Aybiga iqrorlik bo‘yicha kelishuv tuzgan shaxslarga yengilroq jazo tayinlanadi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 10 avgustdagi “Sud-tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida jinoyat-protsessual qonunchiligiga aybiga iqrorlik bo‘yicha kelishuv instititutini joriy qilish ko‘zda tutilgan edi.
Joriy yilning 18 fevral kuni “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat va Jinoyat-protsessual kodekslariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi. Qonun bilan Jinoyat-protsessual kodeksiga mamlakat qonunchiligi uchun mutlaqo yangi mexanizm — aybiga iqrorlik to‘g‘risida kelishuv instituti joriy etildi. Aybiga iqrorlik to‘g‘risida kelishuv o‘ta og‘ir jinoyat hisoblanmaydigan jinoyatlar bo‘yicha aybiga iqror bo‘lgan, jinoyatni ochishga ko‘maklashgan va zararni bartaraf etgan gumon qilinuvchining yoki ayblanuvchining iltimosnomasiga asosan prokuror bilan tuziladi. Jinoyat kodeksiga kiritilgan qo‘shimchaga ko‘ra, mazkur kelishuvni tuzgan shaxslarga iqrorlik bildirilgan jinoyati uchun nazarda tutilgan eng og‘ir jazoning yarmidan oshmagan holda jazo tayinlanadi.
Aybiga iqrorlik to‘g‘risida kelishuv tuzish qay tartibda amalga oshiriladi?
Aybiga iqrorlik to‘g‘risidagi kelishuv gumon qilinuvchi yoki ayblanuvchi o‘z harakatlari va berayotgan iltimosnomasi mohiyatini anglab yetgan bo‘lsa, iltimosnoma ixtiyoriy ravishda, himoyachi bilan maslahatlashuvdan keyin berilgan bo‘lsa va u o‘ziga nisbatan qo‘yilgan gumon yoki ayblovni, ish bo‘yicha mavjud dalillarni, shuningdek, yetkazilgan zararning xususiyati va miqdorini inkor etmasa, faqat gumon qilinuvchi va ayblanuvchining iltimosnomasiga binoan tuzilishi mumkin. Bu shuni anglatadiki, aybiga iqrorlik to‘g‘risidagi kelishuv faqat gumon qilinuvchi yoki ayblanuvchinining tashabbasi bilan tuzilishi mumkin va uni mazkur kelishuvni tuzishga biror-bir tarzda majburlashga yoxud undashga yo‘l qo‘yilmaydi.
Jinoyat protsessi ishtirokchilari uchun mazkur institut qanday ahamiyat kasb etadi? Bu kelishuvdan kim qanchalik manfaatdor?
Davlat uchun jinoyat ishining aybiga iqrorlik to‘g‘risidagi kelishuv bilan yakunlanishi bir qancha afzalliklar beradi. Xususan, bu kelishuv jinoyat protsessida haftalab, ba’zan oylab davom etishi mumkin bo‘lgan tergov jarayonlari va sud muhokamasini oldini olib, jinoyat ishlarini tez va oson ko‘rilishiga olib keladi.
Tergov va sud jarayonlariga sarf etiladigan mablag‘lar xalqimiz to‘laydigan soliqlar evaziga shakllantiriluvchi davlat byudjetidan qoplanishi hisobga olinsa, ushbu yangilikning foydali jihati yanada ravshanlashadi. Shunday bo‘lsa-da, davlat nuqtai nazaridan olib qaraganda, jinoyat ishining mazkur kelishuv bilan yakunlanishi sodir etilgan jinoyatga ob’yektiv baho berishdan maqsadli chekinilganlikni anglatadi, bu esa jinoyatga jazo tayinlashda odillik prinsipini so‘roq ostida qoldirishi mumkin.
Bundan tashqari, garchi aybiga iqrorlik to‘g‘risidagi kelishuvda gumon qilinuvchi (ayblanuvchi) prokuror kutganidan yengilroq jinoyatga iqrorlik bildirsa-da, bu baribir ayblov hukmi kafolatlanganini bildiradi. Odatdagi jinoyat ishlarida esa tergov jarayonlarida shaxsning jinoyat sodir etish da aybdorligi aniq va inkor qilib bo‘lmas dalillar bilan isbotlangan bo‘lsada, sud yakunda qanday qarorga kelishini olindan bilib bo‘lmaydi.
Yuqorida ta’kidlanganidek, gumon qilinuvchi yoki ayblanuvchi aybiga iqrorlik to‘g‘risida kelishuv tuzsa, unga iqrorlik bildirilgan jinoyati uchun Jinoyat kodeksida nazarda tutilgan eng og‘ir jazoning yarmidan oshmagan miqdorda jazo beriladi.
Aybiga iqrorlik to‘g‘risidagi kelishuv esa hech qanday tavakkalchiliklarsiz odatdagi sud muhokamasi natijasida tushib qolishi mumkin bo‘lgan og‘irroq vaziyatdan ayblanuvchini qutqaradi. Shundan kelib chiqib aytish mumkinki, Jinoyat-protsessual qonunchiligiga mazkur institutning kiritilishini jinoyat protsessida shaxsning huquq va erkinliklarini ta’minlashga qaratilgan yana bir qadam sifatida e’tirof etish mumkin.
Mardonbek Ergashboyev,
Toshkent davlat yuridik universitetining ixtisoslashtirilgan filiali talabasi.