Baxtga qarshi otilgan o‘q

Iste’dodli muharrir va adib Anqaboy Xudoybaxtov nega 35 yoshida otib tashlangan edi?

Mamlakatimizda milliy matbuot, adabiyot, madaniyat sohalarining rivojlanishida muhim o‘rin tutgan “Zarafshon” gazetasi chop etila boshlaganiga joriy yilda 110 yil to‘ldi. Shu sana munosabati bilan gazeta sahifalarida nashrning bosib o‘tgan shonli tarixiy yo‘li, tahririyatda faoliyat olib borgan ijodkorlar haqida qator maqolalar, tadqiqotlar e’lon qilinmoqda. Ularning ayrimlari ko‘p yillardan beri Farmon Toshev bosh muharrirlik qilib kelayotgan tahririyat tashabbusi bilan “Zarafshon” gazetasi kutubxonasidan” turkumida kitob holida nashr etildi.

Ana shunday risolalardan biri 2023 yilda “Sahhof” nashriyoti tomonidan chop etilgan “Anqaboy Xudoybaxtov kim edi?” to‘plamidir. Mazkur nashr o‘tgan asrning dolg‘ali yigirmanchi-o‘ttizinchi yillarida Samarqandda yashab ijod qilgan Anqaboy Xudoybaxtov hayoti va ijodi haqida hikoya qiladi. A.Xudoybaxtovni “Zarafshon” bilan bog‘laydigan jihat shundaki, u 1928 yildan adabiy-madaniy hayotda muhim o‘rin tutgan gazetaga muharrirlik qilgan.

Shu o‘rinda aytib o‘tish lozim, joriy yilda Anqaboy Xudoybaxtov tavalludiga 120 yil to‘ldi. U 1903 yilda Baxmal tumani Yumaloqbosh qishlog‘ida ziyoli oilada dunyoga kelgan. 10-15 yoshlarida tumandagi maktab-internatda tarbiyalangan. 1926-1928 yillarda Moskvada jurnalist xodimlarni tayyorlash  kursida o‘qigan. Shundan so‘ng O‘zbekistonga qaytib, “Zarafshon”, “Ishchi” gazetalarida muharrir, “Qizil O‘zbekiston” gazetasida bo‘lim mudiri bo‘lib ishlagan. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining Samarqand viloyati bo‘limini boshqargan. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi mas’ul kotibi, SSSR Yozuvchilar uyushmasi plenumi a’zosi bo‘lgan, Respublika radioeshittirishlar davlat qo‘mitasi raisi lavozimida faoliyat olib borgan. Mahoratli adib, dramaturg, adabiyotshunos, jurnalist sifatida samarali mehnat qilgan.

Ammo sobiq sovet tuzumining qatag‘on mashinasi Mo‘min Usmonov, Rahmat Majidiy, Qurbon Beregin, Otajon Hoshimov, Ziyo Saidov, Umarjon Ismoilov, A’zam Ayupov, Mashriq Yunusov – Elbek va boshqa o‘z davrining yetuk adib, olim, san’atkor, ziyoli zamondoshlari qatorida uning taqdirini ham yanchib, hayotini toptab o‘tdi. U 1937 yil 9 avgust kuni ichki ishlar xalq komissarligi tomonidan “millatchi, aksilinqilobchi, panturkist, yashirin tashkilot a’zosi” singari nohaq ayblovlar bilan hibsga olingan. Oliy sud harbiy hay’atining majlisida A.Xudoybaxtov “aybi”ga iqror bo‘lmaydi: hech qanday aksilsho‘roviy tashkilotga a’zo bo‘lmagani, zararkunandachilik ishlari bilan shug‘ullanmagani to‘g‘risida ko‘rsatma beradi. Shunga qaramasdan, SSSR Oliy sudi harbiy hay’ati 1938 yil 5 oktyabr kuni Xudoybaxtovni “burjuy millatchilarining aksilsho‘roviy, qo‘zg‘olonchilik, odamkushlik, zararkunandachilik, buzg‘unchilik tashkiloti a’zosi” sifatida qator moddalar bo‘yicha aybdor deb topadi va oliy jazo — otuvga hukm qiladi. O‘limga hukm qilinganlar orasida Abdurauf Fitrat, Abdulla Qodiriy, Abdulhamid Cho‘lpon, Po‘lat Soliyev, G‘ozi Olim Yunusov, Abdulhay Tojiyev, Akbar Islomov, Sanjar Siddiq, A’zam Ayyub kabi taniqli ziyolilar bor edi. Buni qarangki, mash’um hukm Toshkent shahrida 1938 yil 4 oktyabr kuni, sud qaroridan bir kun oldin ijro etilgan.

