Kredit og‘ir, o‘g‘it narxi qimmat, uzluksiz gaz ta’minoti yo‘q

Bugungi kunda respublikada 5,1 ming gektar issiqxonalar mavjud bo‘lib, so‘nggi yetti yilda ularda yetishtiriladigan mahsulot hajmi 110 ming tonnadan 546 ming tonnaga ko‘paydi.
Lekin, tadbirkorlar kredit og‘irligi, o‘g‘it narxi qimmatligi, uzluksiz gaz ta’minoti yo‘qligini aytmoqda. Masalan, 600 gektardan ortiq maydondagi issiqxona faoliyatini to‘xtatgan, 128 gektari qarzdorlik sababli bank balansiga o‘tgan.
Shu bois issiqxona xo‘jaliklari qo‘llab-quvvatlanadi. Endilikda:
- ichki bozor bilan bir qatorda eksportga ham mahsulot yetishtirish majburiyatini olgan, tabiiy gazda ishlayotgan issiqxonalarga qishki mavsumda gaz kafolatli hajmda beriladi;
- ko‘mir yoki boshqa muqobil isitish tizimida ishlayotgan hamda eksport majburiyatini olgan issiqxonalarga ham tabiiy gazga qaytish imkoni beriladi;
- aylanma mablag‘ yetarli bo‘lishi uchun oldindan to‘lov oktyabr-mart oylariga 50 foiz qilib belgilanadi. Bunda, issiqxonalar gaz korxonalari bilan 1 oktyabrgacha shartnoma imzolaydi;
- tabiiy gazdan ko‘mir yoki boshqa muqobil isitish tizimiga o‘tgan issiqxonalarga ajratilgan kredit muddati uzaytirib beriladi;
- issiqlik nasoslari texnologiyalarida ishlaydigan issiqxona tashkil qilganlarga xarajatlarning 20 foizgacha qismi, bu ishlar kredit hisobidan bo‘lsa, kredit stavkasini 4 foizi qoplab beriladi.