Ayrim sport tovarlarini import qilishda boj to‘lovlari kamaytirilishi mumkin

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda bir qator qonun loyihalari, shu jumladan “O‘zbekiston Respublikasining Bojxona kodeksiga qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.

Mazkur qonun loyihasida import qilinadigan sport kiyimlari va anjomlariga boj miqdorini kamaytirishga oid masala ko‘zda tutilgan.

Ta’kidlanishicha, bugungi kunda ayrim sport kiyimlari, professional sport anjomlari, jihozlari va uskunalarini chetdan olib kelishga ehtiyoj bor.

Shundan kelib chiqib, mazkur qonun loyihasi bilan Bojxona kodeksiga tegishli vazirlik va idoralar tomonidan belgilangan tartibda shakllantirilgan ro‘yxat asosida davlat va nodavlat sport-ta’lim tashkiloti tomonidan xorijdan olib kelinadigan, O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan sport kiyimlari va ekipirovkalari hamda oyoq kiyimlari, sport anjomlari, jihozlari va uskunalari kabi import qilinadigan tovarlarga ma’lum muddatda boj to‘lovlarini kamaytirish belgilanyapti.

Bu sportchilarimizning xalqaro arenalarda yuqori o‘rin egallashi, buning uchun munosib tayyorgarlik ko‘rishlariga zamin bo‘ladi.