Hayot tori umrining eng gullagan davrida nogahon uzilgan — Anqaboy Xudoybaxtov 35 yil umr ko‘rgan, xolos. U qisqa umri davomida hayotning hamma sohalaridan yaxshi xabardor qalamkash sifatida o‘tkir maqolalar yozgan. O‘sha kezlari jamiyat hayotida qudratli kuch sifatida namoyon bo‘lgan milliy matbuotimiz, o‘zbek radiosi ishini ravon yo‘lga qo‘yish, maqola va eshittirishlar saviyasini ko‘tarishda samarali xizmat qilgan.

Tarixning murakkab, ziddiyatli davridan hikoya qiluvchi “Anqaboy Xudoybaxtov kim edi?” kitobining ahamiyati, qimmati nimada? Avvalo, kitob Ali Oqmurodovning “Jurnalist bo‘lib tug‘ilgan, shu ulug‘ nomni pok asragan ijodkor” nomli kirish maqolasi, Anqaboy Xudoybaxtovning “Fahrisat yoxud xabar, maqola, she’r va hikoya yozish yo‘llari” nomli risolasi hamda “Shodmon” pesasi, shuning­dek, SSSR jurnalistlar soyuzining a’zosi, keyinchalik O‘zbekiston xalq shoiri Normurod Narzullayev va Samarqand davlat pedagogika instituti o‘qituvchisi, keyinchalik filologiya fanlari doktori, professor Inoyatullo Suvonqulov hammuallifligida “Lenin yo‘li” gazetasining 1968 yil 30 mart sonida e’lon qilingan “O‘tkir qalam sohibi edi” sarlavhali yakunlovchi maqoladan iborat ekaniga e’tibor qarataylik.

Kitobga kiritilgan tadqiqotchi Ali Oqmurodovning “Jurnalist bo‘lib tug‘ilgan, shu ulug‘ nomni pok asragan ijodkor”  maqolasida A.Xudoybaxtovning hayoti, ijodi va mehnat faoliyati haqida keng ma’lumot berilgan. Maqola muallifi bu borada ko‘p yillar mobaynida keng miqyosda tadqiqot ishlarini olib borgani ko‘zga yaqqol tashlanadi. U mavzu doirasida faktlar, sanalarni hujjatlar, ayrim kishilarning guvohliklari va hayotiy dalillar asosida sinchiklab o‘rgangan. Shu o‘rganish va tahlillar asosida muhim xulosalar chiqargan. Bu dalil va xulosalar A.Xudoybaxtovning keng faoliyati bilan yaqindan tanishishni istaganlar, kelgusida mavzuni yanada chuqur va atroflicha o‘rganishni maqsad qilganlar uchun g‘oyat muhim manba bo‘lib xizmat qilishi shubhasiz.

Anqaboy Xudoybaxtovning “Fahrisat yoxud xabar, maqola, she’r va hikoya yozish yo‘llari” ayniqsa, o‘z paytida alohida muhim ilmiy-ommabop risola bo‘lganiga shubha yo‘q. 1926 yilda kitobga bitilgan “Bosh so‘z”ida ma’rifatparvar shoir Botu shunday yozadi: “Yozuvchilik dunyosig‘a qadam qo‘ya boshlag‘anlarg‘a yo‘l-yo‘riq ko‘rsatadurgan, …yozish qoidalarini o‘rgatadurgan adabiyotning bizda butunlay yo‘qligi yosh yozuvchilarimizning o‘sishiga juda mone’. Mana bu to‘siqni yo‘ldan olib tashlashqa qud­ratli azamatlar shu vaqtgacha maydong‘a chiqqonlari yo‘q. Shuning uchun matbuotimiz baytlarida bir to‘da kamchiliklar ko‘rinib turadir… Bunday kamchiliklardan qutulish hamda yosh yozuvchi va muxbirlarimizni bu kasaldan saqlash kerak”.

