OTMlarning xalqaro tashkilotlar, xorijdagi nufuzli universitetlar bilan hamkorligi samara beradi

Qishloq xo‘jaligi mamlakatimizning drayver sohasi ekanligi sir emas. Shuningdek, agrar sohada ilm-fan va innovatsiya yutuqlarini yana ham keng ko‘lamda joriy etish, resurstejamkor texnologiyalarni qo‘llash orqali yurtimizda qishloq xo‘jaligi yo‘nalishida yuqori natijalarga erishilmoqda.

Bu borada davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilayotgan g‘oya va tashabbuslar, xususan, qishloq xo‘jaligini modernizatsiyalash va diversifikatsiyalash, yer va suv resurslaridan samarali foydalanish, sohani raqamlashtirish kabi dasturiy vazifalar agrar tarmoq rivojining yangi bosqichga ko‘tarilishiga mustahkam zamin yaratmoqda. Ayniqsa, sohaga zamonaviy innovatsiyalarni keng joriy etish, ilm-fan va amaliyot uyg‘unligini ta’minlash yuzasidan olib borilayotgan islohotlar o‘z samarasini beryapti.

Ushbu e’tibor va islohotlar natijasida qishloq xo‘jaligi sohasida malakali, yetuk kadrlarni tayyorlash ishlarida ham anchayin o‘sish kuzatildi. 95 yillik tarixga ega Toshkent davlat agrar universitetida olib borilayotgan amaliy jarayonlar mazkur fikrimizning yaqqol misoli bo‘la oladi.

O‘zbekiston agrar sohasining ilg‘or oliy ta’lim va ilmiy markazi bo‘lgan ushbu oliygoh so‘nggi yillardagi o‘zgarishlar natijasida chin ma’noda yirik novatorga aylandi.

Ayni paytda universitet tarkibida 8 ta fakultet, 24 ta kafedra bo‘lib, 40 dan ortiq zamonaviy o‘quv va ilmiy laboratoriya, boy kitob fondiga ega axborot-resurs markazi, 56,2 gektar ilmiy-o‘quv tajriba maydoni mavjud. 15 ming nafardan ortiq talabaga 562 nafar professor-o‘qituvchi saboq bermoqda. Intiluvchan ustozlarimizning izlanishlari natijasida hozirgi kunda universitetning ilmiy salohiyati 71,2 foizga yetkazilgani ham bizning eng katta yutuqlarimizdan biri, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Keyingi yillarda universitetimizda ta’lim sifatini yaxshilash, xalqaro standartlarga mos kadrlar tayyorlash va ularning malakasini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada xalqaro tashkilotlar, xorijdagi nufuzli oliy ta’lim muassasalari bilan faol hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.

Xususan, AQSh, Xitoy, Rossiya, Germaniya, Janubiy Koreya, Avstriya, Yaponiya, Portugaliya, Niderlandiya, Turkiya, Indoneziya kabi davlatlarning dunyoning TOP-300 ro‘yxatiga kirgan 19 ta OTMlarining ta’lim dasturlari tahlili asosida universitetda mavjud bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari hamda magistratura mutaxassisliklarining qarib 300 dan ortiq fanlarning o‘quv dasturlari va sillabuslari ishlab chiqildi.

Shuningdek, qishloq xo‘jaligi rivojlangan mamlakatlar ta’lim sifatini o‘rganish va amaliyotga tadbiq etish maqsadida professor-o‘qituvchilarning xorijda malaka oshirishlariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Birgina joriy yilining yanvar-may oylarida 50 nafardan ortiq professor-o‘qituvchimiz Polsha, Turkiya, Malayziya, Janubiy Koreya, Xitoy va Rossiya Federatsiyasining nufuzli oliy ta’lim hamda ilmiy tadqiqot tashkilotlariga malaka oshirish va stajirovkaga yuborildi. O‘z navbatida Germaniya, Polsha, Turkiya, Malayziya, Janubiy Koreya, Xitoy va Rossiyaning yetakchi oliy ta’lim va va ilmiy-tadqiqot tashkilotlarining 30 nafardan ortiq professorlari universitet o‘quv mashg‘ulotlarida ishtirok etishdi.

