"Ayo Sofiya" - tarix zarbalariga dosh bergan masjid

Istambulga borgan kishi "Ayo Sofiya"ni ko‘rmasdan ketmaydi. Sofiya kim, Ayo Sofiya nima? Keling, shular haqida ozgina suhbatlashaylik.

1660 yoshli “kampir”

"Ayo Sofiya" – ibodatxona. Vizantiya imperatori Konstantin II tomonidan 360 yilda bunyod etilgan cherkov. "Ayo Sofiya"ning to‘liq nomi – "Avliyo Sofiya ibodatxonasi".

Bu ibodatxona aslida Vizantiya imperatori Konstantin ikkinchi tarafidan 360 yilda bunyod etilgan. U yog‘ochdan qurilgan bo‘lgani uchun 404 yilga kelib yonib ketgan. O‘sha yili ibodatxona birinchi bor ta’mirlangan. Ibodatxonaning hozirgi binosi esa Vizantiya imperatori Yustinyan birinchining buyrug‘iga ko‘ra, 532-537 yillarda barpo etilgan. Me’morlari trallik Anfimiy va miletlik Isidor. Uch gumbazli, yon qanotlari ikki qatlamli, gumbazi yarim aylanasimon. Ibodatxona uzunligi 77 metr, gumbaz diametri 31,5 metr. Gumbazi to‘rt ustunga hamda ravoqlarga tayangan. Gumbaz asosiga 40 ta deraza ishlangan. Rangli marmar va koshinlar bilan serhasham bezatilgan. VI asrda vayron bo‘lgan gumbazi 1374 yilda kichik hajmda qayta tiklangan. To‘rt tomonidagi nayzasimon minoralar esa XVI-XVIII asrlarda qurilgan.

Ibodatxonaning qurilishi 5 yilu 10 oy davom etgan. Unda 10 mingdan ortiq quruvchi mehnat qilgan. Ibodatxona tarixchilar tomonidan o‘sha davrning eng katta binosi sifatida qayd etilgan.

1204 yilgacha u zilzilalar va yong‘inlar tufayli ta’mirlangan. O‘sha yili salibchilarning qo‘liga o‘tgan ibodatxona 1261 yilgacha Rim katolik cherkoviga aylantirildi. 1261 yilda vizantiyaliklar Istanbulga egalikni qaytarib olgach, "Ayo Sofiya"dan yana pravoslav cherkovi sifatida foydalanildi. 

1453 yil 29 mayda Usmonli imperiyasi sultoni Fotih Sulton Mehmet Istanbulni egallab olganda "Ayo Sofiya" yaralangan Vizantiya askarlari, ayollar va bolalar uchun boshpana bo‘lgan.

1453 yil 1 iyunda Istanbulda birinchi juma namozini o‘qigan Fotih Sulton Mehmet "Ayo Sofiya" Usmonli hukmronligi ostida masjid bo‘lib xizmat qilishini e’lon qildi. Mehrob va minbar qurildi, qo‘ng‘iroq va xoch olib tashlandi. Devordagi suratlar berkitildi.

1616 yilga kelib, "Ayo Sofiya"ning qarshisida Sulton Ahmad masjidi barpo etilgunga qadar ushbu masjid mamlakatdagi eng kattasi sanalar edi.

1739 yilda "Ayo Sofiya"ga yondosh madrasa, kutubxona va oshxona binolari qurildi. 1847-1849 yillardagi ta’mirlash ishlari sabab yopilgan "Ayo Sofiya" oxirgi bor masjid sifatida 1849 yilda ochildi.

 Masjidning muzeyga aylanishi

1923 yilda Turkiya o‘zini Respublika deb e’lon qildi. 1931 yilga kelib, "Ayo Sofiya" yopildi.

1931 yilda Amerika Vizantiya instituti asoschisi, arxeolog Tomas Uittimor Turkiyadan "Ayo Sofiya"dagi mozaika-suratlarni tiklashni talab qiladi. O‘sha vaqtda Prezident Mustafo Kamol Otaturk mozaikalarni tiklashga oid ruxsati bilan boshlangan ishlar 15 yil davom etdi va 1947 yilda yakunlandi.

Ish boshlanganidan biroz vaqt o‘tgach, 1934 yil 2 noyabr kuni Vazirlar Kengashi "Ayo Sofiya"ni muzey sifatida ochishga qaror qildi. Shunday qilib "Ayo Sofiya" 1935 yil 1 fevraldan e’tiboran muzey sifatida ish boshladi. 1996 yilda u dunyo madaniy meroslari ro‘yxatiga kiritildi.

1997 yildan 2002 yilgacha uning gumbazi va minoralarida ta’mirlash ishlari olib borilgan. Binoning turli qismlarida hamon ta’mirlash va tiklash ishlari davom etmoqda.

"Ayo Sofiya" Turkiyaning eng ko‘p odam tashrif buyuruvchi ziyoratgohlaridan biri sanaladi. Uni yiliga bir necha million kishi ziyorat qiladi.

  Ish boshida - Prezident

Aslida, "Ayo Sofiya"ni masjid o‘laroq, foydalanilishi ustidan bahs-munozaralar doimiy ravishda bo‘lib kelgan. Biroq munozara 2019 yilda Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘anning Turkiya markaziy telekanaliga bergan intervyusidan keyin yanada jonlandi. O‘shanda Erdo‘g‘anga “Ushbu muzeyga kirishni Turkiya fuqarolari uchun bepul qilish mumkinmi?” degan savol bilan murojaat qilingan.

 – Albatta, nega mumkin bo‘lmasin? Endi uni muzey sifatida emas, balki "Ayo Sofiya" masjidi o‘laroq ochish niyatimiz bor. Butun dunyodan kelgan turistlar Sulton Ahmad masjidini qanday ziyorat qilayotgan bo‘lsa, "Ayo Sofiya"ni ham shunday ziyorat qilishlari mumkin, namoz o‘qishlari uchun ham sharoit yaratamiz, – degan edi Erdo‘g‘an. Turkiya Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Mavlud Chavusho‘g‘lu esa masalaga o‘ta jiddiy va qat’iy munosabat bildirdi:

– Turkiya Respublikasida azon yoki Qur’oni Karim oyatlarining qayerda o‘qilishini boshqalardan so‘rashi kerakmi? "Ayo Sofiya" Turkiya Respublikasining mulki va u fath etilgan!

Xullas, Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an "Ayo Sofiya"da diniy marosimlar o‘tkazish boshlanishiga ruxsat beruvchi qarorni imzoladi va masjidga aylantirilgan muzey-ibodatxonada 2020 yil 24 iyuldan boshlab namoz o‘qish boshlandi. Turkiya prezidenti boshqa tarixiy masjidlar qatorida "Ayo Sofiya" sayyohlar uchun ham ochiq bo‘lishini ma’lum qildi.

Bizga ham mana shu safarimiz chog‘ida "Ayo Sofiya" masjidida namoz o‘qish nasib bo‘ldi.

Istambulga borsangiz, albatta, "Ayo Sofiya"ga kiring! Ikki rakaat namoz o‘qing! Ruhingiz yengil bo‘ladi. Allohning qudrati buyuklini bu yerda yaxshiroq his qilasiz.

Karimberdi To‘ramurod,

Istambul shahridan Zarnews.uz uchun maxsus.