“Bu kasaldan saqlash uchun yozilgan” risola to‘rt bo‘limdan iborat. Birinchi bo‘limda adabiyot va matbuot to‘g‘risida umumiy ma’lumotlar taqdim qilingan bo‘lsa, ikkinchi  bo‘lim – maqola,  uchinchi bo‘lim – she’r, to‘rtinchi bo‘lim – hikoya yozish sirlaridan saboq beradi. Bo‘limlar tizimli ravishda zarur qism-mavzularga bo‘lingan. Muallif mavzularga doir qarashlari va kuzatishlarini izchil bayon etgan. Kezi kelganda, asar  kompozitsiyasi pishiq-puxta ekanini aytish lozim. Asarning bu jihati, ilmiy xususiyati muallif yetarli darajada ilmiy fikr yuritish malakasiga, ilmiy tafakkurga, yuqori ilmiy salohiyat va amaliy tajribaga ega bo‘lganidan belgi beradi.

Asosan, vaqtli matbuot uchun materiallar tayyorlashga bag‘ishlangan ikkinchi bo‘limda “Matbuot o‘zi nima? Xabar yoki maqola qanday yoziladi? Sarlavha qanday qo‘yiladi? Feleton nima? Gazeta va jurnalning farqlari” kabi savollarga nazariy javob berilgan va muhim amaliy xulosalar chiqarilgan. Muallifning matbuot sohasidagi mavjud holatga tayanib mulohaza yuritishicha, nashrlar sahifalaridan rasmiy, umumiy muhokamalar ruhidagi materiallar, anglashilishi mushkul bo‘lgan shiorlar kamroq, odamlarning kundalik hayoti, tashvishlari aks etgan materiallar esa ko‘proq o‘rin olishi kerak.

Uchinchi bo‘lim she’r yozish tartib-qoidalariga bag‘ishlangan. “She’r. She’r yozish yo‘llari. Sochma she’r. Barmoq vazni. Adabiy oqimlar”, xususan, romantizm, realizm, futurizm va bosh­­qa keng mavzularda kuzatishlar va fikr­-mulohazalar bugungi o‘quvchini ham, albatta, qiziqtiradi. Futurizm oqimi va aqidalariga yosh shoir Oltoy she’rlaridan misollar keltirilgan. “Barmoq vazni bizning o‘zbeklar uchun milliy vazndir. Buning asosi – so‘z bo‘g‘imlarining sanog‘idir”, deb yozar ekan, A.Xudoybaxtov ko‘z o‘ngimizda zukko adabiyotshunos sifatida namoyon bo‘ladi. U “Shoir bo‘lishg‘a urinuvchilar”ga shunday maslahat va yo‘l-yo‘riqlar beradi: “…birinchidan, o‘zlarida shoirliqqa bir daraja iqtidor sezsinlar; ikkinchidan, o‘zlarida bo‘lg‘on iqtidorliqni kengaytirishga va chuqurlashqa tirishsinlar; uchinchidan, o‘z ona tilida bo‘lg‘on adabiyotlar bilan yaxshi oshno bo‘lsinlar; to‘rtinchidan, boshqa tajribalik va usto shoirlarning yozg‘onlaridan o‘rnak olsinlar; beshinchidan, o‘zlarining bir masala to‘g‘risida olg‘on mavzularini o‘zlariga barqaror qilib, yozadirg‘on fikrlarini… istasalar she’r, istasalar tizma, istasalar sochma tariqasida yoza beradirlar”.

U shoir xayoliy fikrlarga berilmasdan, yo‘q narsalar yoki o‘ta xususiy tuyg‘ularni qog‘ozga tushiravermasdan, hayotning, xalqning ichiga kirishni, “turmushga to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘lanish”ni, adabiyotga mavzu beradigan davrning dolzarb voqealariga hozirjavob bo‘lishni, el-yurt manfaatini yuqori tutishni maslahat beradi.

