Qonun ustuvor bo‘lmagan joyda tartib buziladi

Samarqand viloyati hokimligida viloyat yer resurslari va davlat kadastri boshqarmasida ish yuritish, hujjatlar bilan ishlash hamda ijro intizomi ahvoli to‘g‘risidagi masalaga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishni viloyat hokimi E.Turdimov olib bordi.

Ta’kidlandiki, Vazirlar Mahkamasining 1999 yil 12 yanvardagi «Ijro intizomini mustahkamlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori yuzasidan viloyat hokimligi tomonidan tuzilgan ishchi guruh ijro intizomini o‘rganish maqsadida viloyat yer resurslari va davlat kadastr boshqarmasida bo‘ldi. O‘rganish davomida boshqarma hamda viloyat yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri davlat korxonasida ish yuritish, hujjatlar ijrosi, nazorat tartibi kabi yo‘nalishlar ushbu qaror talablari asosida yo‘lga qo‘yilmaganligi aniqlandi. Viloyat hokimining qaror va topshiriqlari, fuqarolar tomonidan qilingan murojaatlar barcha yo‘nalishlarda bir-biriga o‘xshamas xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgan.

Devonxona bo‘limida ish yuritish eskicha uslubdaligi sababli ayrim hujjatlar ijro etilmasdan qolgan. Mazkur korxonalardan turli idoralarga chiqarilyotgan xatlar, topshiriqlarning qonuniyligi ta’minlanmagan, qonunbuzarlikka yo‘l qo‘yilgan.

Masalan, viloyat yer resurslari va davlat kadastri boshqarmasining yig‘ma jildlari nomenklaturasi ishlab chiqilmagan. Natijada viloyat hokimligi tomonidan elektron hujjat aylanish tizimi orqali 2018 yilda jami 1658 ta, 2019 yilning 10 iyun holatiga jami 2374 ta xat va topshiriqlar kelib tushgan. Yuborilgan 1022 ta hujjatga javob xatlari biriktirilmagan, 3010 ta hujjatga «ijro tugmasi» bosib yopilgan yoki «ma’lumot uchun qabul qilindi» degan mazmundagi xatlar biriktirilgan.

Viloyat yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri davlat korxonasiga elektron tizim orqali yuborilgan 809 dan ortiq topshiriq va xatning 644 tasi umuman ochib ko‘rilmagan, 148 ta hujjat ijrosi bo‘yicha ma’lumotlar kiritilmagan. 17 ta xat va hujjat ijro etildi tugmasi bosilib yopilgan bo‘lsa-da, javob xatlari, ma’lumotlar tizimga biriktirilmasidan nazoratdan olish tugmasi bosilgan.

Bundan tashqari, «Samarqand viloyat yer resurslari va davlat kadastri boshqarmasiga tashkilot, korxona hamda yuqori turuvchi organlardan kelib tushgan xat va murojaatlarni ro‘yxatga olish kitobi»da qayd etilgan hujjatlarning birgina joriy yilning 15 aprelidan 3 mayigacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida 206 ta hujjatning chiqqan sanasi, yuqori tashkilot nomi, murojaatning qisqacha mazmuni va rahbarning ko‘rsatmasi (rezolyusiya) degan bandlariga hech qanday holat yozilmagan. 158 ta hujjatning ijrosi ta’minlanmagan bo‘lsa, aksariyat xatlarga bir xil mazmunda ijro va ma’lumot uchun qabul qilindi», degan javob xatlari bilan ijrosi nazoratdan chiqarilgan.

Fuqarolar murojaati bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonalaridan kelib tushgan jismoniy hamda yuridik shaxslarning murojaatlari borasida ham kamchiliklarga yo‘l qo‘yilmoqda. O‘rganish natijalariga ko‘ra, 93 ta murojaat 15 kunga, 60 ta murojaat 30 kun muddatga asossiz ravishda buzilib bajarilgan. Yoki amaliy yordam so‘rab kelgan fuqarolar murojaatlariga kechiktirib javob xati yuborilgan. Viloyat hokimligining ariza va shikoyatlar bo‘limiga kelib tushgan fuqarolar murojaatining 27 tasi muddati o‘tgan bo‘lsa ham haligacha o‘z ijrosini kutmoqda.

Shuningdek, yig‘ilishda qonun ustuvorligini ta’minlangan holda tizimda ish yuritish, hujjatlar bilan ishlashda ijro intizomini tubdan yaxshilash, yer uchastkalarini uzoq muddatli ijaraga berishda hokimliklar bilan kelishilgan holda ish olib borish, kadrlar siyosatini amalga oshirish, ularni qonun hujjatlariga moslashtirish kabi masalalar muhokama etildi.