Samarqanddagi boshqaruv idoralari faoliyati qay darajada ochiq? Ular yangi talablarga moslasha oladimi?
Viloyat hokimligida o‘tkazilgan apparat yig‘ilishida ushbu masala atroflicha muhokama qilindi.
Qayd etilganidek, joriy yil 16 iyunda Prezidentimizning “Davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligini ta’minlash, shuningdek, jamoatchilik nazoratini samarali amalga oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni imzolandi.
Hujjat bilan davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, shuningdek, ustav fondida davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan xo‘jalik jamiyatlari hamda davlat unitar korxonalari tomonidan ochiq ma’lumotlar sifatida joylashtirilishi kerak bo‘lgan ijtimoiy ahamiyatga molik ma’lumotlar ro‘yxati tasdiqlandi.
Endi har yil yakunlari bo‘yicha davlat organlari va tashkilotlarining Ochiqlik indeksi aniqlanishi ko‘zda tutilmoqda. Bundan tashqari, farmonda ko‘rsatilgan qoida va tartiblarning buzilishi davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risidagi qonunchilik buzilishi sifatida baholanadi.
Yangi talablarga tayyormizmi?
Farmon bilan “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida”gi Qonun loyihasi konsepsiyasi ishlab chiqish belgilandi. Biroq ayrim hokimlik va boshqaruv idoralarida hamon amaldagi qonun talablari asosida ish tashkil etilmayapti.
Xususan, viloyatdagi boshqarmalarning aksariyat rasmiy veb-saytlari markazlashgan holda respublika tomonidan yuritiladi. Biroq vazirlik va idoralarning rasmiy veb-saytlarida hududiy boshqarma va bo‘linmalari haqida ma’lumot berilmagan yoki to‘liq yoritilmagan.
Bu o‘z navbatida, Vazirlar Mahkamasining 2013 yil 31 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish holatini baholash tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 355-qarori 3-ilovasi talablariga mos kelmaydi.
To‘g‘ri, ayni paytda 30 ta boshqarma va tashkilotning rasmiy veb-sayti mavjud. Ammo ularni yuritishda kamchiliklarga yo‘l qo‘yilmoqda. Jumladan, Samarqand davlat universitetining www.samdu.uz va viloyat hokimligi huzuridagi fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari xodimlarining malakasini oshirish o‘quv kursining www.sammok.uz rasmiy veb-saytlari axborot xavfsizligi talablariga javob bermagani sababli kiber hujumga uchragan. Yana ko‘plab boshqarma va tashkilotlar veb-saytlari kiber va xakerlik hujumlarining oldini olish bo‘yicha ekspertizadan o‘tkazilmagan.
7 yillik qonun mohiyatini tushunmayotganlar bor
O‘zbekiston Respublikasining “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida” Qonuni qabul qilinganiga yetti yildan ko‘p vaqt bo‘lgan bo‘lsa-da, uning mohiyatini hali ham ko‘pchilik bilmaydi.
Mazkur qonun bilan barcha darajadagi hokimiyat va boshqaruv organlari o‘zlarining kundalik faoliyati to‘g‘risidagi axborotni aholiga ma’lum qilib borishlari kerak. Bunday axborot birinchi navbatda, rasmiy veb-saytlar, shuningdek, internet tarmog‘idagi messenjerlar va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarda joylashtirib borilishi lozim.
Aholi davlat tashkilotlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar bilan oson tanishishi uchun axborotlar korxonaning hamma kirishi mumkin bo‘lgan joylariga joylashtirilishi kerak. Amalda sanoqli tashkilotlarda rahbarning qabul kunlari va qabul soatlari, hafsala qilganlar rahbarning ismi-familiyasini yozib qo‘ygan.
Vaholanki, ish yoki tashvish bilan kelgan fuqaro binoga kirmasdan, hamma ma’lumotni olishi shart. Qonun talabi bu.
Rahbarlar e’tiborsizmi yoki matbuot kotiblari?
Yig‘ilishda qayd etilishicha, matbuot anjumanlari rejali tashkil etilmayapti. Xususan, birinchi chorakda 85 ta media-tadbirlarning 6 tasi kechikib o‘tkazilgan.
Ikkinchi chorak uchun tasdiqlangan 154 ta matbuot tadbirining 17 tasi (6 ta matbuot anjumani, 6 ta ochiq muloqot, 5 ta press-tur) tashkil etilmagan. Past Darg‘om, Qo‘shrabot tumani hokimliklari, sog‘liqni saqlash, soliq, Zarafshon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalari kabilar media-reja ko‘rinishida tasdiqlab berilgan tadbirlarni o‘tkazmagan.
Muhokamalar davomida hokimlik va boshqaruv idoralari faoliyatida ochiqlikni ta’minlash, bu borada mas’ul shaxslar uchun zarur sharoitlarni yaratish yuzasidan vazifalar belgilab olindi.