“Hikoya yozish yo‘llari”, “Hikoya yozishda muhim nuqtalar”, “Hikoya qisqa bo‘lishi kerak”, “So‘z o‘xshatishlari”, “Kishilarning ismlari qanday bo‘ladir?”, “Hikoya yozish texnikasi”, “Hikoyaga sarlavha qo‘yish” singari mavzular nasrning eng ommabop janri bo‘lgan hikoya yozishni o‘rgatadigan to‘rtinchi bo‘limdagi qismlarning nomlanishidir. “Hikoya o‘zining yozilishig‘a qarab to‘rt turkumga bo‘linadir. Birinchi, hozirgi zamon hikoyasi, ya’ni hozirg‘i kun ko‘rishimizda bo‘lib turg‘on voqea va hodisalarni qissa qilib beradir; ikkinchi, o‘tgan zamon hikoyasi. Bu ma’lum odam bolalarining boshlaridan kechirgan hollarini qissa qilib yozadir; uchinchi, kelgusi zamon haqida – kelgusi zamonda qanday kun ko‘rish, qanday texnikaga ega bo‘lish va nimalar qilish to‘g‘risida yozadilar. To‘rtinchi, xayoliy hikoya. Bu turli hikoyada yozuvchi bo‘lish mumkin bo‘lmag‘on vo­qealarni olib, o‘zlarining fikr va xayollarig‘a kelgan narsalarni yozadirlar. Bu turli hikoya yozishga xayoliy hikoya deyiladir”.

Anqaboy hikoyaning qisqasi soz deydi: “Kichkina hikoyani yozish katta hikoyani yozishdan qiyindir. Agar yozuvchi bugun hikoyasini yozib, uni bir necha kun yotqizib, so‘ngra tog‘in o‘qib chiqsa, yana ortiqcha joylarini olib tashlab, keraklik yerlariga qo‘shish mumkin bo‘ladir… Hikoyani yozib bo‘lg‘ondan keyin qancha ko‘p o‘qib chiqilsa, shuncha yaxshilana boradir. Bu narsaga, albatta, yangi yoza boshlag‘on yoshlar amal qilishlari kerak”.

Yana bir qiziq jihati, Anqaboy asarda qahramon va personajlarning ism-nomlari ularning asardagi vazifasi, hayotiga mos bo‘lishi kerakligini ta’kidlaydi. Masalan, dehqonlar uchun Boltaboy, Toshmat, Pirmat, Ergash, dehqon xotin-qizlar uchun Qunduz, Mas­tura, Gulnur, Yaxshigul; savdogarlar uchun Abdulloh, Haydar, Mahmud, Akram, savdogar xotin-qizlar uchun Rohatoy, Tojixon, Sumbuloy; mulla va eshonlar uchun Umirxon maxzum, Abbosxon to‘ra, mulla Ochilxon, Sayidniyoz hoji, “mulla, eshon xotin-qizlar” uchun Zulayho, Karomatoy kabi ismlarni maqbul sanaydi. Bu ismlar qahramonlarning hayotiyligini oshiradi, deb hisoblaydi. Bu Abdulla Qodiriy, Abdulla Qahhor, Shukur Xolmirzayev kabi adib­lar tajribasini yodga soladi. Yana u hikoya eng qiziq joydan boshlanishi kerak, aks holda, o‘quvchi diqqatini tutib turolmaydi, degan fikrda bo‘lgan.

Ahamiyatli tomoni shundaki, asar bugungi kunda ham dolzarbligi, ahamiyatini yo‘qotmagan. Anqaboyning fikricha, muzeyga kirgan zargar noyob tojni ko‘rganda unga qancha oltin ishlatilganini, savdogar u qancha pul bo‘lishini, boy xotin tojdan qancha zeb-ziynat olinishini, jamoat xodimi  toj uchun xalqdan qancha soliq undirilganini, rassom bu nodir buyumga  chiziqlar qanday tortilganini ko‘radi. Yozuvchi tojni ko‘rganda ana shunday mulohazalarning barchasi birdan xayolidan o‘tishi kerak.

Bu – Anqaboyning xulosasi.

Uning til masalasida yosh ijodkorlarga o‘giti bugun ham dolzarb: “…hozirg‘i kun yozuvchilarimizda shunday bir yomon odat borki, o‘zlarining yozuvlarida arabcha, forscha va ruscha so‘zlarni juda ko‘p ishlatadirlar. Ana shu ishlatiladirg‘on so‘zlarning qarshisida ko‘bincha o‘zbekcha so‘zlar topiladir… O‘zbekchasini topish uchun bir oz mehnat qilib izlashni o‘zlariga katta og‘ir ish biladirlar… Eski yozuvchilar sof o‘zbekcha yozishga tirishsalar, yosh yozuvchilar bunday kasallikdan o‘zlarini olib qochsinlar… Yangidan yozuv ishiga berilib bormoqda bo‘lg‘on yoshlar… mamlakatning ko‘bchiligi tushunadurg‘on so‘zlarni olsinlar… Har bir yozuvchi hammadan burun xalq ko‘b ishlatadirg‘on so‘zlarni ishlatishga tirishishi lozimdir…”. Bunday hayotiy xulosa va nazariy mulohazalar asarning ilmiy xususiyatini, amaliy va ommaboplik ahamiyatini oshirgan.

