YUNESKO Samarqandni qadrlaydi

Viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyevning «Zarafshon» va «Samarkandskiy vestnik» gazetalari bosh muharriri savollariga javoblari

- Adiz Muzaffarovich, samarqandliklar, ayniqsa, faollar sizning Parijga, YuNESKO Umumjahon merosi qo‘mitasining 47-sessiyasida ishtirok etish uchun borganingizni diqqat bilan kuzatishdi. Shunday bo‘lsa-da, gazetamiz orqali mushtariylarimiz uchun safar taassurotlari haqida o‘rtoqlashsangiz.

- Avvalo, shuni aytishim kerakki, ushbu tashrifning hech g‘ayritabiiy tomoni yo‘q. Mamlakatimizda madaniy merosga munosabat yaxshilangani sayin tarixiy ob’yektlarning atrofini obod qilish, ziyoratgohga aylantirish ishlari amalga oshirilmoqda. Bundan tashqari, sayyohlikdan kelayotgan daromadning ko‘payishi bizni aynan e’tibordagi tarixiy obidalarimizni obodonlashtirishga chorlamoqda. Bunday rejalar albatta, YuNESKO bilan hamkorlikda olib borilgan va bundan keyin ham davom ettiriladi.

- Demak, Parijga aniq rejalar bilan borilgan.

- Shunday. Imom Moturidiy obidasi atrofini obodonlashtirish, bu yerda ziyoratchilarga qulaylik yaratish rejalarini tasdiqlatish uchun bordik. Bundan tashqari, Registon, Shohi Zinda, Amir Temur majmualarida ham olib boriladigan restavrasiya ishlari loyihalarini ham taqdim etdik.

- Darvoqe, Imom Moturidiy yodgorligi atrofidagi o‘zgarishlar yuzasidan har xil fikrlar bildirilgan edi.

- Bu gaplardan xabarim bor. Lekin ular asossiz. Gap faqat yodgorlik atrofini obodonlashtirishgina emas, balki bu yerda istiqomat qiluvchi aholi turmush tarzini yaxshilash ustida ham bormoqda. Ayrim kishilar soy yoqasiga o‘z vaqtida uylar qurib olishgan. Bu yerdan na ariq, na kanalizasiya o‘tkazishning iloji bor. Oqova suvlar esa to‘g‘ridan-to‘g‘ri kanalga tushib boryapti. Bu muammo YuNESKO vakillari mutaxassislari ishtirokida ham o‘rganib chiqildi va ular bizning taklifimizni ma’qullashdi. Chunki biz uyi buziladigan aholiga barcha sharoitlarga ega bo‘lgan xonadonlar olib beryapmiz.

- Demak, YuNESKO Umumjahon merosi qo‘mitasining navbatdagi 47-sessiyasida shu haqda gap bo‘lgan.

- Faqat bugina emas. Qo‘mita yig‘ilishida “Samarqand – madaniyatlar chorrahasi" shiori ostida tarixiy ob’yektlarning saqlanish holati to‘g‘risida”gi hisobotimiz muhokama qilindi. Bizni xursand qiladigan jihati shundaki, sessiyada so‘zga chiqqanlar tomonidan O‘zbekistonda Prezident Sh.Mirziyoyev rahbarligida tarixiy merosni asrash borasida qilinayotgan ishlarga yuksak baho berildi. Ayniqsa, Samarqandga xorijiy sayyohlar oqimining ko‘payishi aynan ana shu yo‘nalishdagi yutuqlar samarasi, deb baholandi. O‘zbekistonda nodir umumbashariy ob’yektlarni saqlab qolish borasidagi sa’y-harakatlarimiz e’tirof etildi. Bu ishlar izchil davom etsa, YuNESKO mutaxassislari bizga qo‘llaridan kelgancha yordam berishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

- YuNESKOning Jahon merosi markazi direktori Lazar Assamo bilan ham uchrashuv o‘tkazilibdi.

