Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Bahrom Davlatshoyev kim edi?

Bahrom Davlatshoyev 1871 yil Kattaqo‘rg‘on shahrida tug‘ilgan. Uning otasi Davlatshoh tatar millatiga mansub bo‘lib, asli kasbi tikuvchi edi. Chor Rossiyasining politsiya xizmatiga o‘tgach, Kattaqo‘rg‘onga ishga yuborilgandi. Shu yerda o‘zbek qiziga uylanib, xizmatdan ozod etilganidan so‘ng bosh oqsoqol bo‘ldi. Biroq keyingi yillarda taraqqiyparvarlik faoliyati uchun Sibirga surgun qilingan.

Uning o‘g‘li Bahrom Davlatshoyev ham eski maktab va yevropacha maktablarda o‘qib o‘rta ta’lim oladi. Shundan so‘ng Buxoro amirining xizmatiga kirib, avval miroxo‘r, keyin amirning shaxsiy tilmochi vazifalarida xizmat qildi. Bahrom Davlatshoyev Buxoro zaminida saroy mulozimi, taraqqiyparvar shoir sifatida tanildi. 1910 yil uning ilk she’riy to‘plami bosildi. Buxoro jadidchilik harakatining vakili, “Yosh buxoroliklar” partiyasining faol a’zolaridan biri sifatida “Buxoroi Sharif” gazetasini tayyorlashda ishtirok etdi. Muso Saidjonov rahbarlik qilgan “Barakat” Buxoro kitob do‘konining muassislaridan biri bo‘ldi.

Fevral inqilobidan so‘ng “Yosh buxoroliklar” Buxoro amirligining taqdiri masalasida Mirzo Ibrohim Subhiyning uyida yig‘in tashkil etadilar. Yig‘in yakuniy qarori bilan ular Muvaqqat hukumat bilan aloqaga chiqib, Buxoro hukumati uchun ozodlik so‘rashga kelishib oladi. Shundan keyin “Yosh buxoroliklar” Muvaqqat hukumat nomiga telegramma yozadi. Telegramma Bahrom Davlatshoyev tomonidan yoziladi va u amir tazyiqiga uchrashidan xavotir olib, Orenburg shahriga ketadi. U yerda “Vaqt” gazetasida ishlay boshlaydi. Bir muddat o‘tgach, “Yosh buxoroliklar” qo‘mitasi “Vaqt” gazetasi tahririyatiga telegramma yo‘llab, Bahrom Davlatshoyevning zudlik bilan Petrogradga borishini va Muvaqqat hukumatdan Buxoro uchun mustaqillik so‘rashini talab etadi. Bahrom Davlatshoyev qo‘mitaning buyrug‘ini bajarish uchun 1917 yilning mart oyida Petrogradga yo‘l oladi. U musulmon fraksiyasi orqali Muvaqqat hukumatdan Buxoro amiridan “Yosh buxoroliklar” uchun to‘liq erkinlik berilishini talab qiladi. Oradan ikki kun o‘tib, Bahrom Davlatshoyevga mazkur masala yuzasidan Buxoroga telegramma va uch kishilik guruh jo‘natilayotganini ma’lum qilishadi. Bahrom Buxoroga qaytishda Orenburg vokzalida “Yosh buxoroliklar”dan Fitratni ko‘radi. “Yosh buxoroliklar” qo‘mitasi Fitratni ham Peterburgga yo‘llagan edi. Ular birgalikda Buxoroga qaytadilar.

Bahrom Davlatshoyev sovet hukumatining birinchi kunlaridan unga qarshi kurashga bel bog‘ladi. Kolesov voqealari vaqtida masjidlarga borib hammani sovetlarga qarshi kurashishga, qo‘lga qurol olishga chaqirdi. Kolesov voqealaridan so‘ng Eski Buxoroni tark etib, Kattaqo‘rg‘onga qaytib bir muddat masjid imomi sifatida faoliyat olib boradi. 1920 yil Buxoro inqilobidan so‘ng Eski Buxoroga ko‘chib o‘tadi. Fayzulla Xo‘jayev hukumati uning 1917 yil Petrogradga safari uchun xarajatlarini hisoblab, Bahrom Davlatshoyevga 50 ming so‘m miqdorida pul ajratadi hamda amir tomonidan musodara etilgan Eski Buxoro shahridagi uyini o‘ziga qaytarib beradi.