Xorijda malaka oshirish va tahsil olish borasida talaba yoshlarimizga ham imkoniyatlar eshigi doimo ochiq. Aniq ma’lumotlarga yuzlanadigan bo‘lsak, ayni paytda Agrosanoatni rivojlantirish agentligi, O‘rmon xo‘jaligi agentligi, “Leo Garden”, “Agro Light Business”, “Multi Flora” kabi 29 ta yirik tashkilot va korxonalar bilan hamkorlikda dual ta’lim yo‘lga qo‘yildi. Bu sa’y-harakatlar samarasi o‘laroq, 2025 yilda 187 nafar talaba Polsha, Germaniya, Bolgariya kabi mamlakatlarga haq to‘lanadigan qisqa muddatli o‘quv amaliyotlariga yuborildi. Ushbu yo‘nalishdagi aloqalarni yanada kengaytirish uchun Xitoy, Gretsiya, Vengriya va Xorvatiyada talabalar amaliyotini tashkil etish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Shu bilan birga, oxirgi ikki yilda Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati  (GIZ) hamda “ASIIN” xalqaro agentligi bilan hamkorlikda 4 ta ta’lim yo‘nalishi xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazilgani ta’lim dasturlarimizning xalqaro darajada tan olinishi, universitetning jahon maydonidagi nufuzi ortayotganligidan dalolat beradi.

 2025-2026 o‘quv yilidan universitetimizda mavjud qo‘shma ta’lim dasturlari bilan birga Irkutsk davlat agrar universiteti, Polshaning WSB universiteti, LitvaningVitautas Magnus universiteti, Turkiyaning EGE universiteti, Rossiyaning Boshqird davlat agrar universitetlari bilan hamkorlikda shunday dasturlar tashkil etildi.

Magistratura bosqichida esa Xitoyning shimoliy g‘arbiy qishloq xo‘jaligi va o‘rmonchilik universitetida biznesni boshqarish, mevachilik, o‘simliklar himoyasi va karantini, agronomiya, chorvachilik yo‘nalishlarida, Vengriyaning MATE universitetining oziq-ovqat xavfsizligi yo‘nalishi, Turkiyaning Isparta amaliy fanlar universitetining o‘simlikshunoslik, o‘simliklar himoyasi va karantini, mevachilik, chorvachilik yo‘nalishlarida keng qamrovli kadrlar tayyorlash bo‘yicha hamkorlik memorandumlari imzolangan va bu yil ilk bor qabul amalga oshiriladi.

Bu kabi xalqaro malaka almashinuvini tashkil etish bir tomondan qishloq xo‘jaligi sohasida istiqbolli kadrlar bazasini mustahkamlashga hamda xorij tajribasini milliy ta’limimiz bilan uyg‘unlashtirish barobarida, amaliy izlanishlarda yangidan yangi yutuqlarga erishishimizga ham zamin yaratmoqda.

Keyingi yillarda Toshkent davlat agrar universiteti nainki sifatli agrar ta’lim beriladigan, ayni paytda qishloq xo‘jaligining real muammolari yechimiga qaratilgan ilmiy-hajmdor tadqiqotlar olib borilayotgan yirik markazga aylanmoqda. Bunday deyish uchun asoslar yetarli. Professor-o‘qituvchilarimiz 2020-2024 yillarda davlat ilmiy-texnika dasturlari doirasida bajariladigan fundamental, amaliy va innovatsion loyihalar tanlovlarida ishtirok etib, umumiy qiymati 25,3 milliard so‘mga teng bo‘lgan 29 ta loyihani muvaffaqiyatli bajardi. Birgina joriy yilda ana shunday loyihalar soni o‘ntadan oshib, 15 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ jalb qilish rejalashtirilgan.

Jamoamiz ilmiy salohiyati yil sayin yuksalib borayotganini birgina ilmiy-tadqiqot natijalarini tijoratlashtirish holati misolida ham ko‘rish mumkin. Ya’ni, professor-o‘qituvchilar erishilgan ilmiy yutuqlar, yaratilgan innovatsion texnologiyalar, ishlanma va ixtirolar asosida agroklasterlar, fermer xo‘jaliklari, shuningdek, ishlab chiqarish korxonalariga ko‘rsatilgan xizmatlar evaziga 2024 yilda universitetning tijoratlashtirish jamg‘armasiga 3,5 milliard so‘m mablag‘ tushgan bo‘lsa, joriy yilda ushbu ko‘rsatkichni 10 milliard so‘mdan oshirish ko‘zda tutilgan.

Tabiiyki, bunday yutuqlar qo‘lga kiritilishida ilmiy izlanuvchilar uchun zamonaviy jihozlangan laboratoriyalar, tajriba maydonlari mavjudligi qo‘l kelyapti. 56,2 gektar maydonda joylashgan ilmiy-o‘quv tajriba maydonida talabalarimiz, izlanuvchilarimizning ijobiy natijalariga guvoh bo‘lishingiz mumkin.

