"Bajaramiz"dan qachon qutulamiz?

"Ochiq muloqot" – har hafta yakunida Samarqand televideniyesi orqali uzatilayotgan jonli muloqotlarni ko‘rarkanman, keyingi paytlarda u nomigagina o‘tkazilayotgandek tasavvur uyg‘otmoqda. Buning sabablari bor, albatta.

Ko‘pchilik orziqib kutib, yo‘llayotgan savollar "Bajaramiz, bo‘ladi, masalani yechamiz"dan nariga o‘tilmaydigan javoblar bilan cheklanmoqda. To‘g‘risi, ushbu ko‘rsatuvlarni kuzata turib, hali shu paytgacha "Yo‘q, bu muammoni hal etolmaymiz, buning uchun mana bunday sabablar bor", degan tahlilni eshitmadim.

Aytish kerakki, muloqot bo‘lib o‘tishidan bir hafta oldin bu haqda ommaviy axborot vositalarida e’lon berilyapti, telefon raqamlari aytilib, savolni oldindan yo‘llash imkoniyati berilmoqda. Ehtimol, ko‘rsatuv tartibini savol yo‘llovchilar uchun yanayam soddalashtirish lozimdir. Misol uchun, o‘rganish, vaqt talab etadigan savollar oldindan berilib, uning javobi o‘rganilgach, jonli muloqot davomida aniq aytilsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi, nazarimda.

Bu masalada andaza olishga arzirli misol ham bor: viloyat hokimining tadbirkorlar bilan yuzma-yuz uchrashuvi xuddi shu taxlit o‘tkazilmoqda.

Yoki bitta tuman, shahar hamda tegishli boshqarma rahbarlari bilan ochiq muloqot o‘tgandan so‘ng bir hafta o‘tgach, televideniye orqali yana bir karra o‘sha hudud bilan bog‘liq ko‘rsatuv tayyorlansa-yu, savollarga berilgan javoblar ijobiy yechim topdimi, yo‘qmi, shu masalaga aniqlik kiritilsa. Shundagina "Ochiq muloqot" ko‘zlangan maqsadga erishadi. Axir asosiy maqsad – rahbarni aholi bilan yuzlashtirishgina emas, masalaga oqilona yechim topish, uni hal etishda hokimning yoki boshqa rahbarlarning funksiyasini kezi kelganda tushuntirib o‘tish hamdir.

Vaholanki, tushayotgan savollar bo‘yicha viloyatda tahlil olib boriladi, muammolar yechimi e’tiborga olinyapti. Ammo tuman hokimi bu masalani o‘z hududida tahlil qilayaptimi, hudud rahbarlari bilan muloqotdagi masalalar muhokama qilinyaptimi? Ehtimol, tuman miqyosida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar o‘z vaqtida aytib borilsa, ko‘p savollarga hojat ham qolmasmidi. Masalan, qayerda maktab, bog‘cha quriladi, qanday korxona tashkil etiladi kabi ma’lumotlar shaffof tarzda tuman gazetasida, ijtimoiy tarmoqlarda berib borilishi lozim.

Darvoqe, shu o‘rinda, "Ochiq muloqot" davomida kuzatganimiz, yana bir masalaga e’tibor qaratsak. Ba’zida tomoshabinlardan tushayotgan savollardan va hatto uning javobidan ham rahbarning xabardorligi bilinadi. Bunday murojaatchilar ba’zi masalalarda nohaqligini o‘sha yerda o‘tirganlarning ko‘pchiligi biladi. Ammo bu haqda hech narsa deyilmaydi. "Bu masala o‘rganilgan, yechimi haqida ma’lumot beramiz", deyiladi, xolos. Ehtimol, rahbarlar oynai jahon orqali o‘z tumani ahlini izza qilishni istamas. Ammo ba’zi murojaatchilarning nohaq ekanligini aytib, izohlab o‘tish kelgusida bunday holatlarning oldini olishga yordam beradi.

 

Gulruh MO‘MINOVA.