“Aybim – Qo‘qon xonining nevarasi ekanligimmi?” Qatag‘onga uchragan hamyurtlarimizdan biri hayotidan

Uni 1937 yilning 13 noyabr kuni hibsga olishdi. Bu vaqtda Kamkor Umarov Samarqand shahar militsiyasining 4-bo‘limi boshlig‘i vazifasida ishlar edi. Uni hibsga olish haqida O‘zSSR NKVDsining ishchi-dehqon militsiyasi boshqarmasi jinoyat-qidiruv bo‘limi 3-bo‘linmasi rahbari Izmaylov chiqargan qarorda yozilishicha, K.Umarov 1935-1936 yillarda militsiya rahbariyatini tayyorlash maktabida o‘qish davrida shu bilim yurtida tarjimon bo‘lib ishlayotgan va tahsil olayotgan To‘lagan Mirazizov bilan yaqin aloqa o‘rnatadi. Aksilinqilobiy kayfiyatda bo‘lgan T.Mirazizov bilan birgalikda maktab tinglovchilari orasida sovetlarga qarshi targ‘ibot olib boradilar. Bu bilan O‘zSSR Jinoyat kodeksining 60-67-moddalarida ko‘rsatilgan jinoyatlarni sodir etgan.

Oradan ko‘p o‘tmay Samarqand shahar militsiyasi boshlig‘i Golyaxovskiy Respublika Ishchi-dehqon militsiyasi boshqarmasi alohida inspeksiyasi rahbari, leytenant Oltinboyev imzosi bilan quyidagi mazmunda so‘rovnomani oldi:

“Sizga Samarqand viloyat ”Lenin yo‘li” gazetasida shu yil 14 oktyabrda chop etilgan “Mansabdor bezori” maqolasini yubormoqdaman. Avvalo, ushbu maqola muallifini aniqlashingiz so‘raladi. Uni so‘roq qilib, biz tomondan qamoqqa olingan Kamkor Umarovning bezoriligi hamda militsiya organlarini obro‘sizlantirish bo‘ycha xatti-harakatlarini fosh etuvchi ko‘proq dalillar to‘plashingiz so‘raladi. Gazetada bosilgan maqolada Umarov o‘zi rahbarlik qilgan militsiya bo‘limi ishi bilan umuman qiziqmaganligi, bu borada faoliyatsizlik ko‘rsatganligi, natijada ushbu hududda bosqinchilik, o‘g‘irlik, bezorilik va boshqa jinoyatlar soni keskin oshganligi aytilgan. Bu holatlarni tekshirish uchun sizdan 4-militsiya bo‘limi boshlig‘i tomonidan jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida sovuqqonlikka yo‘l qo‘yilganligi haqida bo‘lim xodimlarini so‘roq qilish, Umarovning rahbarligi davrida hududda qancha jinoyat sodir etilganligini raqamlarda ko‘rsatib berish so‘raladi. Xodimlarni so‘roq qilish jarayonida Umarovning faoliyatsizligini ko‘rsatuvchi holatlarga alohida etibor qilinsin.

Shuningdek, Umarov tomonidan o‘zlashtirish va suiiste’molchiliklarga yo‘l qo‘yilganligi masalasiga diqqat bilan qaralsin. Sizga ma’lumki, K.Umarov biz tomonimizdan aksilinqilobiy faoliyatda ayblanib, hibsga olingan. Agar u aksilinqilobchi ekan, demak bu ishlarni ongli ravishda qilgan. Ya’ni, militsiya faoliyatini izdan chiqarish, uni ishchilar va kolxozchilar ko‘z o‘ngida obro‘sizlantirishga intilgan. Tekshiruvni ana shu yo‘nalishda va maqsadlarda olib borish zarur”.

Bu maqolada shuningdek, K.Umarov xotinboz, ishga mas’uliyatsiz, u rahbarlik qilayotgan bo‘limning bir xodimiga bezorilar pichoq urgan, degan ayblovlar ham bitilgan edi.

Kamkor Umarovning o‘z qo‘li bilan yozgan tarjimai holidan:

“Men 1905 yilda Toshkent shahrida Chuvalachi mahallasida oddiy dehqon Umar oilasida tug‘ildim. 1920 yilgacha otamning qaramog‘ida edim. O‘sha yili maktab-internatga o‘qishga o‘tdim. 1924 yilda Toshkentdagi milliy harbiy maktabga o‘qishga kirdim. Keyin bu maktab Lenin nomli harbiy bilim yurtiga qo‘shib yuborildi. 1929 yilgacha o‘sha yerda tahsil oldim. Lekin uni tugatolmadim. Kasalligim tufayli o‘qishni qoldirdim.

