasida shartnomalar imzolandi, kelishuvlarga erishildi.

E’tiborlisi, ikki kunlik mazkur ko‘rgazma bundan buyon doimiy faoliyat ko‘rsatishi qayd etildi.

G‘olib HASANOV.