Mazkur to‘plamdan Anqaboy Xudoybaxtovning “Shodmon” pesasi ham o‘rin olgan. Qayd etilishicha, mazkur pesa 1933 yildan 1937 yilgacha, Respublika san’at boshqarmasining “millatchilik ommalashtirilgan” degan aybnomasi bilan sahnadan olib tashlangunga qadar Hamza nomidagi o‘zbek akademik drama teatrida muntazam namoyish etilgan, adabiy jamoatchilik uni yuqori baholagan. Teatr muxlislari spektaklni har gal qizg‘in olqishlashgan.

Asar voqealari xalqimiz tarixining suronli va fojiali davrini qamrab olgan. Bu to‘g‘rida asar nomidan keyin “Turkistonda 1916 yil voqealaridan bir parcha” deb yozilgan izoh ham ravshan ma’lumot beradi. Pesa asosiy to‘qqiz ko‘rinish hamda ikkita “ayrim ko‘rinish”dan iborat.

Asarda XX asr boshlarida chor Rossiyasi, oq poshshoning mustamlaka Turkistonda yuritgan mudhish zulmga asoslangan siyosati oddiy odamlarni, dehqon va kosiblarni, hunarmand va ustalarni, mahalliy ziyolilarni xonavayron qilgani, ularning so‘nggi burda nonini og‘zidan tortib olgani, adolat, tenglik va erk talab qilganlarga ayovsiz tazyiq o‘tkazib, ularni shafqatsiz jazolagani bor manzarasi bilan ochib berilgan. Pesa voqealariga ko‘ra, bu borada qonxo‘r bosqinchilarga kaltabin mahalliy boy, zodagonlar va tub yerli xudbin va manfaatparast ma’muriyatchilar yo‘l-ko‘cha ko‘rsatib, “beminnat” yordam beradi. Ikki tomonlama – mahalliy va chor Rossiyasi ma’muriyati tomonidan ezilgan, talangan xalq yigitlarni oq poshsho uchun mardikorlikka olish chog‘ida oyoqqa qalqadi. Yozuvchi asar bosh qahramoni Shodmon timsolida o‘zbek xalqining zulm va istibdodga qarshi kurashini haqqoniy tasvirlaydi.

Asarda yozuvchining tasvir mahorati yaqqol ko‘ringan o‘rinlar bisyor:  Qishloqlarda odamlar yigitlarni mardikorlikka, urushga olishga qarshi qo‘zg‘olib, kambag‘al-bechoralarning ot, molini tortib olayotgan uyezd mahkamasi va mahalliy boshqaruv idoralari vakillari hamda boylardan qasos, o‘ch oladilar. Adib harakatdagi personajlar xarakterini yaratishda mahorat ko‘rsatadi. Uyezd hokimining mahkamasi oldiga kelgan oddiy odamlar – dehqonlarning xatti-harakatini, katta harakatlar, o‘zgarishlar oldida ikkilanishlari va ishonchsizliklarini ishonarli tarzda tasvirlaydi: “Dehqonlar bir-birlarini turtishib, sen gapir, deyishadi, Pirmat va O‘roqlar Qo‘ldosh otani oldinga suradilar. Qo‘ldosh ota bo‘lsa, Shomurodni pesh qiladi”. Anqaboy bir o‘rinda yo‘lda borayotgan kishilarning holatini adib qalami bilan shunday chizadi: “Mardikorlar… ba’zilari yangi etik va mahsilarini egnilariga solib olganlar” deb tasvirlaydi.