- Bu muloqot juda samimiy bo‘ldi. Davlatimiz rahbari tomonidan Samarqanddagi tarixiy ob’yektlarni asrash, obodonlashtirish, ziyoratchilarga qulaylik yaratish yuzasidan bildirayotgan takliflarni o‘rtaga tashladik. Xususan, Lazar Assamo Imom Moturidiy yodgorligining obod qilinishini, Registon, Shohi Zinda, Amir Temur majmualarida ko‘zda tutilgan ta’mirlash loyihalarini ma’qulladi. Yaqin muddat ichida bu ishlar yuzasidan Jahon merosi markazi mutaxassislarining tavsiyalarini ham olamiz.

- YuNESKO qarorgohida Samarqand shahrining yoshi haqida ham gap bo‘ldi.

- Shunchaki emas, katta gap bo‘ldi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Samarqand shahrida o‘tkazilgan arxeologik qazishmalar, manbalarni puxta o‘rganish bizga yangi dalillarni taqdim etdi. Shu sababli biz YuNESKO mutaxassislari oldiga ko‘hna shahrimizning tarixi 3 ming yilgacha borishi to‘g‘risidagi dalillarni taqdim etdik. Ular bu ishimizdan xursand bo‘ldi, agar lozim bo‘lsa, qo‘llab-quvvatlashlarini bildirdi. Nasib etsa, YuNESKO Umumjahon merosi qo‘mitasining noyabr oyida Samarqandda bo‘ladigan sessiyasida bu jarayonga oq yo‘l beriladi. Albatta, mushtariylar Samarqand yoshini o‘rganish bo‘yicha faoliyat ko‘rsatayotgan ishchi guruh faoliyatidan xabardor va bu ish qizg‘in davom ettiriladi.

Shu o‘rinda yana bir gapni aytib o‘tsam. Amir Temur jome masjidi (Bibixonim madrasasi) ham uzoq yillardan buyon ta’mirlangan emas. Uning eski holatini tiklash dolzarb masalalardan biri bo‘lib, YuNESKO vakillari bilan ana shu masalalar bo‘yicha ham og‘zaki kelishuvga erishdik. To‘g‘risini aytsam, YuNESKO maxsus qo‘mitasi vakillari bu taklifimizdan juda xursand bo‘lishdi.

- Xabarlarga qaraganda, Parijda ishbilarmonlar bilan ham muloqot qilgan ekansiz.

- Parij shahri meri o‘rinbosari Arno Ngatcha bilan uchrashdim. U bilan o‘zaro hamkorlik masalalarini muhokama qildik. Albatta, mahalliy boshqaruv organlari faoliyatiga oid tajribalari bilan o‘rtoqlashdik.

Parijda quruq mevalar importi va eksporti bilan shug‘ullanuvchi katta kompaniya bor ekan. Biz uning tijorat direktori bilan Samarqanddan mayiz, yong‘oq va boshqa turdagi quruq mevalarni Fransiyaga eksport qilish masalasida muayyan kelishuvlarga erishdik.

- Adiz Muzaffarovich, endi bevosita Italiyadagi uchrashuvlarga to‘xtalsak.

- Xabaringiz bor, Lombardiya viloyati prezidenti Atilio Fontana mamlakatimizga tashrif buyurib, Samarqandda ham tarixiy obidalarni ziyorat qilgan edi. Davlatimiz rahbari bilan muloqotda o‘zaro hamkorlik yuzasidan kelishuvlarga erishilgandi. Tashrifimiz ana shu vizitga javob bo‘ldi, desam xato qilmayman. Hatto Fontananing o‘zi ham Shavkat Mirziyoyev bilan samimiy suhbatini eslar ekan, bunday hamkorlikni jadallashtirishga harakatni ma’qulladi. Italiyalik tadbirkorlar ishtirokida qo‘shma biznes-forum uyushtirildi.

- Tadbirlarda Samarqand viloyati manfaati uchun nimalarga erishildi?

- Lombardiya viloyatidagi aksariyat korxonalar xomashyoni Xitoy davlatidan olar ekan. Mamlakatimizga kelgan chog‘ida ishbilarmonlar bizda ham bunday xomashyolar ko‘pligini ko‘rgan. Shuning uchun birinchi kelishuv aynan Italiya korxonalariga xomashyo yetkazib berish bilan bog‘liq bo‘ldi.

