Azim chinor yaproqlari

2004 yilda Samarqand davlat universitetining o‘zbek filologiyasi fakultetiga o‘qishga kirdim. Bizga talabalar nomini hurmat va ozroq hayiqish bilan tilga oladigan domla – professor Hotam Umurov “Adabiyotshunoslikka kirish” fanidan dars o‘ta boshladi. Domla doim tartib-intizomni yaxshi ko‘rar va barchani oliy ta’lim muassasasi talabasi degan nomga loyiq bo‘lishga chaqirardi.

Ustoz o‘sha yillarda “Shalola” ijodiy to‘garagining ham rahbari edi. Barcha ijodkor talabalar mana shu to‘garakka qatnashar, she’rlari, hikoyalarini to‘garak yig‘ilishlarida o‘qib berib, tahrirdan o‘tkazardi. Men ham kichik she’rlar yozib turardim va “Shalola” to‘garagida hayajon bilan o‘qib berar edim.

Ikkinchi kursda ustozim yonlariga chaqirib, ushbu to‘garakka meni sardor qilib saylaganini, endi ikkimiz to‘garak yig‘ilishlarini birgalikda tashkillashtirishimizni aytdi. Ustozimning ishonchi, men uchun juda katta e’tibor edi.

Magistraturani tamomlagunimcha Ustoz Hotam Umurov bilan birgalikda “Shalola” ijodiy to‘garagini boshqardim. Bu vaqt mobaynida Hotam Umurov mening bakalavrlik, magistrlik tadqiqotlarimga rahbarlik qilib, ilmning sir-sanoatlarini tushuntirdi. Men bakalavr va magistraturadagi ta’lim davomida she’riyat bo‘yicha, uning tahlili bo‘yicha ilmiy izlanish olib bordim. Magistrlik dissertatsiyasi himoyasida bag‘ri keng ustozlarim mening kelajakda ilmiy ishimni davom ettirishim kerakligini va bu sohada har jihatdan yordam berishga tayyor ekanlik­larini aytishdi. 2011 yilda universitetga stajyor-tadqiqotchi (hozirda tayanch doktorantura) qabul qilindim. Ustozim menga yana she’riyat bo‘yicha ilmiy izlanish olib borishim kerakligini uqtirdi. Men esa ­nasriy yo‘nalish bo‘yicha, qissachilik bo‘yicha mavzu berishini so‘radim. Shunda ustozim: “Maftuna, qizim, siz she’riyat bo‘yicha ilm qilishingiz kerak. Chunki o‘zingiz she’rlar mashq qilasiz. Ruhingiz, qalbingiz she’riyatga yaqin. Sizga zamonaviy she’riyat bo‘yicha mavzu beraman”, dedi. Men ustozimning bu e’tirofidan keyin o‘zimga ishonchim yanada oshib, o‘qib-izlanishda davom eta boshladim.

Domla muntazam oylik, yillik aniq rejamizni talab qilar, muddatini ham alohida tayinlar edi. Domla oldilarida yoru-birodarlari, do‘stlari ko‘p bo‘lishiga qaramay, alohida vaqt ajratib biz shogirdlar bilan suhbatlashardi.

Dissertatsiya yozish jarayonida domla o‘z qarashlarimga sobit bo‘lishga, o‘zimning erkin fikrim, g‘oyam bo‘lishi va shuning bilan birga, o‘zgalarning fikrlariga ham hurmat bilan qarashim lozimligini o‘rgatdi. Dissertatsiyamning himoyasida ayniqsa, dissertatsiya himoyasidan oldin bo‘ladigan kengash qoshidagi ilmiy seminar muhokamasida ustozim mendan ziyod hayajonlandi. Chunki tadqiqotim o‘zbek modern she’riyatiga bag‘ishlanganligi uchun bahs-munozaraga boy o‘tdi (Chunki bu she’riyatning haqiqiy jonkuyarlari bo‘lishi bilan birga, uni yoqlamaydigan g‘arbga ko‘r-ko‘rona taqlid deb biluvchilar ham mavjud edi.) Savol-javob nihoyatda qizg‘in bo‘ldi. Hotam Umurovning ishonchi, e’tibori tufayli dissertatsiyamni muvaffaqiyatli himoya qildim. Ustozimning ko‘rsatmalariga amal qilib kam bo‘lmadim. Bugun men Hotam Umurovning ta’limi, otalarcha samimiy maslahatlari tufayli filologiya fanlari doktori (DSc) darajasiga erishdim.

Ustozlarni chinorga qiyoslagim keladi. Darhaqiqat, ustoz katta bir chinor bo‘lsalar, uning har bir shoxi, yaproqlari shogirdlari, izdoshlaridir. O‘sha chinorning bitta bargi bo‘lganligimdan faxrlanaman.

Maftuna XOLOVA,

Samarqand davlat chet tillar instituti dotsenti, filologiya fanlari doktori.