Ayollar matonati haqidagi hayqiriq

Besh o‘g‘lini jang maydoniga jo‘natgan, ulardan ayrilgan, farzandlari o‘lib, o‘zi tirik qolgan onaning faryodidan achchiqroq nima bor?! Axir o‘g‘illari bilan birga uning ham orzulari, umidlari qabrga ko‘milmaydimi? Besh o‘g‘ildan ayrilgan ona qanday qilib tirik qoladi? Qanday qilib, beva kelinlariga, otasiz nabiralariga bosh bo‘ladi? Qanday qilib bu shafqatsiz hayotda bosh ko‘tarib yuradi?! Umrning avj nuqtasidan qulaganingdan so‘ng ham hayot bormi? U qanaqa hayot?!

Oqlash mumkin bo‘lgan birorta urush yo‘q tarixda. Urushlarda g‘oliblar va mag‘lublar yo‘q. Urushlarda yarador onalar bor. Birinchi va keyingi o‘qlarning bari onalarning ko‘ksiga tegadi.

“Ilhaq” filmi shular haqida hikoya qiladi. Uni yig‘lamay ko‘rish mumkin emas. Xalqni, millatni buyuk qilgan kechmishlar yig‘latadi. Zulfiya ona ikki o‘g‘lidan birdaniga qora xat olgan chog‘da, tong bilan darvozadan chiqib ketadi. Kelinlarning biri sezib qoladi. Onaning ortidan sezdirmasdan poylaydi. Ona to‘lib, hayqirib oqayotgan, sohillarida hech kim yo‘q daryoning bo‘yiga borib ovozi boricha baqirib yig‘laydi, dodlaydi. Rejissyor shu epizodni boplab topgan...

Bu kino buyuk jasorat haqida, xalq va ayollar matonati haqida hayqiriq bo‘libdi. U bizga va bizdan keyingi avlodlarga kechagi kunlar haqiqatini aytuvchi roviydir. O‘g‘illarining qaytishiga ishongan onalar, kelinchaklar haqidagi dostondir. Undagi hamma gaplar rost, hayot haqiqatlari. Asrning eng og‘riqli nuqtasidir. Yengilmas va matonatli ona haqidagi qo‘shiqdir.

Bunday onalar yurtimiz va millatimiz ichida ko‘pchilik edi. Otasi, eri, tog‘asi, amakisi, aka-ukasi urushga ketgan ayollar juda ko‘p edi. Urush olganlarini hech qachon qaytib bermaydi. Urush, noming o‘chsin! Ayollar, bolalaringiz jismu joniga sut bilan qo‘shib bering, singdiring. Ular urushni yomon ko‘rsinlar! Kino shular haqida so‘zlaydi, unda tasvirlangan ayollar mana bunday bo‘zlaydi:

Tut shoxidan otlar mingan ukama,
Otlarini yotlar mingan ukama,
Jangga ketdi jo‘rasiga ergashib,
Qirq yil kutdim, bir kelmadi qir oshib,
Urush, topib bergin, jonim ukamni!

Erka singil edim, kamim yo‘q edi,
Na qo‘rquv, na armon, g‘amim yo‘q edi,
Boshimda soyabon akam bor edi,
Yo‘lini poylashib qizlar zor edi,
Urush, topib bergin, mening akamni!

Osmonlarda yurgan qiz bola edim,
Ko‘ngil bergan yorim bo‘z bola edi.
Garchand, sochlarim oq, bo‘ylarim kamon,
O‘n sakkizdan o‘tmay kutaman, hamon,
Urush, topib bergin, sevar yorimni!

Topganimni tuyub, to‘ylar qilmadim,
Qirlarning ustida uylar qilmadim.
O‘qlar meni olmay, o‘g‘limni oldi,
To abad qo‘llarim yoqangda qoldi.
Urush, topib bergin, mening o‘g‘limni!

Tog‘day yelkasiga bosh qo‘yolmadim,
Hattoki, qabriga tosh qo‘yolmadim.
Men tengi qizlarning hammasi yetim,
Yuz yil yashasam ham o‘chmaydi o‘tim.
Urush, topib bergin, mening otamni!

Xosiyat BOBOMURODOVA,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi.