Baxtli bolalik indeksi: Tahlil va taqqos asl holatni aks ettiradi

Bolaligimizda tuman markaziga yo‘limiz tushsa, bir manzil rosa o‘ziga chorlar edi. Alvon lentalar osilgan, ko‘m-ko‘k hovuzlar va ayvonlari bezatilgan, o‘yinchoqlari ko‘p ko‘rkam maskan.
Unda doim menga tengdosh bolalar gavjum bo‘lar, men esa shodon o‘ynab yurgan tengdoshlarim bilan o‘z sharoitimizni taqqoslar, ular bilan hayotiy tafovutimizni chamalar edim. O‘sha maskan, ya’ni bolalar bog‘chasi menga va qishloqdagi tengqurlarimga allaqanday sirli va orzuli bo‘lib tuyular edi. Sababi, o‘shanda bu kabi baxtli bolalar maskanlari, maktabgacha ta’lim dargohlari yetishmas, oqibatda qishloqlardagi ko‘pchilik bolalar ushbu tizimdan bebahra qolar, bu esa ijtimoiy tengsizlikni yuzaga keltirar edi.
Yosh bolani butun hayoti davomida o‘rganish va ta’lim olish qobiliyati bilan ta’minlanishda uzluksiz ta’lim - ijodiy, ijtimoiy faol va ma’naviy jihatdan boy shaxslarni shakllantirishda muhim o‘rin egallaydi. Ilmiy tadqiqotlar inson hayotidagi axborot va ma’lumotlarning qariyb 70 foizini 5 yoshgacha bo‘lgan davrda egallashini tasdiqlagan bo‘lib, bu maktabgacha ta’limni uzluksiz ta’lim tizimining asosiy bo‘g‘ini sifatida belgilaydi.
Bilimsevarlikka poydevor qo‘yishda maktabgacha ta’lim juda muhimligi shu yil 15 may kuni maktab ta’limi tizimidagi islohotlar samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ham alohida ta’kidlandi. Ayni paytda yurtimizda davlatga tegishli 7 mingta va xususiy 31 mingdan ziyod bog‘cha faoliyat yuritayotgani, olti yoshli bolalarning 96 foizi maktabga tayyorlov guruhlariga qamrab olingani va keyingi yili bu ko‘rsatkich 100 foizga chiqishi qayd etildi. Endi ilg‘or xorijiy tajriba asosida maktabga tayyorlov guruhlari va boshlang‘ich ta’lim o‘quv dasturlari o‘zaro uyg‘unlashadi. Buning uchun bog‘cha bolalarini matematika, tabiiy fanlar va texnologiya yo‘nalishlarida tanqidiy va kreativ fikrlashga o‘rgatadigan dasturlar ishlab chiqiladi. Shuningdek, bog‘cha tarbiyachilarining malakasi, mahorati va psixologik tayyorgarligini oshirish uchun kasbiy sertifikatlash tizimi joriy etiladi.
Qishloq bolalari uchun orzu bo‘lgan maktabgacha ta’lim tizimi qamrovi sustligi sabab bu bosqichdagi bilimlardan ko‘p bolalar bebahra qolar edi. Ammo keyingi yillarda maktabgacha ta’limni an’anaviy shaklda ham, yangi innovatsion usullarda ham rivojlantirish davlat siyosatidagi ustuvor vazifalardan biriga aylandi.
Birgina viloyatimiz misolida oladigan bo‘lsak, bugun maktabgacha ta’lim taraqqiyotini qaysi mezonlarda ko‘rish mumkin? Bu savolga javobni quyidagi hayotiy misollar orqali topsak bo‘ladi: Samarqand viloyatida maktabgacha ta’lim yoshidagi bolalarning maktabgacha ta’lim bilan qamrov darajasi 2017 yilga nisbatan 2,5 barobarga o‘sib, ya’ni 74,3 foizga yetkazilgani fikrimizning birinchi tasdig‘i. Yana bir muhim ma’lumot, sohada nodavlat sektorning ulushi 2017 yilda 1 foiz bo‘lgani holda, ayni paytda bu ko‘rsatkich qariyb 44,8 foizni tashkil qilmoqda. Bu esa hududlarda maktabgacha ta’lim qamrovini yanada oshirish imkonini bermoqda.
