Axborot xizmatlari rahbarlari har uch yilda Agentlikda attestatsiyadan o‘tadi

Ommaviy axborot vositalari mustaqilligini ta’minlash hamda davlat organlari va tashkilotlari axborot xizmatlari faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori qabul qilindi.

 Unga ko‘ra, 2019 yil 1 oktyabrdan boshlab bolalar adabiyotlari hamda nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun mo‘ljallangan mahsulotlar chop etishga ixtisoslashgan nashriyotlar noshirlik faoliyatini amalga oshirishga litsenziya berganlik uchun davlat boji to‘lashdan ozod qilinadi.

 Qaror bilan davlat organlari va tashkilotlari faoliyati haqida OAVlar, ijtimoiy tarmoqlar, ushbu organlarning veb-saytlari, boshqa axborot resurslari orqali, matbuot anjumanlari, brifinglar, mediaturlar tashkil etish yo‘li bilan aholiga muntazam, to‘liq va tezkor ravishda axborot taqdim etib borish, OAVlarda tashkilot rahbarlarining chiqishlarini tashkil etish kabilar davlat organlari va tashkilotlarining axborot xizmatlari, matbuot markazlari, jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha xizmatlarining asosiy vazifalari etib belgilandi.

 Qarorga ko‘ra axborot xizmatlariga ustuvor ravishda jurnalistika sohasida oliy ma’lumotga ega bo‘lganlar ishga olinadi.

 Shuningdek,  axborot xizmatlari rahbarlari:

- bir vaqtning o‘zida rahbarning matbuot kotibi hisoblanadi;

- axborot siyosati masalalari bo‘yicha rahbarning maslahatchisi maqomiga ega bo‘ladi hamda mehnatga haq to‘lash, tibbiy va transport xizmati ko‘rsatish shartlariga ko‘ra rahbar o‘rinbosariga tenglashtiriladi;

- Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi yoki uning hududiy bo‘linmalari xulosasi asosida lavozimga tayinlanadi;

- har uch yilda Agentlikda attestatsiyadan o‘tadi.

Qarorga muvofiq:

- Agentlikning davlat organlarining axborot xizmatlarini muvofiqlashtirish bo‘limi negizida Axborot xizmatlari faoliyatini tashkil qilish va muvofiqlashtirish boshqarmasi tashkil etilishi;

- hududlardagi axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmalarida axborot xizmatlari faoliyatini tashkil qilish va muvofiqlashtirish sektori tashkil etilishi belgilandi.