Aziz Abduhakimov UNWTO Yevropa mintaqaviy komissiyasi yig‘ilishining 65-sessiyasida Registondan turib qatnashdi

Birlashgan millatlar tashkilotining Butunjahon turizm tashkiloti (UNWTO) Yevropa mintaqaviy komissisining 65-yig‘ilishiga Samarqand mezbonlik qildi.

Anjuman O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov boshchiligida bo‘lib o‘tdi.

Pandemiya bilan jahondagi vaziyat sabab onlayn videokonferensiya shaklida o‘tgan tadbirda 40 dan ortiq davlatning turizm va sohaga oid vazirlik hamda idoralari vakillari ishtirok etdi.

UNWTO Yevropa mintaqaviy komissisi yig‘ilishi 65-sessiyasining asosiy mavzusi pandemiyaning turizmga ta’siri va uning oqibatlaridan tiklanish masalasiga qaratildi.

Tadbir Bosh vazir o‘rinbosari, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Aziz Abduxakimov hamda mintaqaviy komissiya raisi – Gretsiya Turizm vaziri Garri Teoxaris nutqlari bilan ochildi.

- Prezident Shavkat Mirziyovning tashabbusi bilan so‘nggi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilgan tub islohotlar natijasida O‘zbekiston iqtisodiyotining barcha sohalari, jumladan turizm sanoati oldida misli ko‘rilmagan imkoniyatlar ochildi, - dedi Aziz Abduhakimov va ishtirokchilarni O‘zbekistonda pandemiya davrida sohani rivojlantirish yo‘lida olib borilayotgan ishlar bilan tanishtirdi.

Shu o‘rinda u davlat rahbarining 28 maydagi “Koronavirus pandemiyasining salbiy ta’sirini kamaytirish uchun turizm sohasini qo‘llab-quvvatlashga doir kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni va “Turizm sohasini sanitariya-epidemiologik xavfsizlikning kuchaytirilgan rejimi talablariga qat’iy rioya qilgan holda rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga to‘xtalib o‘tdi.

Bundan tashqari, O‘zbekistonda turizm sektorining ijtimoiy himoyasiga katta e’tibor qaratilayotgani e’tirof etildi. Gid va ekskursiyachi xizmatlarining o‘z-o‘zini band qiluvchi shaxslarning shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan soliqdan xoli faoliyat turlari ro‘yxatiga kiritilishi, ularning pensiya yoshiga yetganda pensiya nafaqasini olishi shular jumlasidandir. Shu bilan birga, noyabr oyining “uchinchi yosh turizmi” oyi sifatida tanlanishi ham alohida o‘ringa ega bo‘lib, bu oyda keksalar uchun maxsus turistik paketlar ishlab chiqilib, imtiyozlar taqdim etiladi.

UNWTO Bosh kotibi Zurab Pololikashvili nutqidan so‘ng Yevropa departamenti direktori Alissandra Priante COVID-19 davrida Yevropada olib borilgan ishlar hamda kelgusidagi tashabbuslarga doir ma’lumot berdi. Shu bilan birga, yig‘ilishdan “COVID-19’ga javob siyosati” mavzusida vazirlararo muhokamalar hamda UNWTO va Xalqaro moliya korporatsiyasining yashil moliyalashtirish instrumenti mavzusidagi ma’ruzalari o‘rin oldi.