Asarning 7-ko‘rinishida 1- va 2-ofitserlar dialogida o‘sha davrda badiiy asarlardan o‘rin olayotgan realizmga xos bo‘lgan naturalis­tik tasvir bo‘yoqlari ko‘rinadi:

“1-ofitser: Bizga boylar bir qo‘zg‘olonchining uyini ko‘rsatdi, borsak, yoshgina kelinchak bolasini beshikda emizib o‘ltirgan ekan. Uning ko‘kragidan urdim. Yordamchiga bolani joyla degan edim, bolani beshik bilan nayza uchiga ildirib chiqdi (kulgi).

2-ofitser: …bir qizning boshini ot choptirgancha g‘irtta uzdim, boshi osmonga ko‘tarildi”. Adib mahorati shunda ko‘rinadiki, u bosqinchilarning yovuzligi, shafqatsizligini o‘zlarining so‘zlari orqali fosh etmoqda.

Takror bo‘lsa-da, aytishga to‘g‘ri keladi, pesada shunday o‘rinlar borligi, ayrim asarlarda atayin, zo‘rma-zo‘raki tarzda aks ettirilganidek, “qoloq xalqqa to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatgan buyuk og‘alarning ilg‘or proletar-ishchi sinfi vakili” yo‘qligi uchun bo‘lsa kerak, u 1937 yilda “millatchilik ommalashtirilgan” degan ayb bilan sahnadan olib tashlangan.

Adolat yuzasidan aytish lozim, mazkur kitobga kiritilgan ushbu pesa va “Fahrisat…” asarida mavjud ijtimoiy-siyosiy tuzum mafkurasi, quyuq bo‘yoqlarda bo‘lmasa-da, aks etgan o‘rinlar yo‘q emas.

Kitobni varaqlab, bir mulohaza paydo bo‘ldi. To‘plamdan Anqaboy Xudoybaxtovning ikki asari – “Fahrisat…” va “Shodmon” pesasi, shuningdek, Ali Oqmurodovning “Jurnalist bo‘lib tug‘ilgan, shu ulug‘ nomni pok asragan ijodkor” sarlavhali kirish maqolasi hamda to‘plamni yakunlovchi “O‘tkir qalam sohibi edi” nomli maqola, ya’ni ikki asar va ikki maqola o‘rin olgan. “Nashrga tayyorlovchi mas’ul muharrir Akrom Haydarov” deb ko‘rsatilgan. Shunday bo‘lgach, kitob muallifi sifatida Anqaboy Xudoybaxtovning nomi yozilsa va kitobga boshqa nom qo‘yilsa, maqsadga muvofiq bo‘lar edi.

2021 yil, oktyabr. Prezident Shavkat Mirziyoyev yangi usuldagi maktablarni ochib, yosh avlodni ma’rifatli qilishga intilgan jizzaxlik jadidlar haqida gapirar ekan, Nuriddin Muxtorxo‘ja, Husan domla, Ochil qori, Mulla Egamberdi, Toshpo‘lat domla singari ziyoli insonlar qatorida iste’dodli adib Anqaboy Xudoybaxtovning nomini ham tilga olgan, uning  matbuot, adabiyotshunoslik va dramaturgiya sohalarida salmoqli ishlarni amalga oshirganini e’tirof etgan, jizzaxlik olimlar, ijodkor ziyolilar, jurnalistlar, jamoatchilik vakillari vohada yashab o‘tgan ulug‘ allomalarning bebaho merosini har tomonlama chuqur o‘rganish, ilmiy tadqiqotlar, kitob va risolalar yaratish hamda keng targ‘ib etish bo‘yicha jiddiy sa’y-harakatlarni boshlasalar, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanini bildirgan edi. Shunisi quvonchliki, mazkur kitob bu boradagi amaliy ishlarning munosib va arzirli namunasidir.

Qalb va qalam – juft qanot. Anqaboy Xudoybaxtov hayoti va ijodini o‘rganib, qalam – qalb tarjimoni, qalb va qalam ijodkorning ikki qanoti  ekaniga ishonch hosil qilasiz. Shu ikki qanoti tufayli Anqaboy ijod osmonida yuksak parvoz qilayotgan edi. Afsuski, istibdod davri, zulm mamlakatining ezgulikka, oddiy insoniy baxtga qarshi otilgan yovuz o‘qi bu yuksak parvozga qarata otilgan edi.

Salim AShUR,

O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist.

Hurriyat» gazetasi, 2023 yil, 4 oktyabr, 38-son)