Ayrim maktablarga 1-sinf uchun Prezident sovg‘asi yetib bormadi

Xalq ta’limi vazirligiga ayrim hududlarda 1-sinf o‘quvchilariga Prezident sovg‘alari yoki uning tarkibidagi ayrim o‘quv qurollari yetib bormagani haqida xabarlar kelib tushmoqda.

Xalq ta’limi vazirligi mazkur holat yuzasidan quyidagilarni ma’lum qiladi:

Afsuski, pandemiya yangi o‘quv yili boshlanishining so‘nggi kunigacha ba’zi ota-onalar tomonidan farzandlarining hujjatlarini topshirishini kechiktirdi. Shu bilan birga, ba’zi yetkazib beruvchilarning kechikishiga ham olib keldi. Bu esa o‘z-o‘zidan sovg‘alarni hisob-kitob qilishda va to‘liq qilib yetkazishda muammolarni yuzaga keltirdi.

Xalq ta’limi vazirligi ota-onalardan vaziyatni to‘g‘ri qabul qilishlarini va tez kunda sovg‘alar har bir bolaga yetib borishi ta’minlanishini ma’lum qiladi. Sovg‘alar ichidagi ba’zi yetmay qolgan o‘quv qurollari joyiga qaytadan yetkazilib, tarqatiladi.

Bir hafta davomida mazkur holat to‘liq inventarizatsiya qilib chiqiladi. Agar shundan so‘ng ham farzandingizga sovg‘a yoki darslik yetib bormasa, Xalq ta’limi vazirligining (71) 202 09 09 Ishonch telefon raqamlari orqali murojaat qilishingiz so‘raladi.