1930 yilda OSVIAXIM tashkilotiga harbiy bo‘lim boshlig‘i vazifasiga ishga o‘tdim. 1933 yildan militsiya kichik komandirlar maktabida vzvod komandiri etib tayinlandim. 1935-1936 yillarda Toshkentdagi 3-militsiya rahbar xodimlari maktabi kursanti sifatida tayyorgarlikdan o‘tdim. 1936 yil oktyabr oyida Samarqand shahar militsiya boshlig‘ining yordamchisi vazifasiga ishga yuborildim. Oradan ko‘p o‘tmay shahardagi 4-militsiya bo‘limi boshlig‘i etib tayinlandim”.

Kamkor Umarov hibsga olinayotgan paytda to‘ldirilgan hujjatlarda ko‘rsatilishicha u bilan Samarqand yaqinidagi Motrud qishlog‘idagi uyida onasi Mazali Nazarova, xotini Anisa, 6 yoshli o‘g‘li Hasan, 5 yoshli qizi Ra’no, 2 oylik o‘g‘li O‘tkir birga yashagan.

1937 yil 27 noyabrda Kamkor Umarov O‘zSSR NKVD ishchi-dehqon militsiyasi boshqarmasi alohida inspeksiyasi rahbari Oltinboyev o‘tkazgan tergovda uning qo‘ygan savollariga yozma javob beradi.

Unda aytilishicha, 1933 yil 1 iyunda Toshkent shahridagi militsiya kichik rahbar xodimlari tayyorlash maktabiga tayyorgarlik-mashq vzvodi komandiri vazifasiga ishga kirgan.

“Ana shu davrda divizion komandiri Yegorov bilan oramizda turli masalalar bo‘yicha kelishmovchiliklar bo‘ldi. Bir kuni siyosiy xodim Ismoilov maktab oshxonasiga oddiy xodimlar yetishmayotganini aytib, divizion komandiriga bir o‘zbek ayolini ishga olishni tavsiya qildi. Uning bu gapiga Yegorov “o‘zbeklar ishlashni bilishmaydi, buning ustiga ular kir-chir yurishadi, shuning uchun ularni ishga olib bo‘lmaydi”, deb javob berdi.

Uning bu gapidan achchig‘im kelib, sizning bu gaplaringizdan millatchilik hidi kelayapti, dedim. Ikkalamiz shu yerda janjallashib qoldik. Men uning gaplarini o‘zbek millatiga nisbatan haqorat deb bildim. Bu janjalga politruk Bekmuhamedov, divizion komandirining siyosiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Vosnovlar guvoh edi. Keyinchalik bu haqda ishchi-dehqon militsiyasi boshqarmasiga ham murojaat etgan edik. Yegorov bilan janjallashganimning asosiy sababi shunday bo‘lgan.

Lenin ordeni haqida aytgan gaplarimga kelsak, voqea bunday bo‘lgan edi. 1935 yilda men Toshkentdagi yuqori rahbar xodimlarni tayyorlovchi militsiya maktabiga o‘qishga kirdim. Bir kuni paxtakorlarning katta guruhi mamlakatning orden va medallari bilan mukofotlanganligi haqidagi xabarni o‘qib qoldik. Ular orasida Lenin ordeni bilan mukofotlangan Mamlakat ismli yosh qizchaning ism-sharifi ham bor edi. Shunda men, bu qizcha qanday yuksak mukofotga sazovor bo‘lganligini tushunmasa ham kerak, dedim. Bor gap shu. Bu so‘zlarimni kimlardir noto‘g‘ri talqin qilib, yuqori tashkilotlarga yetkazishgan.

Militsiya maktabida o‘zbek kursantlarining ahvoli og‘ir edi. Ular moddiy jihatdan qiynalishar, uy-joyi yo‘qligidan oilalar buzilib ketardi. Men bu haqda maktab rahbariyatiga bir necha marta gapirganman. Lekin hech qanday natija bo‘lmadi. Ana shunday yetishmovchilik, kasalliklar tufayli 4-5 oy ichida xotinim va kichik bolam vafot etishdi. Og‘ir ahvolda qoldim. Onam ikki bolamni olib katta akamnikiga ko‘chib ketdi. Men ahvolimni ishchi-dehqon militsiyasi boshqarmasi rahbari Romanovga ham aytganman.

