Bajarilmagan ish uchun kim javob beradi?
Viloyat hokimligi axborot xizmatining xabar berishicha, Farhod qo‘rg‘oni “Shirin” mahallasida “Obod mahalla” dasturi ijrosi yuzasidan shahar prokuraturasi tomonidan o‘tkazilgan tekshirish yakunlari shahar hokimligida o‘tkazilgan yig‘ilishda muhokama etildi.
Shahar prokuraturasining taqdimnomasida ta’kidlanganidek, dasturda ko‘zda tutilgan ijtimoiy soha ob’yektlarini qurish va ta’mirlash yuzasidan belgilangan qurilish ishlari sifatsiz bajarilgan. Dasturga muvofiq, 57-umumta’lim maktabi binosini rekonstruksiya qilish, 26-MTM binosini qurish, ichimlik suvi inshootini barpo etish, shuningdek, "Cho‘ponota" mahallasidagi maktab, maktabgacha ta’lim muassasasini mukammal ta’mirlash, 6-oilaviy poliklinika filialini rekonstruksiya qilish ko‘zda tutilgan edi. Shahar prokuraturasi tomonidan dastur ijrosi o‘rganilganda yuqoridagi ob’yektlarni qabul qilish dalolatnomalari tuzilmaganligi, qurilish ishlari sifatsiz bajarilganligi aniqlandi. Jumladan, 57-umumta’lim maktabi binosining devor suvoqlar ko‘chgan, suv saqlash inshooti atrofidagi temir panjara sifatsiz o‘rnatilgan, binoning isitish tizimi va tomida ham quruvchilar tomonidan qator kamchiliklarga yo‘l qo‘yilganligi ma’lum bo‘ldi.
Yig‘ilishda tegishli mas’ul tashkilotlar rahbarlariga aniqlangan kamchiliklarni tezkor bartaraf etish vazifasi yuklatildi.