Muammolar o‘rganilgan, ularni hal qilish choralari ko‘rilmoqda

Shu yil 11 iyulda Zarnews.uz saytida “Essiz mehnat, essiz mablag‘ yoki tizim yo‘qligining oqibatlari“ nomli maqola berilgan edi.
Ushbu maqolada keltirilgan muammo va masalalar yuzasidan quyidagilarni bildiramiz:
Viloyat kichik va yoshlar sanoat tadbirkorlik zonalari yagona direksiyasi apparat majlisida bildirilgan e’tiroz va tanqidlardan to‘g‘ri xulosa chiqarib, kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan tegishli tadbirlarni amalga oshirmoqda. Xususan, direksiya tomonidan bugungi kunga qadar 18 ta kichik sanoat hamda 5 ta Yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalarida 90,8 gektar yer uchastkasi auksion savdolariga chiqarish yuzasidan tuman hokimliklariga tegishli taklif kiritilgan. Bu orqali 23,3 gektar yer uchastkasi auksion savdolariga chiqarilib, 67,5 gektar yer maydonini 3-chorak yakuniga qadar savdolarga chiqarish choralari ko‘rilmoqda.
Shu o‘rinda ta’kidlash kerakki, Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 19 apreldagi qaroriga asosan sanoat zonalaridagi yer uchastkalari muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi bilan ta’minlangan bo‘lsa, auksion savdolariga chiqariladi. Shu sababli, yer uchastkalari istiqbolli investitsiya loyihalari amalga oshirilishi mumkinligiga qarab, viloyat xokimligining infratuzilma yaratilishi to‘g‘risidagi kafolat xatlari asosida auksion savdolariga chiqarilmoqda.
Shuningdek, direksiya tomonidan kichik sanoat zonalari ishtirokchilari yillar davomida samarasiz foydalangan 103 ta lotdagi 27,8 gektar yer uchastkalari sanoat zonalari ishtirokchilarining arizasi hamda tegishli sud qarorlariga asosan tuman hokimligi zaxirasiga qaytarilib, takror auksion savdolariga chiqarish bo‘yicha taklif kiritildi.
Tuman hokimlarining mas’ul o‘rinbosarlari hamda tegishli korxona va tashkilotlar bilan birgalikda bugungi kunga qadar Kattaqo‘rg‘on shahri, Narpay, Qo‘shrabot, Ishtixon, Kattaqo‘rg‘on, Urgut, Toyloq, Samarqand, Jomboy va Bulung‘ur tumanlarida kichik sanoat zonalaridagi yer uchastkalari to‘liq xatlovdan o‘tkazildi. Xatlovda yillar davomida sanoat zonasi ishtirokchilarining harakatsizligi tufayli samarasiz foydalanilayotgan yer uchastkalarini tuman hokimliklari zaxirasiga qaytarish va takror auksion savdolariga chiqarish yuzasidan tegishli dalolatnomalar rasmiylashtirildi.
Ayrim hollarda kichik sanoat zonalari hududida ko‘pqavatli uy-joy qurilishiga urinish holatlari aniqlanib, ularni bartaraf etish choralari ko‘rildi. Jumladan, Oqdaryo tumani “Dahbed MTP” kichik sanoat zonasi hududida “Zarinaxon Sam prestij” xususiy korxonasiga ajratilgan 0,6 gektar yer maydonini davlat zaxirasiga qaytarish va qayta auksion savdolariga chiqarish yuzasidan joriy yilning fevral oyida tuman hokimligi hamda prokuraturasiga rasman murojaat qilingan.
Xuddi shunday Payariq tumani “Chelak MMTP” kichik sanoat zonasi hududida tadbirkor “Shunqor Axmedov” tomonidan ko‘pqavatli uy-joy qurilishi holati yuzasidan tuman hokimligi va prokuraturasiga ushbu yer uchastkasini belgilangan tartibda hokimlik zaxirasiga qaytarish hamda qayta auksion savdolariga chiqarish yuzasidan joriy yil may oyida rasmiy xat orqali ma’lumot kiritilgan.
Shuningdek, kichik sanoat zonalarida 27 ta ishtirokchiga 15,2 gektar yer maydoni bino va yer uchastkalarining kadastr hujjatlarini doimiy foydalanish huquqi bilan berilganligi sababli ushbu huquqni bekor qilish va ijara huquqi asosida qayta rasmiylashtirish yuzasidan tegishli tashkilotlar bilan zarur ishlar amalga oshirilmoqda.
Bir so‘z bilan aytganda, sanoat zonalari loyihalarni o‘z vaqtida ishga tushirilishi, yer uchastkalaridan samarali foydalanilishi, korxonalarni to‘la quvvatda ishlashini tashkil etish yuzasidan faol ishlar olib borilyapti. Muhimi, kichik sanoat zonalari ishtirokchilarining viloyatimiz iqtisodiyotida o‘zning salmoqli o‘rnini topishda amaliy yordam ko‘rsatilmoqda.
Alisher QAMAROV,
viloyat “Kichik va yoshlar sanoat zonalarini boshqarish bo‘yicha yagona direksiyasi” boshqaruv kompaniyasi direktori.