Bahodir Yalangto‘sh Alisher Navoiy kabi Samarqandda me’moriy binolarni qurishda shaxsiy daromadidan pul sarflagan
Samarqand hukmdori, Registonning islohchisi Bahodir Yalangto‘shning yetuk arbob, sarkarda va usta me’mor bo‘lib yetishishida ulug‘ shoir va mutafakkir Nizomiddin Mir Alisher Navoiyning katta o‘rni bor. Quyida ikki buyuk ajdodimizni bir-biriga bog‘lab turuvchi ayrim jihatlari haqida so‘z yuritamiz.
Bahodir Yalangto‘shning otasi Boyxo‘ja Alisher Navoiy faoliyatini yaxshi bilgan va ulug‘ shoirga taqlidan o‘g‘liga arabcha Nizomiddin deb ism qo‘ygan. Zero, zamondoshlari Navoiyni “Nizomiddin («dinning nizomi», «dinni tartibga soluvchi») Mir Alisher”, deya ulug‘lashgan. Biroq tarixda sarkarda Bahodir Yalangto‘sh nomi bilan shuhrat qozongan bo‘lsa-da, rasmiy hujjatlarda Nizomiddin nomidan foydalanavergan. Qadimgi o‘zbeklar orasida tug‘ilgan chaqaloqqa ham o‘zbekcha, ham arabcha nom berish odati bo‘lgan. Jumladan, o‘zbekona odatga ko‘ra Mirzo Ulug‘bekning, Shayboniyning, Manguberdining o‘zbekcha ismlaridan tashqari arabcha Muhammad ismlari ham bo‘lgan. Bu ulug‘lar tarixda o‘zlarining o‘zbekcha ismlari bilan nom qoldirgan.
Bahodir Yalangto‘shning otasi Boyxo‘ja garchi, Shayboniylar sulolasida xizmat qilgan taniqli arbob bo‘lsa-da, u e’tiqod masalasida tovushli zikrga asoslangan Yassaviya tariqatiga emas, balki Naqshbandiya tariqatiga amal qilgan. O‘g‘liga Nizomiddin ismini bergan ota o‘g‘lining ham Alisher Navoiy mansub bo‘lgan Naqshbandiya tariqatiga amal qiluvchi bo‘lib yetishishini istagan.
Bilamizki, Alisher Navoiy o‘zining shaxsiy daromadlari hisobidan 360 dan ziyod turli inshootlarni - Ixlosiya madrasasi, Qudsiya masjidi, Xalosiya xonaqohi, Shifoiya shifoxonalarni qurdirgan. Ulug‘ shoirning bag‘rikeng binokor bo‘lib yetishishida uning Samarqandda yashagan davrda Mirzo Ulug‘bek va uning shogirdlari ilm-fanga oid bilimlaridan, me’morchilik san’atidan ilhomlangani haqida bayon qilib, o‘z asarlarida ma’lumotlar qoldirgan.
Mashhur tarixchi Xondamirning «Makorim ul-axloq» asarida Alisher Navoiyning qurilishlarga bosh-qosh bo‘lishini shunday keltiradi: «Podshohi Islomdan (Husayn Boyqarodan) ijozat olib, 903 yil sha’bon (1498 yil, mart-aprel) oyida gumbazni va «Maqsura» toqini ochishga amr qildi... Va u quruvchi binoning tez bitishiga qattiq ahamiyat berganidan har kuni ish boshiga kelar, ko‘pincha etakni bar urib, mardikorlar qatori ishlar edi. Har necha kunda me’morlar, ustalar, balki barcha hunarmandlarga qimmatbaho to‘nlar kiygizar va behad in’om va ehsonlar bilan ularni shodlantirar edi».
Qiziq tomoni shundaki, Bahodir Yalangto‘sh ham xuddi Alisher Navoiy kabi Samarqandda me’moriy binolarni qurishda Buxoro xonidan ruxsat olgan va Navoiy kabi Samarqanddagi qurilishlarga shaxsiy daromadidan pul sarflagan.
G.Pugachyovaning fikricha, Alisher Navoiy qurdirgan hammomlarning devorlariga mifologik qushlar – anqolar tasvirlari tushirilgan. Bunday jur’at esa albatta, Yalangto‘sh Bahodirga ilhom bag‘ishlagan va u Sherdor madrasasi manglayiga sherlar va kiyik tasvirini tushirgan.
