Baklashkadan zo‘r yostiq va ko‘rpacha bo‘larkan
Jurnalist va blogerlar uchun “Asaka bank” Samarqand filiali tomonidan “Tuft and grass” qo‘shma korxonasiga press-tur tashkil etildi.
Samarqand shahrida joylashgan mazkur korxonada bo‘lgan ishtirokchilar ajratilgan kredit mablag‘lari nechog‘li samara berayotgani, bu yerdagi ishlab chiqarish jarayonlari qanday kechayotgani bilan yaqindan tanishtirildi.
- O‘tgan 2020 yilda mazkur korxonaga “Asaka bank” tomonidan Germaniyaning “Kommersbank” kredit liniyasi hisobidan 2 million 61 ming yevro miqdoridagi hamda korxonaning 344 ming yevro mablag‘i jalb etildi, - deya ma’lumot berdi bankning korporativ boshqaruvchisi Azimjon Toshmurodov. - Bu mablag‘lar evaziga Belgiyadan 5 ta uskuna olib kelinib, ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.
Press-turda jurnalistlar baklashka qipig‘idan qay holatda sintetik tola, baxmal matosi, tafting uchun birlamchi va sintetik ip, tekstil mahsulotlari ishlab chiqarish jarayoni va tayyor mahsulotdan yostiq, ko‘rpacha, sun’iy qoplamali o‘t, pol qoplamalari tayyorlanayotgani bilan qiziqdi.
- Korxonamizga Belgiyadan olib kelingin 2 ta uskunada polestr mahsulotidan sun’iy qoplamali o‘t hamda 3 ta uskunada yostiq va ko‘rpacha ishlab chiqarilmoqda, - deydi “Tuft and grass” qo‘shma korxonasi direktori Jahongir Nasrullayev.– Uskunalar ishga tushishi natijasida 60 nafardan ortiq ish o‘rni yaratildi. Hozirda tayyor mahsulotlarimiz haridorgir bo‘lib, ichki bozordan ortmayapti. Mahsulotimizning 30 foizini Rossiya, Xitoy, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, Ozarbayjon, Avg‘onistonga eksport qilyapmiz. Yil oxirigacha “Asaka bank” kredit mablag‘alari evaziga Belgiyadan yana 3 ta qo‘shimcha uskuna olib kelish rejalashtirilgan. Bu qo‘shimcha 40 nafarga yaqin yoshlar ish bilan ta’minlanadi, degani. Eksport salohiyatini ham shu orqali oshirmoqchimiz. Bizning asosiy maqsadimiz ichki bozorni arzon va sifatli mahsulotlar bilan to‘ldirish.
Husan Eltoyev.