Hozirgi kunda davlat ilmiy-texnika dasturlari doirasida 5 ta amaliy loyiha va 130 ga yaqin ilmiy tadqiqotlar aynan ushbu hududda olib borilmoqda. So‘nggi yillarda bu yerda o‘tkazilgan ilmiy izlanishlar doirasida 50 dan ortiq ixtiroga patentlar olindi. Yuqori hosilli, turli iqlim sharoitiga moslashgan g‘alla, g‘o‘za, meva-sabzavot ekinlarining yangi navlari yaratildi va istiqbolli xorij navlari mahalliy tuproq-iqlim sharoitiga moslashtirildi. Masalan, joriy yilda Xitoy Shimoliy g‘arbiy qishloq va o‘rmon xo‘jaligi universiteti bilan hamkorlikda Xitoyda yaratilgan olmaning uchta navi introduksiya qilindi va olma bog‘lari barpo etildi. Xitoylik mutaxassislar bilan hamkorlikda ushbu navlar yurtimiz tuproq-iqlim sharoitiga moslashishini o‘rganish va ularni parvarishlashning zamonaviy texnologiyasi ishlab chiqilmoqda. Yangi olma navlari hosildorligi, tashishga yaroqliligi, uzoq vaqt saqlanuvchanligidan tashqari, mevasining sifat ko‘rsatkichlari yuqoriligi bilan boshqa navlardan ajralib turadi. Ushbu bog‘ to‘liq hosilga kirganda va agrotexnika tadbirlari o‘z vaqtida sifatli amalga oshirilganda har tupdan 25-30 kilogramgacha, bir gektaridan esa o‘rtacha 60-70 tonnagacha hosil olinadi. Xuddi shunday, yangi barpo qilingan anjir bog‘i hamda issiqxonalarda sitrus mevali o‘simliklar kolleksiyasi tashkil etilib, ko‘chat yetishtirish yo‘lga qo‘yilgan.

Polshalik hamkorlar bilan yangi turdagi rezavor mevali o‘simliklar - qulupnay, malina, golubika va yejevika kolleksiyasi yaratilmoqda. Bundan tashqari, talab yuqori bo‘lgan mahsulotlar, sakkiz turdagi karam, gulkaram, brokkoli va salat bargi, shuningdek, sabzi, piyoz va kartoshkaning serhosil navlarini yetishtirish bo‘yicha ilmiy-tadqiqot ishlari olib borilyapti.

O‘quv-ilmiy tajriba xo‘jaligida iqlim o‘zgarishlariga moslashish, ayniqsa, sho‘rlangan yerlarda ekin yetishtirish ustida tadqiqotlar olib borilayotganini alohida e’tirof etish joiz. Ayni paytda sho‘rlanish sharoitida biodehqonchilik xalqaro markazi (ICBA — International Center for Biosaline Agriculture) bilan hamkorlikda degradatsiyaga uchragan yerlarda amarant va kinoa o‘simliklarini yetishtirish bo‘yicha tajribalar o‘tkazilmoqda. Bu ekinlar qurg‘oqchilik va issiqlikka chidamli bo‘lib, oziq-ovqat-xavfsizligini taminlashda yangi imkoniyatlar eshigini ochishi turgan gap.

Shu o‘rinda ta’kidlashimiz kerakki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 27 dekabrdagi 60-sonli yig‘ilish bayoni hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining 2025 yil 17 yanvardagi “2024/2025-o‘quv yili bo‘yicha kambag‘al va kam ta’minlangan oilalarning bitiruvchi sinfdagi farzandlarini oliy ta’lim muassasalari rahbarlariga biriktirish to‘g‘risida”gi 18-son buyrug‘i ijrosini ta’minlash maqsadida Yangiyo‘l shahar, Qibray, Chinoz, Parkent, Zangiota, Toshkent, Yangiyo‘l tumanlarida kambag‘al va kam ta’minlangan oilalarning bitiruvchi sinfdagi farzandlarini tayyorlov kurslarida o‘qitish ishlari olib borilmoqda. Bundan ko‘zlangan maqsad esa intiluvchan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularni Vatanimizning tayanchi, Yangi O‘zbekistonning poydevori bo‘ladigan insonlar etib tarbiyalashdir.

Albatta, amalga oshirilayotgan bu ishlar negizida bir maqsad – malakali kadrlar tayyorlab, mamlakatimiz ravnaqiga xizmat qilish vazifasi turibdi. Buni universitetimizda faoliyat ko‘rsatayotgan professor-o‘qituvchilar, tahsil olayotgan talabalar ham yurakdan his qiladi.

Zamonaviy bilim, amaliy ko‘nikmalar va ishonchli kelajak sari yetaklovchi yo‘l Toshkent davlat agrar universitetidan boshlanadi.

Narzullo Oblomurodov,

Toshkent davlat agrar universiteti rektori, iqtisodiyot fanlari doktori.