1921 yil Buxoro hukumatida avval xalq tergovchisi, so‘ng hukumat idorasi xodimi sifatida ish olib boradi. Buxoro matbuoti sahifalarida ko‘plab chiqishlari bilan ijodga sho‘ng‘iydi. Biroq sovetlarning to‘liq hokimiyatni qo‘lga olishlariga tish tirnog‘i bilan qarshi edi. Shuning uchun Buxoroda uni sovet hukumatiga qarshi qo‘zg‘olonga da’vat etishda ayblab, qamoqqa olishadi. 1923 yil qamoqdan chiqib, Buxorodagi bir vaqtlar amir tomonidan berilgan uyini sotib, Kattaqo‘rg‘onga ko‘chib ketadi.

Bahrom Davlatshoyev Kattaqo‘rg‘onda yana Turkiston Respublikasi Markaziy ijroiya qo‘mitasi tomonidan shahar moliya bo‘limiga ishga olinadi. Biroq uning izidan tushgan kimsalar aslo kuzatuvni to‘xtatmadi, aksincha uning sovetlarga qarshi tashviqoti haqida Davlat siyosiy boshqarmasi (GPU)ga tinimsiz axborotlar yo‘llab charchashmadi...

1929 yil 5 noyabr kuni Bahrom Davlatshoyev rahbarligida Kattaqo‘rg‘on va uning atrofida yashagan sobiq gildiya savdogarlari, dindorlar quloq deb topiladi.

Uyida tintuv o‘tkazilib, kattagina kutubxonasi, 4 ta tarjima asari va boshqa asarlari tortib olinadi. Ulardan tarixiy va ilmiy mavzularda yozilgan qo‘lyozma holidagi kitobi, Buxoro amiri hayoti haqida yozilgan “Statuya despota i ochag razvrata” nomli memorandumi muhim manba edi.

Aslida Bahrom Davlatshoyevning jinoiy ishi boshdan oyoq to‘qima bo‘lib, uning qaysi sanada qamoqqa olinganligi ham ma’lum emas. Jumladan, 1929 yil 12 sentyabr sanasi bilan Birlashgan davlat siyosiy boshqarmasi (OGPU) rahbariyatiga yozgan arizasida o‘zining o‘tmishini hikoya qilib, hech qachon zavodim, saroylarim, tegirmonim bo‘lmagan, Men 60 so‘m ijara pulim va o‘g‘limning yordamida yashayman, deydi. U o‘zining sovet siyosiy tadbirlariga qarshi emasligini, hatto 18 yosh qizi Saidani Kattaqo‘rg‘ondan Samarqandga lotin alifbosi kursida o‘qish uchun yo‘llaganini yozadi. Yana bir shikoyatida «Meni 17 sentyabrdan beri so‘roq qilishmaydi», deb yozg‘irgan edi...

1930 yil 23 aprelda OGPU majlisi tomonidan Bahrom Davlatshoyev 5 yil Sevkrayga konslagerga yuboriladi. Bahrom Davlatshoyev jazoni o‘tash jarayonida Arxangelskda vafot etgani haqida ma’lumot ham mavjud. Biroq boshqa hech bir tafsilot keltirilmagan.

1968 yil 13 oktyabr kuni qizi Oyisha Davlatshoyeva otasining keyingi taqdiri bilan qiziqib, sho‘rolarning yuqori idoralariga murojaat etadi. Mazkur ariza asosida Bahrom Davlatshoyevning ishi qayta ko‘rishga topshirildi va u 1969 yil 27 fevral kuni O‘zSSR Oliy Sudi tomonidan oqlangan.

Darvoqe, «Sho‘ro» jurnalida Bahrombek Davlatshoyevning «Turkiston xalqina kitob» sarlavhali she’ri bosilgan. Unda XX asr boshlaridagi o‘zbek jadid she’riyatiga xos dilga yaqin misralar mavjud:

Bir er yo‘qmu seni uyqudan

uyg‘otguvchi, ey millat,

Tutub egning funuk yo‘lini

ko‘rsatguvchi, ey millat,

Eshit so‘zim, fano dengizina

botguvchi, ey millat,

Nechuk uyg‘onmayursan olamning

faryodi zorindin.

Bahrom IRZAYeV,

tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori.