Bajarilgan mehnatning haqi bor(mi?)

“ALAMXON GOLD GROUP” korxonasi Urgut tuman tibbiyot birlashmasi uchun katta hajmdagi ta’mirlash ishlarini amalga oshirdi. O‘rtada tuzilgan shartnoma asosida tibbiyot birlashmasining “G‘oyibota” bo‘limi isitish tizimi, tug‘ruq majmuasi, narkologiya va ko‘z kasalliklari bo‘limlarida jami 664 million so‘mdan ortiq ishlar bajarildi. Ammo ko‘rsatilgan xizmatning haqi to‘lanmadi.
Bu holat stomatolog vrach Javohir Tohirovga ham begona emas. Yosh stomatolog Urgut tumani tibbiyot birlashmasida mart oyidan buyon bemorlarni qabul qilib, amaliy ish olib boryapti. Ammo unga ham birlashma mas’ullari “buyrug‘ing chiqmagan”, degan bahona bilan oylik maoshi to‘lamagan.
Biroq u umidsizlikka berilmadi, Urgut tuman adliya bo‘limiga murojaat qildi va uning huquqlari tiklandi. “ALAMXON GOLD GROUP” korxonasining to‘lanmayotgan xizmat haqi ham to‘lanishi ta’minlandi.
Tumanda adolatsizlik faqat tibbiyot sohasida emas, balki qishloq xo‘jaligida ham uchraydi. Urgut tuman suv yetkazib berish xizmati davlat muassasasi tomonidan fermer xo‘jaliklariga uzluksiz suv yetkazib berish xizmati ko‘rsatilgan bo‘lsa-da, ular tomonidan ushbu xizmat uchun belgilangan to‘lovlar uzoq vaqtida to‘lanmagan. Bu holat fermerlar bilan shartnoma asosida ish olib borgan davlat muassasasining iqtisodiy barqarorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan. Urgut tuman yuridik xizmat ko‘rsatish markazi masalaga aralashib, tegishli huquqiy tadbirlarni ko‘rdi va natijada xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotning manfaatlari himoya qilinib, kechiktirilgan to‘lovlar to‘liq undirilishi ta’minlandi. Bu voqea yana bir bor shuni ko‘rsatdiki, davlat tashkilotlari faoliyatida ham huquqiy mexanizmlar to‘g‘ri ishlasa, adolat tiklanishi muqarrar.
Har bir bajarilgan mehnat o‘z vaqtida va to‘liq baholanishi kerak. Adolat faqat sud zalida emas, hayotning har jabhasida namoyon bo‘lishi lozim.
Samarqand viloyat adliya boshqarmasi axborot xizmati.