Ayblanuvchining jazosi yengillashtiriladimi?
Jinoyat ishlari bo‘yicha Paxtachi tuman sudi raisi A.Akramovning Shamsnazar, Chorgo‘sha, Qiltamg‘ali, Dobusqal’a mahallalari aholisi uchun o‘tkazgan sayyor qabulida yuzga yaqin fuqaro ishtirok etdi.
Qabul chog‘ida aholi buzilgan huquqlarini tiklash, turli idoralarga qilgan murojaatlarining yechimi, sud hukmi bilan ozodlikdan mahrum etilgan yoki boshqa jazolar tayinlangan shaxslarning jazosini yengillashtirish masalalari yuzasidan murojaat qildi.
Jumladan, tuman sudining 2018 yil 29 maydagi hukmi bilan ikki yil axloq tuzatish jazosi olgan N.Po‘latov qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lganligini bildirib, oilaviy ahvolini hisobga olib jazo muddatini qisqartirishni so‘radi.
– Qonunchiligimizda mazkur holatda fuqaroga yengillik berish imkoniyati bor, – deydi A.Akramov. – Buning uchun kerakkli hujjatlarni tayyorlab sudga murojaat qilsa, masalani ko‘rib chiqib, ijobiy hal qilishni tushuntirdik. Bu kabi sayyor qabullar fuqarolarning sud idoralariga murojaat qilish imkoniyatlarini kengaytirish bilan birga o‘zimizning vaqtimizni tejash va ishimiz samaradorligini oshirishga xizmat qilmoqda.