Ayblanuvchining sodir etgan jinoyati yuzasidan iqrorligi yengilroq jazo tayinlanishini ta’minlaydi

2021 yil 18 fevralda “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat hamda Jinoyat-protsessual kodekslariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi. Mazkur qonun bilan O‘zbekiston qonunchiligi tarixida bo‘lmagan yangiliklarni joriy etdi. Xususan, ulardan biri sifatida Jinoyat-protsessual kodeksiga kiritilgan Aybga iqrorlik to‘g‘risidagi kelishuv deb nomlangan alohida 62-1-bobni ta’kidlash joiz.

Aybga iqrorlik to‘g‘risidagi kelishuv ayrim toifadagi jinoyatlar bo‘yicha shaxs aybini bo‘yniga olish to‘g‘risida arz qilgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan, jinoyat ishini yuritishni o‘ziga nisbatan qo‘yilgan gumonga, ayblovga rozi bo‘lgan, jinoyatning ochilishiga faol ko‘maklashgan va keltirilgan zararni bartaraf etgan gumon qilinuvchining yoki ayblanuvchining iltimosnomasiga asosan nazorat qiluvchi prokuror bilan ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan jinoyatlar bo‘yicha tuziladigan kelishuvdir.

586-2-moddada aybga iqrorlik to‘g‘risida kelishuv tuzish haqidagi iltimosnoma va uni berish tartiblari mukammal belgilab berilgan.

Aybga iqrorlik to‘g‘risidagi kelishuvning bosh maqsadi — ayblanuvchining sodir etgan jinoyati yuzasidan iqrorligi asosida sudda yengilroq jazo tayinlanishiga erishish, shuning barobarida, ko‘plab sansalorliklarga sabab bo‘ladigan uzoq davom etuvchi sud jarayonlarini qisqartirishdan iboratdir.

Aybga iqrorlik to‘g‘risidagi kelishuv jinoyat sodir etishda gumon qilingan shaxs bilan prokuror o‘rtasida tuziladi. Aybga iqrorlik to‘g‘risida kelishuv imzolanganidan keyin ish bo‘yicha tergov va boshqa protsessual harakatlar o‘tkazish zarurati mavjud bo‘lmagan taqdirda prokuror ayblov xulosasini yoki ayblov dalolatnomasini tasdiqlab, ishni zudlik bilan sudga yuboradi.

Sud esa mazkur masalaga doir ishlarni umumiy tartibda, bir oydan kechiktirmay ko‘rib chiqadi. Sud majlisida sudlanuvchi, jabrlanuvchi (fuqaroviy da’vogar), qonuniy vakil, himoyachi, prokuror ishtirok etadi. Sud majlisi o‘tkaziladigan joy va sana haqida lozim darajada xabardor qilingan jabrlanuvchi (fuqaroviy da’vogar) yoki uning vakilining kelmaganligi ishni ko‘rib chiqish uchun monelik qilmaydi.

Bunday kelishuvlar ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan, uncha og‘ir bo‘lmagan va og‘ir jinoyatlar yuzasidan tuziladi, o‘ta og‘ir jinoyat sodir etgan shaxslar bilan kelishuv tuzishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Aybga iqrorlik to‘g‘risidagi kelishuv institutining ijobiy jihatlaridan asosiylari taraflar o‘rtasidagi ziddiyatli munosabatlarning yumshashi hamda sudlov va ayblov organlarining vaqti va mablag‘lari tejalishi, ya’ni ish yuklamasi kamayishidir.

Aynan ayblanuvchi tomonidan aybning tan olinishi uning ijtimoiy xavfli qilmishi yuzasidan sud muhokamasidan voz kechganini anglatadi. Mazkur kelishuv natijasida ayblanuvchining ayblov doirasi qisqartirilishi yoki undan ayrim epizodlarning chiqarilishi va kvalifikatsiyaning yengilroq tomonga yo‘naltirilishi, jazo hajmi, miqdori va o‘tash tartibining qonunda ko‘rsatilganidan ham yengilrog‘i tayinlanishi mumkin.

Kelishuv tasdiqlangan hollarda jinoyat bo‘yicha tayinlanadigan jazo muddati yoki miqdori Jinoyat kodeksining tegishli moddasida yoki qismida nazarda tutilgan eng ko‘p jazoning yarmidan oshmasligi kerak.

To‘lqin Qodirov,

Samarqand viloyat sudi sudyasi.