Bahorning ilk kuni jo‘shliklar uchun unutilmas bo‘ldi

Avval xabar qilganimizdek, Qo‘shrabotning Jo‘sh qishlog‘ida bugun 20 ga yaqin yangi ob’yekt foydalanishga topshirildi.

Ularning tantanali topshirilishiga bag‘ishlangan tadbirladan so‘ng jo‘shliklar uchun qishloq markazidagi amfiteatrda madaniy tadbir namoyish etildi.

Unda poytaxt va viloyatimizdan kelgan taniqli xonandalar, qiziqchilar, teatr aktyorlari chiqishlari bilan ishtirokchilarga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.

- Bugun foydalanishga topshirilgan deyarli barcha inshootlarni ko‘zdan kechirdim, - deydi qiziqchi Valijon Shamsiyev. - Jo‘shliklarning kayfiyatini ko‘rib ilhomlandik. Chekka qishloqlarda shahar sharoiti yaratilganidan quvondik. Jo‘shliklarning kayfiyatini yanada ko‘tarishga harakat qildim, men bilan kim suratga tushishni istagan bo‘lsa, hech birini xafa qilmaslikka urindim.

Ha, 2020 yil bahorining ilk kuni jo‘shliklar uchun mana shunday unutilmas bo‘ldi.

To‘lqin Siddiqov.