Barot Boyqobilov: Urgut chinoridan mening qalamim...

Urgut chinoridan mening qalamim,
Qalbimning sofligi — buloqlaridan.
Odamlarin mehri — o‘tli kalomim,
Qaddim rasoligi — alp tog‘laridan.

Ko‘klam xandasidan — tabassum, kulgim,
She’r bitgan qog‘ozim — saxiy dalasi.
Kimyo tuprog‘idan to‘lgan iligim,
Nafasim — shifobaxsh subhi sabosi.

Bedor soylarida — umrim kemasi,
Charx urgan kaptari — o‘y-orzularim.
Tilidagi g‘azal — sevgim shevasi,
Cho‘qqiga ketgan yo‘l — mening izlarim.

Tarjimai holim — Urgut qissasi,
She’rim — urgutliklar oltin bo‘sasi.

* * *

Ey mening go‘zalim, mening farishtam,
Senga tushganida dastlab nigohim,
Yulduzday beshumor balki gunohim,
Ey mening go‘zalim, mening farishtam.

Qalbingta tutashdir mening jon rishtam,
Ey mening dilbarim, chashmi siyohim,
Bu chigal dunyoda sensan panohim.
Qalbingga tutashdir mening jon rishtam.

Jonim rishtasini uzma qalbingdan,
Samoni tutundek tutmasin ohim,
Oftob ham kuymasin sening qahringdan.
Sevmaklik ayb emas, ey mening mohim,

Ishqimni haydama ko‘ngil qasringdan,
Qalbingdir topingan mening mehrobim.

* * *

Mevali daraxtga tosh otar,
Toshlardan butog‘ing sinmasin,
Shoxingga kalxatlar qo‘nmasin,
Qismating o‘ylasam bosh qotar.

Ko‘zimda qo‘rg‘oshin yosh qotar,
Mayli, tosh otganlar tinmasin.
Mevangni yeb turib, tig‘lansin,
Boshingda bir kuni tong otar.

Vale tong otguncha, otib tosh,
Tutundek o‘rlatsa ohlaring,
Dardingga bo‘lgandek qayg‘udosh
Xazondek yonsa gar bog‘laring.

Sen bo‘lib o‘rtada jon talash,
Qirqishib ketmasin shoxlaring.