Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri va Qashqadaryo viloyati hokimi "Uzbekistan GTL" zavodini qurayotgan ishchilar bilan uchrashdi
Kechan "Enter Engineering" kompaniyasining Qashqadaryo viloyati G‘uzor tumanidagi ob’yektlaridan birida ishchi-xodimlar tomonidan norozilik uyushtirilib, kompaniya mulkiga zarar yetkazilgani haqida xabar bergan edik.
Bugun Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Husanov, viloyat hokimi Zoyir Mirzayev va viloyat sektor rahbarlari zavod hududida bo‘lib, har ikki tomonni eshitgan holda bo‘lib o‘tgan voqea tafsilotlari, ishchilarning noroziligiga sabab bo‘lgan yotoq va ovqatlanish joylaridagi sharoitlar hamda oylik maoshi to‘lovlari masalalari o‘rganildi. Bu haqda Qashqadaryo viloyati hokimligi axborot xizmati xabar berdi.
Norozilik bildirgan ishchilar bilan ochiq muloqot tashkil etildi va ishchi-xodimlar tomonidan ko‘tarilgan barcha muammo va masalalar joyida hal etildi va tegishliligi bo‘yicha qarorlar qabul qilindi.
Bugungi o‘rganishlar natijasi bo‘yicha Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining qo‘shimcha axboroti ham e’lon qilinadi.