Bank, kredit, mijoz: muvozanat qayerda buziladi?
- Bank bilan tuziladigan shartnomalar odatda katta hajmli, batafsil tanishib chiqishni talab etadigan hujjat hisoblanadi. Mijoz shartnomani tasdiqlashdan oldin u bilan batafsil tanishib chiqish uchun olib ketsa bo‘ladimi?
Abdurahmon SOBIROV,
Jomboy tumani.
- Ha. mijoz bank xizmatlarini ko‘rsatish to‘g‘risidagi shartnomani (kredit, depozit, bank hisobvarag‘iga xizmat ko‘rsatish, lizing, bank kartalari va boshqalar bo‘yicha) imzo qo‘ymasdan oldin tanishib chiqishi uchun o‘zi bilan olib ketishga haqli. Bank iste’molchini ushbu huquqqa ega ekanligi to‘g‘risida xabardor qilishi lozim.
-Kredit yopilgach, garovda turgan mulkni taqiqdan chiqarish tartibi qanday bo‘ladi?
Said ELMURODOV,
Payariq tumani.
- Bank qarz oluvchi tomonidan imzolangan shartnomaga asosan kredit (qarz) bo‘yicha qarzdorlik summasini to‘lash majburiyati to‘liq bajarilgan sanadan boshlab uch ish kunidan kechiktirmagan holda garovda turgan mulkni taqiqdan chiqarishi lozim. Garov sifatida bo‘lgan mol-mulkka nisbatan bankning huquqlari to‘g‘risidagi yozuvni garov reyestridan chiqarishi shart.
- Jismoniy shaxs barcha hujjatlar, yetarli miqdorda garov yoki kafillik taqdim etayotgan bo‘lsa-da, moliya muassasasi boshqa bankda krediti borligi uchun mablag‘ ajratmaydi. Bu borada qanday talablar mavjud?
Gulsara BAHROMOVA,
Narpay tumani.
- Bugungi kunda banklar tomonidan jismoniy shaxslar uchun taklif etilayotgan kreditlar turlari juda ko‘p va ularga bo‘lgan talab kredit yuklamasi ham yuqori. Tabiiyki, banklar ajratilayotgan kredit riskini minimallashtirish maqsadida Kredit-axborot tahliliy markazi kredit byurosi ma’lumotlari asosida arizachining kredit majburiyatlari bo‘yicha barcha ma’lumotlar bilan tanishib chiqadi, kredit tarixini o‘rganadi. O‘rganish jarayonida arizachining ilgari olingan kredit (qarz)lar bo‘yicha so‘ndirilmagan, muddati o‘tgan qarzdorligi mavjud bo‘lgan taqdirda bank tomonidan ushbu jismoniy shaxsga yangi mikromoliyaviy xizmatlar ko‘rsatish taqiqlanadi.
- Kredit olish uchun bankka barcha hujjatlarni topshirsam-da, bankdagilar qo‘shimcha hujjat talab qilishi, qo‘shimcha to‘lov olishi, arizamni ko‘rib chiqmasligi mumkinmi?
Hasan BOYMURODOV,
Kattaqo‘rg‘on shahri.
- Kredit shartnomasi tuzilgunga qadar bank iste’molchiga quyidagi axborotni taqdim etishi shartligi ushbu savolga to‘liq javob bo‘ladi. Bular:
- foiz stavkasining yillik nominal qiymati, shuningdek iste’molchi murojaat qilgan sanadagi kreditning to‘liq qiymati (shartnoma tuzish paytida uning mutlaq qiymatini, ya’ni kredit yoki qarzning asosiy qiymati, foizlari, komission va boshqa to‘lovlar, shu jumladan amaldagi tariflar bo‘yicha uchinchi shaxs foydasiga to‘lanadigan to‘lovlarni taqdim etadi);
- vositachilik haqlari, tariflar va kredit olish hamda unga xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq bo‘lgan boshqa to‘lovlarning batafsil ro‘yxati va miqdorlari;
- iste’molchi tomonidan kredit olish uchun taqdim etilgan hujjatlarni ko‘rib chiqish, kreditni taqdim etish muddatlari;
- kredit olish uchun zarur bo‘lgan hujjatlarning to‘liq ro‘yxati.
Iste’molchi ushbu taqdim etilgan axborot doirasida bank tomonidan majburiyatlar bajarilishini talab etishi lozim.
Savollarga Markaziy bank Samarqand viloyati bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Sherzod Suvonqulov javob berdi.