Qirg‘izboyev, Ibrohimov va Mirazizov masalasiga kelsak, ularni faqat militsiya maktabi o‘qituvchilari sifatida bilaman, xolos. 1934 yilda Mirazizov men ishlagan militsiya maktibida ushbu o‘quv yurti rahbarining siyosiy ishlar bo‘yicha yordamchisi edi. Men 1936 yil militsiya rahbar xodimlari tayyorlash maktabini bitirganimdan so‘ng Samarqandga ishga yuborildim. Shundan keyin ularni ko‘rganim ham yo‘q. Balki Qirg‘izboyev, Ibrohimov va Mirazizov qandaydir aksilinqilobiy guruh a’zolaridir. Lekin bu haqda men hech narsa bilmayman. Shuningdek, hech kim meni bunday tashkilot safiga tortmagan va hech qanday topshiriq ham bermagan.

Ijtimoiy kelib chiqishim bo‘yicha shuni aytishim kerakki, haqiqatan ham Qo‘qon xoni Xudoyorxonning nevarasiman. Katta akam Xudoyorxonov familiyasida. Qolgan ikki aka-ukam esa Saidov va Umarov familiyasini olishgan. Ayrim kishilarda Xudoyorxonning nabirasimi, demak aksilinqilobiy guruh ishlarida ishtirok etishi aniq, degan tushuncha mavjud. Lekin men Xudoyorxonni umuman ko‘rganim yo‘q. Uning vafotidan ko‘p yillar o‘tgach tug‘ilganman. Men sovet maktabida o‘qidim, sovet davlatida tarbiyalandim. Aybim – Qo‘qon xonining nevarasi ekanligimdami?

Sizdan iltimos, mening haqimda tuhmat gaplarni aytgan va yozgan odamlarga nisbatan chora ko‘rsangiz. Shuni qat’iy aytamanki, hech qanday tashkilot safida bo‘lmaganman va hech kim meni uning safiga tortmagan.”

Uning bo‘yniga qo‘yilayotgan ayblarni yanada bo‘rttirish uchun tergovchilar ham, guvohlikka o‘tgan kishilar ham imkonlaridagi barcha usullarni qo‘llashdi. Uning ustidan bir necha jildlik hujjatlar to‘plandi. Yetti-sakkiz oy davom etgan tergovlar kutilgan natijani bermadi. Lekin “Xudoyorxonning nabirasi”ni nima bo‘lsada “aksilinqilobchi”ga, “xalq dushmani”ga aylantirish ularning maqsadi edi. 1938 yil may oyida O‘zSSR Chegara va Ichki ishlar qo‘shinlari harbiy tribunali majlisida tergov qilinganda u quyidagilarni aytdi: “Men Xudoyorxonning nevarasi ekanligimni hech kimdan yashirmaganman. Ammo uni umuman ko‘rgan emasman. Men sovet hokimiyati davrida ulg‘aydim va tarbiyalandim. Balki ba’zi suhbatlarda davlat siyosatiga qarshi o‘zim bilmagan holda qandaydir fikrlarni aytgandirman. Bundan afsuslanaman. Menga mehnat qilish va oilam bag‘riga qaytish imkonini berishingizni so‘rayman.”

Lekin harbiy tribunal o‘z aybi nimadaligini ham anglamagan Kamkor Umarovga o‘lim jazosini berish haqida hukm chiqardi. Bu adolatsiz hukmdan norozi bo‘lgan K.Umarov SSSR Harbiy prokurori nomiga shikoyat arizasi yozadi. 1938 yil 28 sentyabrda SSSR Oliy sudining harbiy kollegiyasida uning ishi qayta ko‘rilib, avval chiqarilgan tribunal hukmi bekor qilinadi. Harbiy kollegiya qaroridan: “Umarovning aksilinqilobiy tashkilot a’zosi ekanligi isbotlanmagan. Uni faqat millatchilikni targ‘ib qilganlikda ayblash mumkin. Shu sababli u ikki yil qamoq jazosiga hukm qilinsin.”

Shundan keyin K.Umarov mamlakat shimolidagi Kargapol lagerlar boshqarmasi ixtiyoriga qamoq jazosining qolgan muddatini o‘tash uchun yuboriladi. Hujjatlardan uning 1939 yil dekabr oyida qamoqdan ozod bo‘lgani ma’lum. 1958 yilda bu ish SSSR Oliy sudi harbiy kollegiyasida qayta ko‘rilib, tarkibida jinoyat alomatlari bo‘lmaganligi uchun bekor qilinib, u oqlanadi. Lekin qamoqdan keyin Farg‘ona viloyatida yashagan Kamkor Umarovning izini boshqa topolmaydilar...

Muzaffar MUQIMOV.