Mamlakatimizda har bir soha va tarmoqda ijtimoiy himoya balansini shakllantirish yaxshi an’anaga aylangan. Ta’lim tizimida ham shunday. O‘tgan davr mobaynida viloyatda ta’limning muqobil shakllaridan biri – 1 ming 406 ta majburiy (bepul) bir yillik maktab ta’limiga tayyorlov guruhlariga 32 mingdan ortiq 6 yoshli bola jalb qilinib, qamrov 40 foizdan 95 foizga yetkazildi.
Bolalarning ilk rivojlanishiga xizmat qiladigan maktabgacha ta’limning muqobil shakllarini yanada kengaytirish maqsadida bog‘cha yoshidagilar qamrov darajasi past bo‘lgan viloyat markazidan olis va chekka Nurobod, Qo‘shrabot, Bulung‘ur, Kattaqo‘rg‘on, Past Darg‘om va Urgut tumanlarida “Aqlvoy” loyihasi doirasida 7 ta “Isuzu” rusumli avtobus negizida 40 ta mobil guruhlariga 600 dan ziyod bolalar maktabgacha ta’limga qamrab olindi. Shu bilan birga, bir oiladan 2 va undan ortiq bolalar qatnagan holda 30 foizgacha imtiyozlar berilganini xalqimiz katta xursandchilik bilan qabul qildi.
Shuningdek, kam ta’minlangan, ijtimoiy ko‘makka muhtoj oila farzandlari hamda imkoniyati cheklangan bolalar uchun Toyloq pedagogika kolleji negizida “Ilk rivojlantirish markazi” tashkil etilib, uyda maktabgacha ta’lim berish modeli joriy etildi. Viloyat bo‘yicha “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan kam ta’minlangan ehtiyojmand oila vakillarining 5 ming 271 nafar farzandlari ota-onalarning oylik badal to‘lovidan ozod qilingan.
Shu orqali yashash hududidan, turmush sharoitidan qat’iy nazar har bir bolaga maktabgacha ta’lim qamrovida, zamonaviy muhitda ulg‘ayish imkonini taqdim etmoqda. Bu jarayonda bolajonlarga yangi turdagi bog‘chalarda ularning yoshiga mos jihozlar, o‘yin va dam olish burchaklari, ochiq sport maydonchalari tashkil etilmoqda. Bu esa bolaning faolligi, ijodiy qobiliyati va ijtimoiy ko‘nikmalarini rivojlantirishga xizmat qilmoqda. Yana bir muhim omil, muassasalarda faoliyat olib borayotgan pedagog kadrlarning malakasi muntazam oshirilib, ular zamonaviy pedagogik usullardan foydalangan holda ta’lim-tarbiya jarayonini samarali yo‘lga qo‘yilmoqda. Shu bilan birga, ta’lim jarayonida ota-onalar bilan yaqin hamkorlik o‘rnatilgan bo‘lib, bolaning rivojlanishida oila bilan muassasa o‘rtasidagi hamjihatlik yaratildi.
Xulosa qilib aytganda, bu kabi chora-tadbirlar bolalar uchun qulay, xavfsiz va rag‘batlantiruvchi muhit yaratib, kelajak avlodning har tomonlama barkamol bo‘lib ulg‘ayishiga zamin yaratmoqda. Bu esa Yangi O‘zbekistondagi baxtli bolalik indeksi — ta’lim va tarbiya mezonlarida aks etib, jamiyatimizning yuksak insoniy qadriyatlarga sodiq ekanini namoyon etib boraveradi.
Shuhrat Normurodov.