Ayrim nopok quruvchilar hisobiga odamlar himoyasiz qolayotgani ko‘rsatib o‘tildi

Prezident ishtirokidagi yig‘ilishda yangi uy-joylarning tannarxiga to‘xtalib o‘tildi. Quruvchilar uchun moliyaviy resurs yetishmasligi, bori ham qimmatligi ko‘rsatib o‘tildi.

Resurs yo‘qligi uchun quruvchilar aholi mablag‘larini poydevor quyish bosqichida jalb qilib, ulushdor sifatida rasmiylashtirayotgani, ayrim nopok quruvchilar hisobiga odamlar himoyasiz qolayotgani ko‘rsatib o‘tildi.

Hozirgi amaliyotga muvofiq, kadastr hujjati yo‘q uyga ipoteka krediti berish mumkin emas.

Shulardan kelib chiqib, mutasaddilarga ilg‘or xorijiy tajribani o‘rgangan holda Ipotekani qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasini tashkil qilish topshirildi.

Uy-joy qurilishiga aholi ulushdor bo‘lib kirishini huquqiy tartibga solish va qurilish korxonalariga aylanma mablag‘ni ko‘paytirish vazifasi qo‘yildi.

Joriy yilda 80 ming xonadonli 1 ming 800 ta uy-joy qurish va “Yangi O‘zbekiston” massivlarini 38 tadan 45 taga yetkazish maqsad qilib olindi.