Kommunal sohaga oid muammolar muhokama qilindi

Samarqand viloyati hokimligining bugun o‘tkazilgan navbatdagi apparat yig‘ilishida Prezidentimizning “Qishloq joylarda va ayrim toifadagi fuqarolar uchun arzon uy-joylar qurilishini kengaytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq Samarqand viloyatida amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi.

Viloyat hokimligi axborot xizmati taqdim etgan ma’lumotlarga ko‘ra, Samarqand viloyati bo‘yicha tasdiqlangan dasturga binoan 1900 ta ko‘p qavatli uylar qurilishi rejalashtirilgan bo‘lib, buning uchun 270,5 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan. “Qishloq qurilish invest” MChJ tomonidan bugungi kunda umumiy qiymati qariyb 290 milliard so‘mlik qurilish-montaj ishlari bajarilishi natijasida 1662 uy foydalanishga topshirildi. 258 ta uy-joyda qurilish ishlari tez fursatda nihoyasiga yetkaziladi.

Muhokama chog‘ida Samarqand shahridagi ko‘p qavatli uylarda uy-joy mulkdorlari shirkatlari tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati, sohadagi holat aks ettirilgan videolavha namoyish etildi. Lavhada ko‘rsatilgan buzilgan liftlar, bolalar o‘yin maydonchalari yo‘qligi, suv toshib ketgan yerto‘lalar va boshqa bir qator masalalar yuzasidan mas’ullarning hisoboti eshitildi.

Muhokamada shahar aholisining murojaatlariga o‘z vaqtida, tezkor yechim topilmayotgani, ijro muddati buzilayotganligi sababli takroriy murojaatlar ko‘payayotgani, kommunal sohada ko‘rsatilayotgan xizmatlar bugungi kun talabiga javob bermasligi ta’kidlandi.