Bu masalada ham Yalangto‘sh o‘ziga ma’nan ustoz deb bilgan Alisher Navoiy faoliyatiga yuzlangan.
Alisher Navoiy usta rassom ham bo‘lib, Husayn Boyqaro suratini, «Zanjirband sher» rasmini chizganligi haqida ma’lumotlar bor. Keltirganimizdek, Bahodir Yalangto‘sh qurdirgan Sherdor madrasasi peshtoqida ham sherlar tasviri chizilgan bo‘lib, ular Navoiy sheridan farqli ravishda zanjirband emas, balki ozod va ovdagi harakatlarda tasvirlangan. Bahodir Yalangto‘sh bunda Alisher Navoiy chizgan syujetni mantiqiy tugallab qo‘ygan: zanjirband sherni ozod etgan, bir sher Alisher Navoiy, ikkinchisi esa Bahodir Yalangto‘sh timsoliga aylangan. Ular quvlayotgan kiyik esa ijodiy ilhomni anglatgan. Ikkinchi sherni Yalangto‘sh Bahodirga mengzadik. Chunki bu madrasa aslida «Bahodir Yalangto‘sh» deb atalib, bu nom abjad hisobida madrasa qurilgan 1619 yilni anglatgan. Biroq Samarqand hokimi o‘z nomi bilan «Yalangto‘sh Bahodir» deb ataladigan madrasaning Sherdor deb nomlanishiga ham qarshi bo‘lmagan. Chunki uning o‘zi sherlarning biri sifatida madrasa peshtoqida savlat tukib turgan.
Alisher Navoiy «qo‘sh uslub» degan me’moriy uslubning ijodkori sanaladi. U Saripulda Injil anhori yonida hashamatli Ixlosiya madrasasi va unga yuzlanib turgan bag‘oyat ko‘rkam Xalosiya xonaqosini qurdirgan. E’tibor berilsa, Samarqand Registonidagi Ulug‘bek madrasasi va unga qarab tiklangan Sherdor madrasasi ham shu uslubda qurilgan. Demak, Bahodir Yalangto‘sh Registon ansamblini tiklashda ham hazrat Alisher Navoiyning me’morchilik uslubidan foydalangan. Binolarning orasidagi masofa, ranglar uyg‘unligi va naqshlarning proporsiyalarini shu uslubda o‘zlashtirgan. Bu uslubdan keyinchalik Tojmahal va uning qarshisida bino tiklamoqchi bo‘lgan Hindiston hukmdori Shohjahon ham foydalanmoqchi bo‘lgan.
Bahodir Yalangto‘sh doimiy ravishda Alisher Navoiy yashagan Xuroson shaharlarini ham o‘z hukmronligiga olishga harakat qilgan. Jumladan, 1613 yil samarqandlik hukmdor boshchiligidagi qo‘shin Safaviy turklardan Mashhad, Nishopur, Hirot, Qobul kabi Xuroson shaharlarini tortib olib, Buxoro xonligi tarkibiga kiritgan. Bunday harakatlar Bahodir Yalangto‘sh umrining so‘ngiga qadar davom etgan.
Maqolada Alisher Navoiy va Bahodir Yalangto‘sh faoliyatidagi umumiy jihatlar, o‘xshashliklar, ijodiy an’ananing o‘ziga xos tarzda davom ettirilganligi haqida so‘z yuritdik. Kelgusi izlanishlar Bahodir Yalangto‘shning nafaqat usta san’atkor, me’mor hukmdor bo‘lganligidan tashqari, badiiy ijod qilganligi, Alisher Navoiy uslubida g‘azallar bitganligiga oid ma’lumotlarni ham oydinlashtirsa, ne ajab. Zero, Alisher Navoiy dahosi nafaqat o‘z davrining ijod ahliga, balki keyingi davrlar adabiyotiga, san’ati va binokorligiga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatgan. Buni faqat noziklik bilan ilg‘ay olish va xalqqa yetkazish muhim.
Erkin Musurmonov,
Samarqand xalqaro texnologiya universiteti professori, filologiya fanlari doktori.