Bahodir Yalangto‘sh nega Navoiyga taqlid qilgan edi?
![](https://static.zarnews.uz/crop/a/b/720__80_ab89ee2eb8da0ded09668f313d0832a6.jpg?img=self&v=1738928451)
Samarqand Registonining asoschisi, bek Bahodir Yalangto‘sh Olchinning yetuk arbob, sarkarda va usta me’mor bo‘lib yetishishida ulug‘ shoir va mutafakkir Nizomiddin Mir Alisher Navoiyning katta o‘rni bor.
Qayd qilish kerakki, Bahodir Yalangto‘shning otasi Boyxo‘ja Alisher Navoiy faoliyatini yaxshi bilgan va ulug‘ shoirga taqlidan o‘g‘liga arabcha Nizomiddin deb ism qo‘ygan. Biroq bu yigit keyinchalik o‘zbekcha ism – Bahodir Yalangto‘sh nomi bilan shuhrat qozongan. Rasmiy hujjatlarda esa Nizomiddin ismidan foydalangan. Qadimda o‘zbeklar orasida tug‘ilgan chaqaloqqa o‘zbekcha va arabcha nom berish odat bo‘lgan. Jumladan, Mirzo Ulug‘bekning, Shayboniyning, Manguberdining o‘zbekcha ismlaridan tashqari, arabcha Muhammad ismlari ham mavjud edi.
Boyxo‘ja garchi, shayboniylar sulolasiga xizmat qilgan arbob bo‘lsa-da, e’tiqod masalasida jahriya, yassaviya tariqatlariga emas, balki naqshbandiya tariqatiga amal qilgan. O‘g‘liga Nizomiddin nomini bergan ota uning ham Alisher Navoiy mansub bo‘lgan naqshbandiya tariqatiga amal qiluvchi hukmdor bo‘lib yetishishini niyat qilgan.
Alisher Navoiy o‘zining shaxsiy daromadlari hisobidan 360 dan ko‘proq turli inshootlarni qurdirgan. Ulug‘ shoirning bag‘rikeng binokor bo‘lib yetishishida uning Samarqandda yashagan davrda Ulug‘bek me’morchiligidan ilhomlangani ham o‘z so‘zini aytgan. Alisher Navoiyga taqlidan Bahodir Yalangto‘sh ham shaxsiy daromadlari hisobidan Samarqandda turli binolarni, jumladan, Sherdor va Tillakori madrasalarini soldirgan.
Bahodir Yalangto‘sh Sherdor madrasasi peshtoqiga sherlar (arslonlar) va kiyik tasvirini tushiradi. Bu masalada ham Yalangto‘sh o‘ziga ma’nan ustoz bilgan Alisher Navoiy faoliyatiga yuzlanadi. O‘z vaqtida Alisher Navoiy mo‘yqalam sohiblariga homiylik qilgan va o‘zi qurdirgan binolarga turli hayvonlarning tasvirlarini chizdirgan. Jumladan, G.Pugachyovaning fikricha, Alisher Navoiy qurdirgan hammomlarning devorlariga mifologik qushlar – anqolar tasvirlari tushirilgan.
Keltirilishicha, Alisher Navoiy zanjirband sherning rasmini chizgan. Bahodir Yalangto‘sh yaratgan Sherdor madrasasi peshtoqidagi sherlar Navoiyning sheridan farqli ravishda zanjirband emas, balki ozod va ovdagi harakatlarda tasvirlangan. Bahodir Yalangto‘sh madrasasining suratida Alisher Navoiy chizgan syujetni mantiqiy tugallab qo‘ygan: zanjirband sherni ozod etgan, bir sher Alisher Navoiy, ikkinchisi esa Bahodir Yalangto‘sh timsoliga aylangan. Ikkinchi sherni nega Yalangto‘sh Bahodirga mengzadik? Chunki bu madrasa aslida “Bahodir Yalangto‘sh” deb atalib, bu nom abjad hisobida uning qurilish davrini – 1619 yilni anglatgan. Biroq Samarqand hokimi o‘z nomi “Yalangto‘sh Bahodir” deb ataladigan madrasaning “Sherdor” deb atalishiga ham qarshi bo‘lmagan. Sababi, uning o‘zi sherlarning biri sifatida madrasa yuzida aks etgan.
Alisher Navoiy “qo‘sh uslub” degan me’moriy ansablning ijodkori sanaladi. U Saripulda, Injil anhori yonida hashamatli Ixlosiya madrasasi va unga yuzlanib turgan bag‘oyat ko‘rkam Xalosiya xonaqosini qurdiradi. E’tibor berilsa, Samarqand Registonidagi Ulug‘bek madrasasi va unga uyqash tiklangan Sherdor madrasasi ham shu uslubda qurilgan. Demak, Bahodir Yalangto‘sh Registon ansablini tiklashda hazrat Alisher Navoiyning me’morchilik uslubidan foydalangan. Bu uslubdan keyinchalik Tojmahal va uning qarshisida bino tiklamoqchi bo‘lgan Hindiston hukmdori Shohjahon ham foydalanmoqchi bo‘lgan.
Erkin Musurmonov,
Samarqand davlat chet tillari instituti kafedra mudiri, filologiya fanlari doktori.