Lombardiya mutaxassislari bilan hamkorlikda kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish markazi tashkil etamiz. Unda muayyan soha bo‘yicha bilim va tajriba almashinadi. Bulung‘ur tumanida lombardiyaliklar 60 gektar maydonda maxsus zona tashkil etib, to‘qimachilik va tekstil sohasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yishadi.

Shuningdek, italiyaliklar «Shirin» zamonaviy shaharchasi qurilishida o‘z kompaniyalarini jalb etish istagini bildirishdi. Tabiiyki, Samarqandda Italiya restoranlari, oziq-ovqat do‘konlari ochiladi. Yana bir yangilik: “Samarqand – Milan” aviaqatnovi yo‘lga qo‘yiladi. Italiyalik ishbilarmonlar tibbiyot, migrasiya, ipakchilik, yengil va tog‘-kon sanoati sohalarida ham hamkorlik qilish takliflarini bildirishdi va bu takliflar asosida «yo‘l xaritasi» ishlab chiqildi.

- Xabarlarga qaraganda, italiyalik ishbilarmonlar bilan bo‘lgan forumda investitsiya, savdo va turizm sohasida ham anchagina kelishuvlarga erishilgan.

- To‘g‘ri, bu hamkorlikka asosan italiyalik kompaniyalar bilan birgalikda viloyat bo‘ylab sayyohlar uchun vertolyot xizmati uyushtiriladi. Ekologik toza yog‘ ishlab chiqariladi, zargarlik mahsulotlari tayyorlanadi, bo‘yalgan tekstil matosi eksport qilinadi.

Shuningdek, “RATTI» kompaniyasi bilan birgalikda Samarqandda ipakni qayta ishlash, zamonaviy texnologiya va tajribalar asosida mahsulot ishlab chiqarish bo‘yicha hamkorlik yuzasidan ham kelishuvga erishildi. Dunyo­ga taniqli bu kompaniya viloyatimizda ipakchilikni rivojlantirishga hissa qo‘shmoqchi. O‘rinbosarim J.Haydarov kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish uchun zamonaviy markaz tashkil etish bo‘yicha Lombardiyadagi katta kompaniya bilan anglashuv memorandumi imzoladi. Bu asosan, kichik va o‘rta biznes korxonalarini rivojlantirishga mo‘ljallangan loyiha. Hamkorlik viloyatimizda zamonaviy sanoat ekotizimini shakllantirish, mahalliy ishlab chiqarishni raqamlashtirish, yangi avlod mutaxassislarini yetishtirishga yordam beradi.

Bulardan tashqari ham ko‘plab fikrlar o‘rtaga tashlandi. Kelgusida o‘zaro kelishuv uchun takliflar bildirildi.

- Demak, Fransiya va Italiyadagi muloqotlar ko‘ngildagidek o‘tdi.

- Bilasizmi, biz ikkala mamlakatda ham davlatimiz rahbarining xalqaro hamjamiyatdagi salohiyatini his qildik. YuNESKOda ham, boshqa muloqotlarda ham xorijliklar O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan shiddatli islohotlarni, davlat rahbarining tinchliksevar siyosatini alohida ta’kidlashdi. Bu esa fikrlarimizning barcha muloqotlardagi ustuvorligini ta’minladi. Ishonchim komil, bunday hamkorlik Samarqand viloyatida nafaqat sanoat va qishloq xo‘jaligi, balki sayyohlik industriyasi, to‘qimachilik va boshqa sohalarni rivojlantirishda, muhimi, korxonalarimizni zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlashda juda zarur.

Qayerda bo‘lmaylik, Samarqand haqida gap ochsak, faranglar ham, italiyaliklar ham katta hurmat ko‘rsatishdi. Ayniqsa, Samarqand shahrining 3 ming yillik tarixini tiklash borasidagi taklifimizni olqishlar bilan kutib olishdi. Demak, biz ana shunday hurmatga munosib bo‘lishimiz kerak.

- Mazmunli suhbatingiz uchun rahmat!