Ayanchli taqdir yoxud jasorat namunasi
«Samarqanddan chiqqan «O‘zbek esheloni» belgilangan manzilga o‘ninchi iyul kuni yarim kechasi yetib keldi. Ikki hafta yo‘l bosildi. Poyezdda ikki hafta vaqt behuda ketmadi: qo‘mondonlar shu kungacha oddiy hayot kechirib kelgan, endi esa dabdurustdan Qizil armiya askariga aylangan yosh-yalangga eng sodda, ammo muhimdan-muhim harbiy mashqlarni: miltiq, pulemyot, granatani qanday otishni, qo‘l jangi usullarini oz bo‘lsa-da o‘rgatishdi.
«Yangi askarlar» vagon oynalaridan kichikroq bir bekat – yarimvayrona vokzal binosini ko‘rishdi. Binoning tom qismiga snaryad yoki aviabomba tushib pachoq qilgan – bekat nomini bilib bo‘lmasdi... O‘zbek askarlari aynan front o‘chog‘iga kelib tushishganini sezib turishardi”.
Ushbu parcha yaqin tarix, aniqrog‘i, Ikkinchi jahon urushining mash’um voqealari, 1941 yilning sentyabr oyida Rossiyaning Smolensk shahrida nemis fashistlari bilan kechgan jangda asirga tushgan 101 nafar o‘zbek yigitining ayanchli taqdiri haqida yozilgan kitobdan olindi.
Anvar Irgashev va Yuliya Medvedovskaya yozgan (Toshkent shahri, “Yoshlar nashriyot uyi” nashriyoti, 2019 yil) mazkur roman - “Bir yuz bir” deb nomlangan. Asar syujetiga real voqea, ana shu bir yuz bir o‘zbek jangchisining urush yillaridagi fojiali taqdiri, Amersfort konslagerida do‘zax azobiga mardona dosh bergan holatlari asos qilib olingan. Achinarlisi, bu askarlar Gitlerning makkorona rejasini butkul barbod qilgani va fashistlarning jahon tarixini boshqa o‘zanga burib yuborishiga to‘siq bo‘lganini bilmay halok bo‘lishgan.
Asarda yozilishicha, Gollandiyaning Amersfort shahri yaqinidagi sovet qabristonida 865 nafar sovet askari ko‘milgan, ular orasida 101 askarning shaxsiyati va ismlari yo‘q. “Noma’lum sovet jangchisi“, degan bitik tufayli tadqiqotchi Remko Reyding bu voqea yuzasidan arxiv ma’lumotlarini o‘rganib, ularning o‘zbek jangchilari ekanini aniqlaydi. 18-34 yosh oralig‘ida bo‘lgan bu askarlar 1941 yilning 10 iyulidan 10 sentyabrgacha Smolensk shahrida kechgan urushda qatnashib, fashistlarga asirga tushib qoladi. 27 sentyabrda Amersfort konslageriga keltiriladi va ular 1942 yilning 9 aprelda konslager yaqinidagi o‘rmonga olib chiqib, otib tashlanadi.
Darvoqe, romanni o‘qir ekansiz, 101 nafar o‘zbek yigiti o‘zlarining mardligi, jasorati bilan gollandiyaliklar qalbidan joy olganligiga amin bo‘lasiz. Shuning uchun hozirgacha Amersfort shahri yaqinidagi o‘rmonda har bahor yuzlab gollandlar to‘planadi va ular 9 aprel, tong sahar o‘rmonda 101 ta sham yoqadi.
Akram BO‘RIYeV.